Jamiyat | 21:14 / 22.06.2022
24483
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qoida buzgan haydovchining ayoli erining mashinasini evakuatorga ortishlariga monelik qildi

Yo‘l patrul xizmati xodimi talabiga ko‘ra, avtomobil boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etmaslik - albatta ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida o‘z farzandlari bilan 6 soat mobaynida mashinasi eshigini berkitib, YPX xodimlariga hujjat taqdim etmagan ayol haqida hikoya qilgan edik.

Past Darg‘om tumanida ham shunga o‘xshash voqea ro‘y berdi. 4R46 Samarqand–Kattaqo‘rg‘on yo‘lining Past Darg‘om tumani Qarag‘anda mahallasi hududidan o‘tuvchi 16-kilometrida to‘xtatilgan «Cobalt» rusumli avtomobil haydovchisi YPX inspektorining avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjat taqdim etish talabini bajarmagan.

«Haydovchi mashinani boshqarib kelayotib, qoidabuzarlik sodir etdi. U yo‘ldagi uzluksiz sidirg‘a chiziqni bosib, avtomashinani quvib o‘tdi. Jyezl yordamida to‘xtatganimda to‘xtatdi. O‘zimni tanishtirib, avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishni so‘raganimda, o‘zimdan hujjat talab qildi. Ko‘rsatdim. Keyin «qoidabuzarligimni bodikamerangizdan ko‘rsatib bering», deb talab qildi. Unga qoidabuzarligi vizual kuzatuv yordamida aniqlangani, bodikamera esa faqat haydovchi va YPX xodimining muloqotini yozib olishini tushuntirdim. Keyin dislokatsiya xaritasidan ko‘chirma talab qildi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, haydovchiga dislokatsiya xaritasi taqdim etilmasligini tushuntirdim», — dedi haydovchini to‘xtatgan YPX safdori Oybek Ergashev.

YPX safdori Oybek Ergashev

YPX xodimiga ko‘ra, haydovchi avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini 40 daqiqa davomida taqdim etmagan. Shundan so‘ng xolislar ishtirokida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Haydovchi bayonnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortgan.

Mashinani jarima maydonchasiga olib ketish uchun evakuator chaqirilganda, haydovchi o‘z rafiqasini avtomashinani evakuatorga yuklashga monelik qilish uchun avtomashinaning orqa qismiga turg‘izib qo‘ygan.

Haydovchiga mikrofon tutganimizda u o‘zini tanishtirmadi, matbuot xodimlariga intervyu berishni istamadi. Prezident portaliga og‘zaki murojaat qilishini bildirdi. Voqealarning yana bir guvohi, uning rafiqasi YPX inspektori qo‘pol muomalada bo‘lgani, hujjatlar taqdim etilganida olmaganini aytdi. Bularning barchasini videos’yomka qilganini, biroq tortishuvda telefonining ekrani singani va hozircha taqdim qila olmasligini bildirdi.

Qariyb ikki soat davom etgan tortishuv baribir avtomobilning jarima maydonchasiga qo‘yilishi, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi bilan tugadi.

Bu masalada eng qiziq jihati — haydovchi to‘xtatilgan zahoti avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etganida, onlayn bayonnoma rasmiylashtirilardi. Qilgan qoidabuzarligi 0,5 BHM — 150 ming so‘mni tashkil etar va uni 15 kun ichida to‘lasa, 30 foizli chegirma bilan 105 ming so‘m to‘lar edi. Endi u o‘zining haqligini sud orqali isbotlay olmasa, ko‘proq jarimaga tortilishi mumkin.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid