Jahon | 11:47 / 07.06.2020
72186
13 daqiqa o‘qiladi

«Gud bay, Rashsha» – rossiyalik siyosatchilar va boylarning bolalari nega xorijda?

Rossiyada 1917 yilgi davlat to‘ntarishi ortidan hokimiyat tepasiga kelgan bolshevik-kommunistlar 70 yil davomida tinimsiz G‘arbni yomonlab kelishdi.

1991 yil SSSRning o‘zi ham yo‘q bo‘lib ketguncha mamlakatda ta’lim tizimining barcha sohalarida «kapitalizmning chirigan botqoqqa botib borayotgani» haqida yosh avlodga ta’lim berildi. Bundan tashqari, mamlakatdagi rejimga xizmat qiluvchi ko‘plab soxta olimlar kapitalizmni yomonlab ilmiy ishlar yozishdi, dissertatsiyalar yoqlashdi, unvon olishdi.

SSSR parchalangach, sobiq possovet respublikalarining aksariyati G‘arbga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi va ular bilan munosabatlar o‘rnatdi. Bir qarashda Rossiyaning o‘zi ham. Ammo vaziyatga teranroq yondashilsa, Rossiyaning SSSR tarqab ketganidan keyin ham G‘arbga nisbatan munosabati keskin o‘zgarmagani ko‘zga tashlanadi. SSSR paytida G‘arb «chirigan kapitalizm» (kapitalizm chirimaganiga butun dunyo guvoh) deb talqin qilinsa, Rossiyada G‘arb mamlakatlariga ta’rif «bir jinsli nikohga ruxsat berilgan bu mamlakatda...», deb boshlanadigan bo‘ldi.

Rus siyosatchilari G‘arbga ommaviy tarzda turli ayblarni to‘nkar, ayblovlarning aksari G‘arb insoniyat paydo bo‘lganidan buyon qadrlanib kelayotgan insoniy fazilatlarni oyoq osti qilayotgani haqida bo‘lardi. Rossiyalik siyosatchilarning tashvishlarini tushunsa bo‘ladi: bir jinslilar nikohiga ruxsat berilishi haqiqatan haddan oshish va tabiat qonunlariga zid ish.

Masalaning yana bir tomoni shundaki, G‘arbdagi «noinsoniy an’analar ustiga qurilgan hayot tarzi»ni ayovsiz tanqid qiladigan rus siyosatchilari va yuqori lavozimli amaldorlarning aksari farzandlarini G‘arbga o‘qishga yubormoqda. Ha, odamlar oldidagi chiqishlarida G‘arbdagi buzuq hayot tarzini ayovsiz tanqid qilayotgan rossiyaliklar farzandlarini G‘arbdagi maktablarga, oliygohlarga joylashmoqda.

Shu o‘rinda Anatoliy Ribakovning «Arbat bolalari» romani esga tushadi. Romanda Stalin hukmronlik qilgan yillar Kremlda ishlovchi yuqori lavozimli amaldorlarning bolalari haqida ham yozilgan. Asar qahramoni yosh yigit Sasha Pankratovni nohaqdan «chet el josusi» sifatida ayblab qamoqqa olishadi. U yuqori lavozimli amaldorning jiyani bo‘ladi.

Tog‘asi jiyanini qutqarish uchun Stalin oldiga bemalol kirib chiqa oladigan amaldorlardan biriga iltimos qiladi. Stalin unga qarata yosh avlod kimga ergashyapti? Ular xorij kiyimlarini kiyar emish, xorij musiqasini yoqtirar emish. Yo‘q, bu jamiyatda tartib o‘rnatilishi va boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun o‘sha yigit jazolanishi kerak, qabilida gapiradi.

Bugun Rossiyadagi ahvolni o‘sha vaziyatga o‘xshatsa bo‘ladi. Ota-onalar zo‘r berib G‘arbni yomonlashadi, bolalari esa G‘arbga intilishadi, Yevropada va AQShda o‘qishni, yashashni xohlashadi. Rossiyalik siyosatchilar, yuqori lavozimli amaldorlar, boylar va shou-biznes vakillarining farzandlari bilan shunday bo‘lmoqda.

Oligarxlar va shou-biznes vakillarining bolalarini tushunsa bo‘lar, ular doim ham G‘arbga nafratlarini namoyish qilaverishmaydi. Ammo davlat siyosatining targ‘ibotchilari bo‘lgan siyosatchilar va yuqori lavozimli amaldorlarning farzandlarini G‘arbga intilishi chindan ajablanarli.

Quyida rossiyalik siyosatchilar, yuqori lavozimli amaldorlar, boylar va shou-biznes vakillaridan kimlarning farzandlari G‘arb davlatlarida yashayotgani va o‘qiyotgani haqida ma’ulmotlar taqdim etiladi.

