Putin: «Vagner» XHK Rossiyada «yuridik jihatdan mavjud emas»
Iyun oyi oxirida Vladimir Putin «Vagner» XHKni kompaniya deb atagan va shu bilan birga, davlat unga 86 milliard rubldan ortiq pul to‘laganini aytgandi.
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) «yuridik jihatdan mavjud emas», chunki Rossiyada xususiy harbiy tashkilotlar to‘g‘risida qonun yo‘q. Bu haqda 13 iyul, payshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Kommersant» gazetasi muxbiri Andrey Kolesnikovga ma’lum qildi.
Kolesnikovning «Vagner guruhi» «jangovar bo‘linma sifatida» saqlab qolinadimi, degan savoliga Putin shunday javob berdi: «Bizda xususiy harbiy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun yo‘q. U shunchaki mavjud emas. Guruh bor, lekin qonuniy ravishda u mavjud emas. Bu haqiqiy qonuniylashtirish bilan bog‘liq alohida masala. Lekin bu Davlat dumasida, hukumatda muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masala. Bu oson masala emas». «Bunday yuridik shaxs yo‘q», deb ta’kidladi Kreml rahbari.
Bundan tashqari, u 29 iyun kuni kompaniya egasi Yevgeniy Prigojin va yollanma askarlar komandirlari bilan uchrashib, ularning Sedoy laqabli bevosita qo‘mondoni qo‘li ostida «xizmatni o‘tashni davom ettirish bo‘yicha barcha ehtimoliy variantlarni» taklif qilganini aytdi. «Men buni aytganimda ko‘pchilik bosh irg‘adi. Oldinda o‘tirgan va buni ko‘rmagan Prigojin esa: «Yo‘q, yigitlar bu qarorga rozi emas», dedi», - deya aytib o‘tdi Putin.
Iyun oyi oxirlarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylar bilan uchrashuvda Rossiya «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi faoliyatini «to‘liq» moliyalashtirganini aytgandi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, butun xususiy harbiy kompaniyani saqlab turish uchun «2022 yil mayidan 2023 yil mayiga qadar» Rossiya budjeti 86,3 milliard rubl (1 mlrd dollardan ortiq) sarflagan. Bu summa yollanma jangchilarning yashash xarajatlari va maoshlari, shuningdek rag‘batlantiruvchi va sug‘urta to‘lovlarini o‘z ichiga oladi.
Prigojin va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi qo‘mondonlari isyondan keyin Putin bilan uchrashgani haqida Fransiyaning Liberation gazetasi xabar berdi. Keyinchalik bu ma’lumotni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv 29 iyun kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan va deyarli uch soat davom etgan. Unda 35 kishi, jumladan, Prigojinning o‘zi ham qatnashgan.
Uchrashuvda Putin frontda XHKning harakatlarini baholadi, qo‘mondonlarning isyon bilan bog‘liq tushuntirishlarini tingladi va ularga ishga joylashishning «qo‘shimcha variantlarini taklif qildi», dedi Kreml vakili. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondonlar 24 iyun kuni sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha o‘z versiyalarini bayon qilib, ular davlat rahbari va oliy bosh qo‘mondonning tarafdorlari ekanini aytgan.
Mavzuga oid
15:17 / 01.01.2025
«Boku Moskva bilan oldingi munosabatlarda qolmaydi» – ekspertlar Oqtovdagi fojia oqibatlari haqida
11:30 / 01.01.2025
Kim Chen In Putinni «eng yaqin do‘st» deb atadi
17:48 / 31.12.2024
Hammasi yaxshi bo‘ladi - Putin rossiyaliklarga yangi yil murojaati bilan chiqdi
18:19 / 29.12.2024