APLda yangi mavsum boshlanmoqda. Grandlar qanday holatda?
APL top-klublari bu yozda qanday o‘zgardi? Yangi mavsum oldidan bilish kerak bo‘lgan ma’lumotlar.
Kutilmaganda «Arsenal» hammadan ko‘ra ko‘proq sarfladi. «Chelsi»da esa muammolar.
APLning kutilgan yangi mavsumi bugun, 5 avgust kuni kechqurun boshlanadi. Mavsumning ilk turini «Kristal Pelas» va «Arsenal» o‘rtasidagi London derbisi ochib beradi. Bu yozda ham Yevropaning eng boy ligasidagi top-jamoalarda muhim o‘zgarishlar bo‘ldi, translatsiya boshlanishidan ularni ko‘zdan kechirish zarar bo‘lmaydi. Yozgi transferlar haqidagi xabarlarni diqqat bilan kuzatmaganlar uchun quyida Angliya grandlari mavsumoldi tayyorgarliklaridan keyin qanday ko‘rinish olgani ko‘rib chiqiladi.
«Manchester Siti»: bir necha asosiy tarkib futbolchilari sotildi, ammo «Oltin to‘p»ning bo‘lajak sohiblaridan biri qo‘lga kiritildi
Pep Gvardiola bu yozda «shaharliklar» boshqaruvida oltinchi mavsumini boshlamoqda, arab shayxlari uning jamoasi natijalaridan qoniqish hosil qilmoqda. Ispaniyalik mutaxassis yetakchiligida «Siti» Angliyadagi birinchi kuchga aylangan — u bilan jamoa to‘rt bor chempionlik titulini qo‘lga kiritgan. Ammo rahbariyat futboldagi global ustunlikka erishilishini ham istaydi.
Hech kimga sir emaski, «Siti» bir necha yildan beri Chempionlar ligasi kubogi ishtiyoqida yonadi, ammo har safar unga yeta olmaydi. So‘nggi mavsumlarda «shaharliklar» muvaffaqiyatga juda yaqin kelishdi: finalda o‘ynadi, ammo «Chelsi»ga yutqazdi, 2022 yilda esa 1/2 finalda «Real»ga qarshi javob o‘yini oldidan yaqqol ustunlikni boy berdi.
Yozda «Siti» atigi ikki transfer amalga oshirgan bo‘lsa ham 100 mln yevro sarfladi. Asosiy xarid — Erling Holand. 22 yoshda hujumchi o‘z vaqtida «Siti» sharafini himoya qilgan otasining izidan yurdi. U keng hududlarda o‘zini juda yaxshi his qiladi, ammo endi tig‘iz himoya o‘rtasida harakatlanishi talab etiladi. Norvegiyalikka katta umid bog‘langan, shunday ekan u mavsum boshidan gollarni qalashtirishi talab etiladi.
«Siti»dagilar shartnomalarni uzaytirish masalasini ham yoddan chiqarmadi. Faxriy darvozabon Skott Karson jamoada yana bir yilga qoldi, Riyoz Mahrez 2025 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzoladi.