Bugun rossiyalik aksariyat yoshlar Moskva davlat universiteti, Moskva davlat xalqaro aloqalar universiteti, Moskva fizika muhandislik universiteti va Oliy iqtisod maktabi kabi mamlakatdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishni orzu qilayotgan bir vaqtda, nufuzli siyosatchilar, yuqori lavozimli amaldorlar va shou-biznes vakillarining farzandlari yashash va ta’lim olish uchun xorijga intilmoqda. Albatta, buning ajablanadigan yeri yo‘q. Lekin kimdir katta minbardan turib ommaga «vatanparvarlik» va «chirigan G‘arb» haqida va’z aytsayu, so‘ng ikkiyuzlamachilik qilganday bo‘lib o‘z farzandlarini xorijga o‘qishga yuborsa, mana bu g‘alati.

Rossiyalik «kattalar»ning farzandlari nafaqat OTM, balki maktab davridanoq xorijda o‘qishni va yashashni boshlashadi. Tabiiyki, ular xorijda yashashini ota-onalari xohlaydi. Axir nufuzli maktab yoki OTMga joylab qo‘yishsa, yashash uchun barcha sharoitlarga ega kvartira xarid qilib yoki ijaraga olishsa, buni qaysi farzand xohlamaydi?!

2018 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Rossiya kommunistik partiyasidan o‘z nomzodini qo‘ygan Pavel Grudininning ikki o‘g‘li xorijda yashaydi. Ulardan biri Ispaniyaning Salou kurort shahridagi oilaga tegishli qimmatbaho uyda, ikkinchisi esa Latviyaning Marupe shaharchasidagi hashamatli uyda yashaydi.

Rossiyalik yana bir siyosatchi Sergey Lavrovning qizi Yekaterina Vinokurova hali maktab yoshidayoq G‘arb havosidan nafas ola boshlagan. U avvaliga London iqtisodiyot maktabida, so‘ngra AQShdagi Kolumbiya universitetida tahsil olgan. Ko‘p yillar AQSh va Buyuk Britaniyada yashagan Yelena so‘nggi paytlarda Moskvaga qaytgan, ammo hamon «bir oyog‘i G‘arbda».

Davlat dumasi deputati Yelena Mizulinaning o‘g‘li Nikolay Mizulin bugun Bryusselda xususiy huquqiy yordam ko‘rsatadigan firma ochib, u yerda o‘z oilasi bilan yashamoqda. Aftidan unda qachonlardir Rossiyaga qaytish niyati ham yo‘q.

Rossiyada «G‘arbni eng ko‘p sevuvchi» va nafratini hech qachon yashirmaydigan siyosatchi Vladimir Jirinovskiyning ikki nabirasi Sasha va Seryoja Shveytsariyada joylashgan nufuzli AQSh maktabida (The American School In Switzerland) ta’lim olishadi. Ushbu maktabda ta’lim olish Jirinovskiyning nabiralariga yiliga 2,9 million rublga tushyapti. Bu summa bugungi kursda 40 ming dollardan oshadi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qizi Yelizaveta Peskova ancha yillardan beri Fransiyada yashaydi va ta’lim oladi. 2016 yilda Yelizaveta Peskovaning xorijda ta’lim olishini otasi xohlagani haqida gap-so‘zlar chiqqanida u «Men allaqachon balog‘atga yetganman va qayerda yashashni va o‘qishni o‘zim hal qila olaman. Qolaversa, odamlarni tug‘ilib o‘sgan yurtida qolish uchun harakat qilish kerak, zo‘ravonlik bilan ushlab turish uchun emas» deb instagramdagi sahifasida yozib qoldirgan edi.

Rossiyalik yana bir taniqli siyosatchi, «Yedinaya Rossiya» partiyasi yetakchilaridan bo‘lgan Sergey Jyeleznyakning bir emas, ikki emas, naq to‘rt nafar qizi xorijda ta’lim oladi va yashaydi. Uning katta qizi Anastasiya xorijlikka turmushga chiqqan. Aftidan, kichiklariga ham xorijdagi farovon hayot yoqib qolgan va ularda vatanga qaytish maqsadi bo‘lmasa ham kerak. Buni ularning ijtimoiy tarmoqlarda qoldirayotgan fikrlaridan ham bilish mumkin.

Yevropadan okean oshib AQShga intilayotgan rossiyalik yuqori mansabli amaldorlarning farzandlari oliy ta’lim olish uchun asosan AQShning sharqiy sohillarida joylashgan obro‘li oliygohlarni tanlamoqda. Brown University, Columbia University, Cornell University, Dartmouth College, Harvard University, the University of Pennsylvania, Princeton University, Yale University kabi nufuzli universitetlar rossiyaliklarni ko‘proq o‘ziga jalb qiladi. Ular orasida ayniqsa Columbia University rossiyalik boylarning farzandlari orasida mashhur.

