O‘zbekiston | 15:28 / 21.02.2018
13471
13 daqiqa o‘qiladi

Paxta qay tartibda sertifikatlanadi va tortib ko‘riladi?

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 12.02.2018 yildagi 106-son qarori bilan Paxta tolasini sertifikatlash va og‘irligini tortib ko‘rish to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Norma.uz’ning yozishicha, paxta tolasi majburiy tartibda sertifikatlashtiriladi, o‘z ehtiyoji uchun ishlab chiqariladigan paxta tolasi bundan mustasno. Yetkazib beruvchi paxta tolasining komplektlangan partiyalarini terminallarga muvofiqlik sertifikatlarisiz (inspeksiya dalolatnomalarisiz) va toylar og‘irligini tortib ko‘rish dalolatnomalarisiz yuklab jo‘natishga haqli emas. Paxta tolasining komplektlangan partiyasi terminalga yuklab jo‘natilayotganda yetkazib beruvchi yuklab jo‘natish hujjatlari orasiga muvofiqlik sertifikatining asl nusxasini va unga ilovani joylashi shart. Buyurtmachi paxta tolasini terminallardan muvofiqlik sertifikatisiz (inspeksiya dalolatnomasisiz), terminalda toylar og‘irligini tortib ko‘rish dalolatnomasisiz hamda sifati va massasi bo‘yicha qabul qilib olish dalolatnomasisiz yuklab jo‘natishga haqli emas.

Sertifikatlash bo‘yicha xizmatlar O‘z DSt 604 «Paxta tolasi. Texnik shartlar» (bundan keyin – O‘z DSt 604) talablariga muvofiq o‘tkaziladi. Muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati – O‘z DSt 841 bo‘yicha paxta tolasini tashish va saqlash shartlariga rioya qilingan taqdirda u ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab 6 oy. Muvofiqlik sertifikati davlat tilida, rus yoxud ingliz tillarida to‘ldiriladi.

Vakolatli organ

Nizom eksportga va respublikaning paxta tolasini qayta ishlovchi korxonalariga (bundan keyin – xaridor) yetkazib berishda paxta tolasi sifatini toylari bo‘yicha baholash, uni sertifikatlash hamda paxta tozalash korxonalarida (bundan keyin – yetkazib beruvchi) uning og‘irligini tortib ko‘rish tartibini belgilaydi.

Ushbu harakatlar «O‘zstandart» agentligining vakolatli bo‘linmasi (bundan keyin – bajaruvchi) tomonidan «O‘zpaxtasanoat» AJ, paxta-to‘qimachilik klasterlari va boshqa korxonalar (bundan keyin – buyurtmachi) buyurtmanomalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Bajaruvchi quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

• paxta tozalash zavodlarida uning pressdan chiqishida har qaysi paxta tolasi toyidan sinab ko‘rish uchun namunalar olish;

• tanlab olingan namunalarni identifikatsiyalash;

• namunalarni sinab ko‘rish uchun mintaqaviy laboratoriyaga yetkazib berish;

• namunani sinab ko‘rish;

• sifati (tipi, navi) bo‘yicha bir xil paxta tolasi partiyasiga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va uni buyurtmachiga berish;

• yetkazib beruvchi bilan birgalikda paxta tolasi partiyasidagi toyning og‘irligini tortib ko‘rish va toyning og‘irligi yuzasidan dalolatnomani rasmiylashtirish;

• terminallarda paxta tolasi toyining sifati va og‘irligi yuzasidan xaridor, yetkazib beruvchi va buyurtmachi vakillari bilan kelishmovchiliklarni hal etish.

E'tibor qarating: Paxta tolasini sotish va hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 14-bandiga muvofiq, paxta tolasi sifati va massasi «O‘zstandart» agentligi vakolatli bo‘linmasining muvofiqlik sertifikatida (inspeksiya dalolatnomasida) ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlarga muvofiq bo‘lmaganda, mazkur masala bo‘yicha kelishmovchiliklar uning vakilini jalb qilgan holda hal qilinadi. Tolaning sifati va massasi bo‘yicha kelishmovchiliklar tasdiqlanganda, bu bilan bog‘liq barcha qo‘shimcha xarajatlar «O‘zstandart» agentligining vakolatli bo‘linmasi hisobiga kiritiladi, yetkazib beruvchi, «O‘zpaxtasanoat» AJ va xaridor o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar dalolatnomalar ko‘rib chiqilganidan keyin 5 kun muddatda mazkur partiyaning haqiqatdagi sifati va massasi asosida amalga oshiriladi.

«O‘zstandart» agentligining javobgarligi

Bajaruvchi xizmatlar ko‘rsatishda shartnomaviy majburiyatlarning zarur darajada bajarilmaganligi uchun mulkiy javobgar bo‘ladi, quyidagilar:

• paxta tolasini saqlash, yetkazib berish, terminaldan paxta tozalash zavodiga qaytarish;

• reklamatsiyalarni, da'volarni qonun hujjatlariga muvofiq iqtisodiy sudda ko‘rib chiqish bilan bog‘liq xarajatlar bundan mustasno.

