15:00 / 07.10.2023
23652

Rossiyaliklar ham shengen viza bilan boradigan Rossiya

Dunyo xaritasining Yevropa hududida ham kichik Rossiya bor – Kaliningrad. Albatta, bu viloyat ko‘pchilikka ma’lum. Lekin uning Rossiya tarkibiga kirishida o‘zbeklarning ham hissasi borligi hamda uning bugungi O‘zbekistondagi hududiy bo‘linishga o‘xshash tomonlari haqidagi ma’lumotlar barcha uchun birdek foydali bo‘lishi tabiiy. Kun.uz o‘tmishning qiziq xotiralari haqida hikoya qiladi.

700 yoshli tarixiy shahar

Kyonigsberg. Germaniya sharqidagi tarixiy va go‘zal shahar. 20-asrga qadar, o‘zining 700 yillik tarixi mobaynida bir necha shaharlarni o‘z nomi ostida birlashtirgan Sharqiy Prussiyaning poytaxti Kyonigsbergda bir shahar uchun kerak bo‘lgan barcha infratuzilma yildan yilga yaxshilanib borishi ortidan aholisi soni ko‘payib hatto Germaniyadagi eng birinchi, dunyodagi ilk aeroportlardan biri ham shu yerda qurilgan edi.

“Qasos” opreatsiyasi

Ammo 2-jahon urushi davriga kelib, Kyonigsberg ham muxoraba o‘choqlaridan biriga aylandi. 1944 yil 27-30 avgust kunlari Britaniya harbiy havo kuchlari tomonidan shaharning ommaviy bombardimon qilinishi ortidan ho‘l ham, quruq ham birdek yondi. SSSR ittifoqdoshlaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Hitler armiyasiga qarshi uyushtirgan ushbu “Qasos” operatsiyasida Kyonigsbergning tinch aholisi ustiga “bombalar yomg‘iri” yog‘dirildi. Natijada urushdan oldingi 370 minglik shahar aholisidan besh mingga yaqini halok bo‘lib, 200 ming kishi boshpanasiz qoldi. 7 asrlik go‘zal shahar vayron bo‘ldi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Britaniya bombardimonlari Kyonigsbergdagi sanoat obektlarining 20 foizini va aholi uylarining 41 foizini vayronaga aylantirgan.

“Sharqiy Prussiya” operatsiyasi

Bu hali hammasi emasdi. Oradan bir yil o‘tar o‘tmas, 1945 yilning 6 aprelida “Sharqiy Prussiya” operatsiyasiga kirishgan sovet qo‘shinlari fashistlar armiyasiga qarshi hujum uyushtiradi. 3 kunda qo‘lga olingan Kyonigsberg muxorabasida ruslar, ukrainlar va kavkazlik jangchilar qatorida Markaziy Osiyolik askarlar ham bor edi.

Xorazm o‘g‘lonining jasorati

Xorazmlik 20 yoshli serjant Satimbek bo‘lim komandiri sifatida jangga kirishdi. 1945 yil 7 aprelda Kyonigsberg hujum guruhida u qo‘l ostidagi to‘rt nafar sapyor bilan dushmanning artilleriya pozitsiyalarini chetlab o‘tib, qo‘mondonning ishorasiga binoan dushman qurollari tomon yugurdi.

Satimbek Nurmetov

Artilleriyachilarni boshqargan ofitserni qo‘l jangida kurashib tinchitdi hamda 5 kishilik kichik guruh yigirma besh natsistni asirga oldi. Bularni ko‘rib turgan ko‘p sonli snaryadlar bilan mukammal xizmat ko‘rsatadigan nemis askarlari qurollarini tashlab, vahima ichida qochib ketishdi.

Ammo biroz vaqt o‘tgach, dushman tashlab ketilgan qurollarni qaytarib olish uchun shiddatli qarshi hujumga o‘tdi. Sapyorlar jasorat va qat’iyat bilan o‘zlarini himoya qildi. Patronlar tugagach, Satimbek askarlariga nemislar tashlab ketgan qurollardan foydalanishni buyurdi. Keskin qarshilik natijasida fashistlarning barcha qarshi hujumlari qaytarildi va yordamchi bo‘linmalar yetib kelguniga qadar otishma pozitsiyalari ushlab turildi.

Satimbek Nurmetov. 1925 yil 15 iyunda Xorazm viloyatining Xiva shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Sovet armiyasiga 1943 yilda 18 yoshidan qo‘shilgan. Kyonigsberdagi misli ko‘rilmagan jasorati uchun 1945 yil 19 aprelda SSSR qahramoni unvoni bilan mukofotlangan. Urushdan keyin O‘zbekistonga qaytib kelgach, Urganch shahrida yashagan. Urganchda sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish tadbirkorligi bilan shug‘ullangan. Qahramon 1994 yilning 4 avgustida, 69 yoshida vafot etgan.