Keldi:
Erling Holand (21 yosh, hujumchi) — «Borussiya» Dortmund, 60 mln yevro
Kalvin Fillips (26 yosh, yarimhimoyachi) — «Lids Yunayted», 48,75 mln yevro
Shtefan Ortega (29 yosh, darvozabon) — «Arminiya», erkin agent
Ketdi:
Rahim Sterling (27 yosh, hujumchi) — «Chelsi», 56,2 mln yevro
Gabriel Jyezus (25 yosh, hujumchi) — «Arsenal», 52,2 mln yevro
Oleksandr Zinchenko (25 yosh, himoyachi) — «Arsenal», 35 mln yevro
Pedro Porro (22 yosh, himoyachi) — «Sporting», 8,5 mln yevro
Kou Itakura (25 yosh, himoyachi) — «Borussiya» Myonhengladbah, 5 mln yevro
Aryanet Murich (23 yosh, darvozabon) — «Byornli», 3 mln yevro
Fernandino (37 yosh, yarimhimoyachi) — «Atletiko Paranaense», erkin agent
Daniel Arzani (23 yosh, hujumchi) — «Makartur», erkin agent
Ryotaro Mesino (24 yosh, hujumchi) — «Gamba Osaka», erkin agent
Yanxel Errera (24 yosh, yarimhimoyachi) — «Jirona», ijara
Zak Steffen (27 yosh, darvozabon) — «Midlsbro», ijara
Diyego Rosa (19 yosh, yarimhimoyachi) — «Vizela», ijara
«Liverpul»: Salohni saqlab qoldi va Manening o‘rnini bosish uchun pulni ayamadi
Qizillar bir necha yildan buyon Manchester jamoasi bilan raqobatlashib kelmoqda, ammo ularni faqat bir safar — 2019/20 yillar mavsumida ortda qoldirishga erishgan. Lekin Yurgen Klopp shogirdlari Chempionlar ligasida muvaffaqiyat qozonishga ulgurdi: besh yil ichida uch bor finalga chiqdi va oltinchi bor bosh kubokni qo‘lga kiritdi.
«Liverpul» so‘nggi yillarda ichki kuboklarda ham qator muvaffaqiyatlarga erishgan, endi bor e’tiborni asosiy missiyaga qaratish — nima qilib bo‘lsa ham APL chempionligi tojini «Siti»dan tortib olish kerak.
«Liverpul»da yoz asosiy raqibi bilan solishtirganda u qadar tig‘iz kechmadi. Klub Sadio Manening ketishiga qarshilik qilmadi va uni «Bavariya»ga qo‘yib yubordi, shundan keyin unga o‘rinbosar sotib oldi — Darvin Nunes uchun 75 mln yevro to‘lashga to‘g‘ri keldi.
Kuchli transfer amalga oshirilganiga qaramay, «Liverpul»ning bu yozdagi asosiy yutug‘i — Muhammad Saloh bilan shartnoma yangilandi. Misrlik futbolchi bilan uzoq vaqtgacha shartnoma shartlari bo‘yicha kelishib bo‘lmayotgandi, ammo Mane sotilgach, maoshlar vedomosti yengillashdi. Endi Saloh «Enfild»dagi muxlislarni 2025 yilga qadar xushnud qilishda davom etadi. Shu bilan birga, «Liverpul» qariya Jyeyms Milnerni yana bir yilga qolishga ko‘ndirdi va Jo Gomes bilan shartnomani 2027 yilga qadar uzaytirdi.
Keldi:
Darvin Nunes (23 yosh, hujumchi) — «Benfika», 75 mln yevro
Fabiu Karvalyu (19 yosh, yarimhimoyachi) — «Fulhem», 5,9 mln yevro
Kelvin Remsi (18 yosh, himoyachi) — «Aberdin», 4,9 mln yevro
Ketdi:
Sadio Mane (30 yosh, hujumchi) — «Bavariya», 32 mln yevro
Neko Uilyams (21 yosh, himoyachi) — «Nottingem Forest», 20 mln yevro
Takumi Minamino (27 yosh, hujumchi) — «Monako», 15 mln yevro
Marko Gruich (26 yosh, yarimhimoyachi) — «Portu», 9 mln yevro
Ben Devis (26 yosh, himoyachi) — «Reyndjers», 4,7 mln yevro
Divok Origi (27 yosh, hujumchi) — «Milan», erkin agent
Shei Odjo (25 yosh, hujumchi) — «Kardiff», erkin agent
Ben Vudbyorn (22 yosh, yarimhimoyachi) — «Preston», erkin agent
Ris Uilyams (21 yosh, himoyachi) — «Blekpul», ijara
Loris Karius (29 yosh, darvozabon) — klubsiz, shartnoma muddati tugadi
«Chelsi»: asosiy himoyachilarini tekinga qo‘yib yubordi va shoshilinch ravishda xaridlar qildi
Angliyaning eng ko‘p jabrlangan top-klubi. Roman Abramovich «Chelsi»ni amerikalik Todd Boeliga sotishga majbur bo‘ldi, keyin Londonni Yevropadagi eng kuchli muzokarachilardan biri Marina Granovskaya, shuningdek Petr Chex tark etdi. Natija ayanchli: asosiy ikki himoyachi klubni tekinga tark etdi. «Chelsi» Rahim Sterling, Kalidu Kulibali va Kukerelyani sotib oldi. Lekin tarkibdagi muammolar bu bilan hal bo‘lib qolmaydi. Verner ham boshqa jamoaga sotishlarini istamoqda, Tomas Tuxel esa yangi rahbariyatning harakatsizligidan shokda. Keyinroq yangi transferlar amalga oshirilsa ham, APL starti juda qiyin kechadi va startda yo‘qotilgan ochkolar yakunda pand berishi mumkin.