Xaridorning terminallarda toyning o‘rtacha massasining haqiqiy tafovuti ±1,0 kg dan ortiqligi yuzasidan e'tirozlari tasdiqlangan taqdirda, bajaruvchi buyurtmachiga uning toyni qaytadan tortib ko‘rish bo‘yicha xizmatlari va ularning normativdan ortiqcha saqlangani uchun, toy massasidagi tafovut qiymatidan tashqari xarajatlarini to‘laydi, shuningdek, aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq zarur choralar ko‘radi.

Agar bajaruvchi O‘zbekiston terminallarida qaytadan tortib ko‘rishda:

• tortib ko‘rishdagi xatolik yo‘l qo‘yiladigan ±0,5 kg miqdoridagi normadan ortiqcha bo‘lgan tarozilardan foydalanilganligini yoki toy massasi, verguldan keyingi dastlabki o‘ninchi belgini hisobga olmasdan, kilogrammlardagi butun miqdorgacha yaxlitlab yozilganligini;

• tarozilar vakolatli organlarning tekshirish to‘g‘risidagi guvohnomalariga ega bo‘lmaganligini;

• toylar O‘z DSt 841 standarti buzilgan holda tarozida tortilganligi, tashilganligi va saqlanganligini isbotlab bergan taqdirda toy massasi bo‘yicha e'tirozlar qondirilmaydi.

Xaridorning sertifikatlash va tortib ko‘rishlar natijalari yuzasidan e'tirozlari tasdiqlanmagan taqdirda, e'tirozlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha barcha xarajatlarni buyurtmachi to‘laydi, keyinchalik ular xaridorlarning hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Yetkazib beruvchining huquq va majburiyatlari

Yetkazib beruvchi:

• paxta tolasi toyini tortib ko‘rish uchun presslash sexida, shuningdek, O‘z DSt 841 standarti talablariga muvofiq bo‘lgan paxta tolasi toyini nazorat tartibida tortib ko‘rish uchun paxta tozalash zavodining tayyor mahsulotlarini saqlash maydonchalarida tarozilar o‘rnatilishini;

• tarozilarning to‘g‘ri ishlashini nazorat qilish uchun standart tarozi toshlari bilan;

• terminallarga tipi va navi bo‘yicha bir xil, boshqa aralashmalarsiz, noxush hidsiz, ortiqcha namsiz va shu kabi vagon normasi paxta tolasi yetkazib berilishini ta'minlashga doir barcha chora-tadbirlar ko‘rilishini;

• pichoqli qurilmalar bilan namunalar qirqilgan joylarda toylar idishlari qayta tiklanishini;

• paxta tozalash zavodlari presslaridagi pichoq qurilmalarining maqbul holatda bo‘lishini va ularning o‘z vaqtida almashtirib turilishini;

• paxta tolasi namunalarini saqlash va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun bajaruvchini paxta tozalash zavodida joy bilan;

• O‘z DSt 841 standartiga muvofiq bo‘lgan paxta tolasi idishga joylashtirilishini, toylar markirovka qilinishini, tashilishi va saqlanishini ta'minlashi kerak.

Buyurtmachining huquq va majburiyatlari

Buyurtmachi xaridorlar bilan o‘zi tuzadigan kontraktlarda faqat O‘zbekiston Respublikasi hududidagi terminallarda paxta tolasining O‘zbekiston Respublikasi hududida xaridorning vakillari tomonidan qabul qilib olingan paxta tolasi partiyalari bo‘yicha, toy ichidagi brakdan tashqari, sifat va massasi yuzasidan e'tiroz bildirishga haqli emasligi sharti bilan sifati va massasi bo‘yicha qabul qilib olinishini nazarda tutadi.

Toylar ichida brak aniqlangan taqdirda yetkazib beruvchi ushbu hajmlarni sotish va qaytarish bilan bog‘liq barcha xarajatlar bo‘yicha mulkiy javobgar bo‘ladi.

Paxta tolasining toy ichidagi braki bo‘yicha biron-bir bahsli masalani O‘zbekistondan tashqarida ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘lgan taqdirda, buyurtmachi yetkazib beruvchining mutaxassislariga viza olishda ko‘maklashishi kerak.

Buyurtmachi bajaruvchiga terminallarda doimiy vakolatxona uchun bino berishi kerak. Paxta tolasini eksport qilish bilan bog‘liq masalalarni o‘z vaqtida va darhol hal etish maqsadida buyurtmachi terminallarda bajaruvchining vakillariga terminallarga tushadigan, xaridorlar qabul qilib oladigan, terminallardan yuklab jo‘natiladigan paxta tolasi partiyalari haqida axborot taqdim etishi kerak.

