Ha, qanchadan-qancha odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan, qanchadan-qancha oilalarning yostig‘ini quritgan, bani bashar taqdirini kutilmaganda izdan chiqarib yuborgan bu be'mani urushdan (urushning ma'nilisi bo‘lmaydi, aslida) keyingi avlodlarga ming yillarga tatigulik iztiroblar, xotiralar va unutilmas saboqlar qoldi.

9 may kuni O‘zbekiston telekanallarida premerasi bo‘lib o‘tgan «Ilhaq» filmi ham mana shu o‘lmas va og‘riqli mavzu haqida.

Bugun «Ilhaq» haqida jamoatchilik va mutaxassislar orasida allaqachon bahslar boshlanib ulgurdi. Ya'ni film atrofida turli e'tirof va e'tirozlar yangramoqda. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, mazkur film o‘zbek tomoshabinini ta'sirlantirish barobarida, auditoriyada o‘ziga xos munosabat to‘lqinini ham uyg‘ota oldi.

Ushbu maqolada baliq ovi paytida qarmoq uchiga chuvalchang yoki boshqa narsa ilish kerak edi, deb aql o‘rgatish yo‘lidan bormoqchi emasmiz. Chunki baliq allaqachon qarmoqqa ilinib bo‘ldi – film namoyish etildi. Zotan, endi chuvalchang haqida emas, balki baliq haqida so‘z yuritishimiz to‘g‘riroq va mantiqliroqdir.

Albatta, filmni boshdan-oyoq tahlil qilish ancha kuch va hajmni talab qiladi. Shu bois asarning ayrim qabariq nuqtalariga asoslangan holda, ba'zi fikrlarni bayon etishni lozim topdik.

Film Ikkinchi jahon urushida besh nafar farzandidan judo bo‘lgan o‘zbek ayoli – Zulfiya Zokirovaning ayanchli qismatiga bag‘ishlangan. Jahongir Ahmedov rejissyorligidagi mazkur kartina markazida mehr-muhabbat va sabr-u matonat timsoli – Ona obrazi turadi.

«Ilhaq»da urush haqidagi keng tarqalgan klishe – qoliplardan keng foydalanilgani bor gap. Shu bois filmni tomosha qilar ekansiz, urush to‘g‘risidagi ba'zi film va adabiy asarlar, xususan, Said Ahmadning «Ufq» trilogiyasidagi «Qirq besh kun» (Katta Farg‘ona kanalining qurilishi), «Hijron kunlarida» (Bahodir Ahmedov ijrosidagi Melsning urushdan qochishi) va O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» romani (frontorti mashaqqatlari, Nigora Karimboyeva ijrosidagi Saidaning raisga o‘ynash bo‘lishi), Saida Zunnunovaning «Ruh bilan suhbat» dostoni (Elga to‘y bergan beva ayol – Dilorom Karimova ijrosidagi Zulfiya ayaning marhum eri bilan unsiz suhbati) beixtiyor yodingizga tushadi. Ammo filmdagi har bir kadrda o‘ziga xos samimiyat va o‘zbekona ruh ufurib turadi. Ya'ni asarning tag zaminida inkubatordan chiqqan sun'iy ssenariy emas, balki badiiy asar yotgani yaqqol seziladi.

Filmdagi dialoglar puxta tuzilgan. Unda so‘nggi yillarda yaratilayotgan «xontaxta»larga xos bachkanalik, zo‘raki kulgi, ortiqcha ohanjama va balandparvoz so‘zamollik yo‘q. Balki buni film ijodiy guruh tarkibidan taniqli so‘z san'atkorlari Xayriddin Sultonov, Erkin A'zam, Shuhrat Rizayev kabilar joy olgani bilan ham izohlash mumkindir.