Satimbek Nurmetov Kyonigsberg jangidagi yagona o‘zbek bo‘lmagan. Buni mazkur 3 kunlik jang haqidagi hujjatli filmlar ostida qoldirilgan jonli izohlardan ham bilish qiyin emas.

Kyonigsbergdan Kaliningradga

1945 yil 10 aprel kuni Qahrabo muzeyi joylashgan Der Dona minorasi ustida Sovet bayrog‘i ko‘tarildi. Bu esa shaharda Germaniya tarixining tugashini anglatar edi. O‘sha yili Potsdam konferensiyasi qarori asosida Kyonigsberg hududining shimoliy qismi bilan birga sobiq SSSR tarkibiga o‘tkazilgan. Keyinchalik, chegara shartnomalari imzolanganda shahar sobiq ittifoqning mulki sifatida to‘liq tan olinib, chegaralarning daxlsizligi Moskva shartnomasi bilan tasdiqlandi.

Shu bilan Sharqiy Prussiyaning boy berilgan poytaxti 1946 yil 4 iyulgacha Kyonigsberg deb atalib, 1946 yildan shahar Boltiq deb nomlanishi kerak edi. Ammo sovet partiya va davlat arbobi M.I.Kalinin vafoti munosabati bilan uning xotirasiga Kaliningrad nomini oldi.

Endi urushdan orttirilgan shaharni qayta tiklash masalasi turardi. 1948 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, Kaliningradda atigi 7,2 foiz ko‘p qavatli binolar saqlanib qolgan. Lekin kottejlarning 59 foizi va ikki qavatli binolarning 68 foiziga ziyon yetmagan. Huvillab qolgan shaharga to‘ldirish va qayta qurish uchun asosan ruslar va ukrainlar ko‘chiriladi.

Yevropadagi bir parcha

90-yillarga kelib, sobiq ittifoqining parchalanishi ortidan Litvaning ham ozodlikka erishishi unga chegaradosh bo‘lgan Kaliningradning yangi Rossiya hududidan tashqarida qolib ketgan yarim eksklavga aylanishiga sabab bo‘ldi.

Bu hali hammasi emasdi. 2004 yil may oyida Polsha va Litva Yevropa Ittifoqiga qo‘shilganidan so‘ng Kaliningrad viloyati aholisi chegaralarni kesib o‘tish va Rossiyaning qolgan hududlariga sayohat qilishda qiyinchiliklarga duch kela boshladi. Rossiyaliklar endi quruqlik orqali mintaqaga chiqish uchun Yevropa Ittifoqi chegaralarini xorijga chiqish pasporti bilan ikki marta kesib o‘tishga majbur bo‘lib qoldi.

O‘xshash taqdirlar

Kutilmaganda sharqdan Litva va Polsha bilan chegaradosh, g‘arbdan Boltiq dengiziga yondosh bo‘lib qolgan Kaliningradning keyingi taqdiri esa O‘zbekistonning Shohimardon, So‘x tumanlari yoki Ozarboyjonning Noxchivoniga deyarli o‘xshab qolib, mamlakat sarhadlaridan tashqarida qolib ketdi. Bulardan ham qiyini Yevroittifoqni kesib o‘tish uchun rossiyaliklarga Shengen vizasi kerak bo‘ladi. Viza esa hammaga ham berilavermaydi.

Ayniqsa, pandemiya sharoitida chegaralarning yopilgani, undan keyin Rossiyaning Ukrainaga hujumi sabab qo‘llangan sanksiyalar fonida yarim millionli kaliningradliklar quruqlik orqali “Rossiyadan Rossiyaga” yetib olishda juda katta muammolar ichida qoldi.

Qiyofasini yo‘qotgan shahar

Bugungi kunda aholisi qariyb 500 ming kishini tashkil qiladigan Kaliningradga Rossiya Federatsiyasining eng g‘arbiy viloyati, Yevropadagi kichik Rossiya yoki Rossiyaning yarim eksklavi deb ta’rif berish mumkin. Bir paytlar Yevropa nafasi va arxitekturasining bir bo‘lagi bo‘lgan tarixiy shahar Kyonigsberg 2-jahon urushidan so‘ng o‘z qiyofasini deyarli butkul yo‘qotgan. Bugungi Kaliningrad viloyati va uning ma’muriy markazi bo‘lgan Kaliningrad shahri o‘zining sovetcha arxitekturasi bilan Rossiyaning boshqa hududlaridan unchalik farq qilmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘zining toza havosi va qahrabo toshlar yurti ekani bilan mashhur bo‘lgan bu shahar Rossiyaning Sochi, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridan keyin sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan shaharlar beshligiga kiradi. 2022 yilda Kalinigradga eng ko‘pi Moskva shahri va viloyati hamda Sankt-Peterburgdan 1,8 mln sayyoh tashrif buyurgan. Shunday bo‘lsa-da, Rossiyaning mashhur blogerlari bu shaharga sayyohlik maqsadida borishni unchalik tavsiya etmaydi.

Sardorbek Usmoniy tayyorladi.

Top