Bu universitet bitiruvchilari va o‘qituvchilari jami 94 marta Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. O‘z vaqtida bu universitetda AQShning 44-prezidenti Barak Obama ham tahsil olgandi. Bu yerda bir yillik ta’lim olish Rossiya rublida 3,5 millionni tashkil etadi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning qizi Yekaterina ana shu nufuzli universtitetda o‘qigan va bo‘lajak umr yo‘ldoshi Aleksandr Vinokurov bilan shu yerda tanishgan.

Moskva sobiq meri Yuriy Lujkovning qizi Olga AQShdagi nufuzli New York University oliygohida o‘qigan. Bu yerda bir yillik ta’lim uchun 3 million rubl to‘lash kerak. Bugun Olga Avstriyada yashaydi va onasi milliarder Yelena Baturina ochib bergan nufuzli barni boshqaradi.

Xorijda ta’lim olgan va yashayotganlar orasida davlat Dumasi deputati Vyacheslav Fetisovning qizi Anastasiya, Krasnodar o‘lkasining sobiq gubernatori Aleksandr Remezkovning o‘g‘li Stepan Remezkov, qizi Masha, yana bir o‘g‘li Nikolay, sobiq Rossiya bolalar ombudsmani Pavel Astaxovning o‘g‘li Anton va yana ko‘plab boshqa yuqori lavozimli amaldor va siyosatchilarning farzandlari bor. Rus yoshlarining bir qismi xorijda ta’lim olib Rossiyaga qaytib kelgan, ammo ma’lum bo‘lishicha, ularning aksariyatida ikki davlat fuqaroligi bor.

Rossiya nashrlarida yozilishicha, bugun rossiyalik ko‘plab shou-biznes vakillarining farzandlari ham xorijda o‘qiydi va yashaydi. Masalan, Aleksandr Malinin, Vera Brejneva, Yelena Xanga va boshqa taniqli shaxslarning farzandlari G‘arbda tahsil oladi.

Sonya Kiperman – Vera Brejnevaning qizi. 16 yoshida qizning hayotidagi o‘zgarishlar yuz berdi. Maktabni tugatgach, Sonya AQShga yashashga ketdi. «Yoshim 15da va men AQShdaman. Bu qanday ajoyib», deb yozgan edi instagramida.

Shou-biznes yulduzi bo‘lgan ona qizini juda kam ko‘radi. Sonya Rossiyaga kelmoqchi emas, Vera Brejnevada esa turli tadbirlardan ortib qizini ko‘rgani borish uchun vaqt bo‘lmaydi. Brejnevaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qoldirgan xabarlariga qaraganda u qizini oxirgi marta fevral oyida ko‘rgan.

Ustinya va Frol Malininlar – Aleksandr Malininning farzandlari. 2000 yilda taniqli xonandaning uchinchi xotini Emma unga egizak tug‘ib beradi. Bugungi kunda Ustinya Buyuk Britaniyada, Frol esa Germaniyada yashab tahsil olmoqda. Malininning ikkala farzandi ham kelajakda Rossiyaga qaytmoqchi emas.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Malininning merosxo‘rlari Bavariyadagi maktabda birga o‘qigan, ammo hozir egizaklar turli shaharlarda yashaydi.

Aktrisa Renata Litvinovaning qizi Ulyana Dobrovskaya ancha yil Fransiya poytaxti Parijdagi qimmat kvartirada yashadi. Kvartirani unga onasi olib bergan. Hozir Ulyana Belgiyaga ko‘chib o‘tgan. U ham Rossiyaga qaytish niyatida emas va Yevropada qolib shaxsiy kiyim-kechak brendini yaratmoqchi.

Rossiyalik taniqli teleboshlovchi Yelena Xangining qizi Elizabet-Anna Mintusova bugun AQShda yashaydi. U Nevada universitetida o‘qiydi. Elizabet ushbu universitetda bepul ta’lim oladi. Bundan tashqari, unga stipendiya ham to‘lashadi. Agar Elizabet favqulodda iste’dodli bo‘lmaganda edi, teleboshlovchi uning AQShda yashashi va o‘qishi uchun har yili 70 ming dollar sarflashga majbur bo‘lardi. O‘zining rossiyalik tengdoshlari kabi Elizabet Rossiyaga qaytmoqchi emas. Uni tekinga o‘qitayotgan universiteti ham xohlamasa kerak.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: demak, Yevropa va Amerika rus siyosatchilari yomonlayotgandek emas ekan-da? Aslida-ku bunday emasligini hamma biladi, hatto o‘sha Rossiya siyosatining yuzi sifatida qaraladigan odamlar ham. Yo‘qsa ular farzandlarini xorijga yashagani yubormagan bo‘lishardi. Bundan nimani anglash mumkin? Ular bugungi yashayotgan hayotlarini o‘z bolalariga ravo ko‘rishmayapti. Odam bolasiga yomon narsani ravo ko‘rmaydi axir...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi. 

Mavzuga oid