Adolat haqqi aytish kerakki, «Chelsi» kimnidir saqlab qololdi. «Barselona» o‘z uslubida Sesar Aspilikuetani o‘ziga og‘dirmoqchi bo‘lgandi, ammo baribir sardorni Angliyada qolishga ko‘ndirishdi. Endi u 2024 yilga qadar amal qiluvchi shartnomaga ega.
Keldi:
Rahim Sterling (27 yosh, hujumchi) — «Manchester Siti», 56,2 mln yevro
Mark Kukurelya (24 yosh, himoyachi) — «Brayton», 55 million funt
Kalidu Kulibali (31 yosh, himoyachi) — «Napoli», 38 mln yevro
Karni Chukvuemeka (18 yosh, yarimhimoyachi) — «Aston Villa», 17,9 mln yevro
Gebriyel Slonina (18 yosh, darvozabon) — «Chikago Fayr», 9,09 mln yevro (ijarada qoldirildi)
Ketdi:
Romelu Lukaku (29 yosh, hujumchi) — «Inter», 8 mln yevroga ijaraga
Antonio Ryudiger (29 yosh, himoyachi) — «Real», erkin agent
Andreas Kristensen (26 yosh, himoyachi) — «Barselona», erkin agent
Jyeyk Klark-Salter (24 yosh, himoyachi) — «Kuinz Park Reyndjers», erkin agent
Deniyel Drinkuoter (32 yosh, yarimhimoyachi) — klubsiz, shartnoma muddati tugadi
Charli Musonda (25 yosh, yarimhimoyachi) — klubsiz, shartnoma muddati tugadi
Saul Niges (27 yosh, yarimhimoyachi) — «Atletiko», ijara muddati tugadi.
«Tottenhem»: ma’lum nuqtalarni kuchaytirish uchun 100 mln yevrodan ortiq xarajat
Ish joyini tez-tez o‘zgartiradigan italiyalik mutaxassis Antonio Konte ikkinchi mavsumda ham London shimolida qoldi va unga so‘ragan futbolchilarini olib berishdi.
«Shpor»larning xasis prezidenti Levi transferlar uchun ko‘p pul ajratmasdi, ammo bu yozda u 100 mln yevro sarfladi. Bu mablag‘ga londonliklar «Brayton»ning tayanch yarimhimoyachisi Bissuma, «Midlsbro» himoyachisi Spensni, asosiysi — «Everton» forvardi Risharlisonni qo‘lga kiritdi, u hujumda Son va Keyn bilan harakat qiladi. Shuningdek jamoaga xorvatiyalik Perishich tekinga keldi, ammo uning uchun ham anchagina mablag‘ sarflangani tabiiy — hech bir erkin agent ko‘tarma pulisiz kelmaydi. Shuningdek «Barsa»dan Langle tarkibga qo‘shildi.
Yakunda «Tottenhem» yarimhimoya markazidan tashqari barcha pozitsiyalarni kuchaytirdi va yangi mavsum sari ishonchli qadam tashlamoqda. «Tottenhem» yangi mavsumda «Siti»ning asosiy raqobatchilaridan biri bo‘ladi.
Futbolchilar bilan shartnomalarni yangilashga hozircha zarurat yo‘q. Klub faqat Ben Devis bilan shartnomani uzaytirdi — 2025 yil yoziga qadar.
Keldi:
Risharlison (25 yosh, hujumchi) — «Everton», 58 mln yevro
Iv Bissuma (25 yosh, yarimhimoyachi) — «Brayton», 29,2 mln yevro
Jyed Spens (21 yosh, himoyachi) — «Midlsbro», 14,7 mln yevro
Ivan Perishich (33 yosh, yarimhimoyachi) — «Inter», erkin agent
Freyzer Forster (34 yosh, darvozabon) — «Sauthempton», erkin agent
Kleman Langle (27 yosh, himoyachi) — «Barselona», ijara
Ketdi:
Stiven Bergveyn (24 yosh, hujumchi) — «Ayaks», 31,25 mln yevro
Kemeron Karter-Vikers (24 yosh, himoyachi) — «Seltik», 7 mln yevro
Jyek Klark (21 yosh, hujumchi) — «Sanderlend»
Jo Rodon (24 yosh, himoyachi) — «Renn», ijara
«Arsenal»: hammadan ko‘proq sarfladi va ikki chempionni safiga qo‘shib oldi
«Arsenal» va-bankka qo‘l urdi. Mikel Arteta Gabi Jyezusa va Oleksandr Zinchenkoni jamoasida ko‘rishni istadi — va sotib olib berishdi. Boshqa xaridlar ham bo‘lgani evaziga klub bu ro‘yxatda eng ko‘p xarajat qilgan jamoaga aylandi — 132 mln yevrodan ko‘proq. Shu bilan birga, murabbiyning rejalariga kirmaydiganlar bilan xayrlashildi.
Yangi shartnomalar bo‘yicha «Arsenal»dagi vaziyat ham Shimoliy Londondagi qo‘shnilaridagi kabi. Faqat Muhammad Elneni bilan shartnoma uzaytirildi — 2023 yil yoziga qadar.
«Arsenal»da barcha yosh — bosh murabbiy ham (Arteta hali 40 yoshda), va tarkibning o‘rtacha yoshi ham (24.7, APLda «Lids»dan keyingi ikkinchi ko‘rsatkich). Bir tomondan bu jamoa hali chempionatda birinchi bo‘lishga ertadek tasavvur uyg‘onadi, ammo boshqa tomondan — «kanonirlar» jismoniy imkoniyatlari va shijoati bilan syurpriz qilishga qodir.
Yangi futbolchilar ishonchni oqlay boshlashdi, klub mavsumoldi tayyorgarlik yig‘inlari doirasida barcha o‘rtoqlik uchrashuvlarida g‘alaba (aksarida yirik hisobda) qozondi, xususan, «Chelsi» 4:0 hisobida taslim etildi. Jyezus esa beshta o‘yinda yettita gol urishga ulgurdi. Endi Chempionlar ligasiga qaytish qoldi.
Keldi:
Gabriel Jyezus (25 yosh, hujumchi) — «Manchester Siti», 52,2 mln yevro
Oleksandr Zinchenko (25 yosh, himoyachi) — «Manchester Siti», 35 mln yevro
Fabiu Viyeyra (22 yosh, yarimhimoyachi) — «Portu», 35 mln yevro
Mett Tyorner (28 yosh, darvozabon) — «Nyu-Inglend Revolyushn», 6,36 mln yevro
Markinos (19 yosh, hujumchi) — «San-Paulu», 3,5 mln yevro
Ketdi:
Matteo Genduzi (23 yosh, yarimhimoyachi) — «Marsel», 11 mln yevro
Bernd Leno (30 yosh, darvozabon) — «Fulhem», 3,6 mln yevro
Kostas Mavropanos (24 yosh, himoyachi) — «Shtutgart», 3,2 mln yevro
Aleksandr Lyakazett (31 yosh, hujumchi) — «Lion», erkin agent
Nunu Tavaresh (22 yosh, himoyachi) — «Marsel», ijara
Oston Trasti (23 yosh, himoyachi) — «Birmingem», ijara.
«Manchester Yunayted»: eski tarkibning yarmi tarqatib yuborildi va Eriksenga joy berildi
«MYu»dagi asosiy o‘zgarish — yangi bosh murabbiy. Erik ten Hag darhol Niderlandiyadan ikki yangi futbolchi olib keldi va yuragidagi muammolardan keyin safga qaytgan Kristian Eriksen bilan shartnoma imzoladi. Klub bir guruh futbolchilarga javob berdi. Ulardan qaysilaridir Manchesterda ortiqcha edi, ammo Pol Pogbaning tekinga ketishi — hisob-kitoblarga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Transfermarkt fransuzning transfer qiymatini qariyb 50 mln yevroga baholagan, uni bir necha yil oldin 105 mln yevro to‘lab qaytarishgandi.
«MYu» muxlislari uchun yangi mavsum arafasidagi asosiy intriga — Krishtianu Ronalduning kelajagi bo‘lib qolmoqda. Portugaliyalik yulduz Yevropa Ligasida o‘ynashga oshiqayotgani yo‘q, ammo, boshqa klublar ham unga katta xarajatli shartnoma taklif qilishga shoshilayotgani yo‘q.
Shunday ekan, portugaliyalik futbolchi «Old Trafford»ni shu yozda tark eta olmasligi oydinlashmoqda, ten Hagga bunday muammoli futbolchi bilan ishlash oson bo‘lmaydi: yoki ushbu superyulduz atrofida o‘yin qurish kerak, ammo bu natijani kafolatlamaydi, yoki uning intervyularidagi noroziliklarni eshitib yurish kerak. Nima bo‘lganda ham klub atrofidagi muhit keskinligicha qolmoqda, bu esa katta yutuqlarga erishishda to‘sqinlik qilishi tabiiy.
Keldi:
Lisandro Martines (24 yosh, himoyachi) — «Ayaks», 57,37 mln yevro
Tirell Malasia (22 yosh, himoyachi) — «Feyyenoord», 15 mln yevro
Kristian Eriksen (30 yosh, yarimhimoyachi) — «Brentford», erkin agent
Ketdi:
Andreas Pereyra (26 yosh, yarimhimoyachi) — «Fulhem», 9,5 mln yevro
Pol Pogba (29 yosh, yarimhimoyachi) — «Yuventus», erkin agent
Jyessi Lingard (29 yosh, yarimhimoyachi) — «Nottingem Forest», erkin agent
Nemanya Matich (33 yosh, yarimhimoyachi) — «Roma», erkin agent
Aleks Telles (29 yosh, himoyachi) — «Sevilya», ijara
Din Henderson (25 yosh, darvozabon) — «Nottingem Forest», ijara
Alvaro Fernandes (19 yosh, himoyachi) — «Preston», ijara
Edinson Kavani (35 yosh, hujumchi) — klubsiz, shartnoma muddati tugadi
Xuan Mata (34 yosh, yarimhimoyachi) — klubsiz, shartnoma muddati tugadi
Li Grant (39 yosh, darvozabon) — faoliyatini yakunladi.
Mavzuga oid
11:17
«Siti» yana yutqazdi, «Barsa»da muhim g‘alaba. YeChLda kun o‘yinlari
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
10:17 / 05.12.2024
Mbappe yana uyaltirdi, «Liverpul» qoqildi. Kun o‘yinlari
11:55 / 01.12.2024