17:34 / 07.06.2020
4460
Sug‘orish tarmoqlarida 40 foizga yaqin suv yo‘qotilmoqda – Suv xo‘jaligi vaziri

Farg‘ona viloyatida suv dalaga 4 soatda yetkazib beriladi. Lekin suv quvur orqali yetkazilganda 4 soat o‘rniga 4 daqiqa yetarli bo‘lgan.

Foto: O‘zA

Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev suvni dalalarga quvur orqali yetkazish bilan 40 foiz suv, 30 foiz elektr energiya iqtisod qilinishi mumkin bo‘lgani haqida gapirdi.

«Farg‘ona viloyatida 360 ming gektar sug‘oriladigan maydon mavjud bo‘lsa, vegetatsiya davrida 3 milliard 700 million kubdan ortiq suv talab qilinadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 455 million metr kub suv kamroq sarflanishi mumkin. Buning uchun suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish kerak bo‘ladi. 

Aslida, sug‘orish tarmoqlarida 40 foizga yaqin suv yo‘qotiladi. Buni kamaytirish va suv boshqarish tizimidagi muammolarni hal qilish kerak. Agar suv to‘g‘ri boshqarilsa, bu kabi muammolarga yo‘l qo‘yilmaydi», deya qayd etib o‘tdi Suv xo‘jaligi vaziri.

Vazirning ta'kidlashicha, Farg‘ona viloyatida suv dalaga 4 soatda yetkazib beriladi. Lekin suv quvur orqali yetkazilganda 4 soat o‘rniga 4 daqiqa yetarli bo‘lgan. Bu orqali 40 foiz suv, 30 foiz elektr energiya iqtisod qilinadi.

«Davlat rahbariga mazkur o‘rganishlarni taqdimot qilib ko‘rsatdik va suv tejovchi texnologiyalar uchun 50 million AQSh dollari ajratilishi belgilandi. Mablag‘ni qanday yo‘naltirish uchun alohida ishchi guruh tuzildi va qaysi hududlarda suv ta'minotiga oid muammolar ko‘pligi aniqlanib, choralar ko‘riladi», dedi Shavkat Hamroyev Xalqaro press klubning Farg‘onada o‘tkazilgan sessiyasida.  

 

Top