Buyurtmachi toy massasini bajaruvchi va yetkazib beruvchi tortib ko‘rgandan keyin toy massasini qayta tekshirish uchun buyurtmachi tomonidan jalb etiladigan inspeksiya kompaniyalaridan ular qo‘llaydigan tarozilardagi nuqsonlar va vakolatli organlar tomonidan tarozilarning tekshirilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning mavjudligi haqidagi ma'lumotlarni talab qilishiga haqli.

Toyning o‘rtacha massasidagi tafovutning ±1,0 kg dan ortiqchaligi yuzasidan xaridorning buyurtmachiga e'tirozlari tasdiqlangan taqdirda, yetkazib beruvchi va buyurtmachi o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar paxta tolasi partiyasining haqiqiy massasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Sertifikat qachon berilmaydi

Muvofiqlik sertifikati quyidagi holatlarda berilmaydi:

• paxta tolasi namunalarida chigit, lint, paxtani qayta ishlash chiqitlari, yog‘li tola, ortiqcha nam tola, chirindi hidi yoki tolaning navi va klassini baholash klasser usuli bo‘yicha o‘tkazilayotgan paxta tolasi rasmiy namunalarida mavjud bo‘lmagan boshqa aralashmalar bor bo‘lganda;

• paxta tolasi tegishli sanoat navining cheklangan «Iflos» klassidagidan ortiqcha iflos bo‘lgan taqdirda;

• tola yoki uning tashqi ko‘rinishi paxta tolasining etalon namunasiga muvofiq bo‘lmagan rangda bo‘lganda;

• o‘rtacha va uzun tolali paxta tolasi aralash bo‘lganda;

• tola partiyasida turli sanoat navlaridagi mansub toylar mavjud bo‘lganda;

• toy zarur darajada markirovka qilinmaganda, joylashtirilmaganda, iflos bo‘lganda, toy sirtiga suv tekkanda, shuningdek, ushbu paxta tolasi partiyasi uchun hujjatlar mavjud bo‘lmaganda.

Bunday hollarda bajaruvchi belgilangan shakl bo‘yicha nomuvofiqlik haqidagi bildirishnomani rasmiylashtiradi, uning bir nusxasi paxta tozalash korxonasi vakiliga beriladi, ikkinchi nusxasi mintaqaviy laboratoriyada qoladi.

Mintaqaviy laboratoriya O‘z DSt 604 talablariga javob bermaydigan paxta tolasi mavjudligi bo‘yicha axborotlarni tizimlashtiradi va umumlashtiradi hamda ma'lumotlarni «O‘zstandart» agentligining vakolatli bo‘linmasiga va «O‘zpaxtasanoat» AJga beradi. O'z DSt 604 talablariga javob bermaydigan har bir paxta tolasi partiyasi sinovlari natijalari yuzasidan belgilangan shakl bo‘yicha paxta tolasining inspeksiya dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.

Tashqi ko‘rinishi (rangi va ifloslanganligi) bo‘yicha tasdiqlangan standart namunalarga muvofiq bo‘lmagan paxta tolasi partiyasiga inspeksiya dalolatnomasini rasmiylashtirishda ushbu partiyaning navi va klassi uni qabul qilib olishda xaridor bilan kelishgan holda bajaruvchi va yetkazib beruvchi tomonidan aniqlanadi.

Inspektsiya dalolatnomasi muvofiqlik sertifikati o‘rniga paxta tolasi sifati to‘g‘risidagi hujjat hisoblanadi. O‘z DSt 604 talablariga muvofiq bo‘lmagan tola uchun berilgan inspeksiya dalolatnomalari bajaruvchi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinadi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

«O‘zstandart» agentligi xizmatlari uchun to‘lov

Paxta tolasini sertifikatlash va toyning og‘irligini tortib ko‘rish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovni buyurtmachi muvofiqlik sertifikatini (inspeksiya dalolatnomasini) va toylar og‘irligini tortib ko‘rish dalolatnomasini berish fakti bo‘yicha bajaruvchi bilan ikki tomonlama shartnomalar asosida, paxta tolasi hajmini (partiyasini) buyurtmachi mulkiga rasmiylashtirishga ko‘ra, bajarilgan ishlar dalolatnomalari va bajaruvchi tomonidan berilgan hisob raqamlar asosida amalga oshiradi.

Paxta tolasini sertifikatlash bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lov Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Paxta tolasi toyining og‘irligini tortib ko‘rish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lov Moliya vazirligi bilan kelishilgan narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi.

Nizomda quyidagi taomillar ham batafsil tartibga solingan:

• paxta tolasi toyidan sinab ko‘rish uchun namunalar olish, ularni identifikatsiyalash va mintaqaviy laboratoriyaga yetkazib berish;

• paxta tozalash zavodlarida paxta tolasi toyining og‘irligini tortib ko‘rish;

• paxta tolasini sinab ko‘rish;

• muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berish.

Hujjat 14.02.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid