Cho‘qqidagi muzliklarning erishi tog‘ etagida yashovchi insonlarga katta xavf soladi
Global isish jarayoni tufayli olimlarning nigohi birinchi galda Antarktida va Atlantikadagi muzliklarga qaratilgan. Chunki ular okean suv sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘lib, sayyora miqyosidagi falokatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo muzliklar faqat qutblarda emas, sayyorimizning boshqa qismlarida ham erib bitmoqda.
Bu jarayon eng faol tarzda tog‘larning cho‘qqisida ro‘y bermoqda. Chunki tog‘da havo harorati Yer kurrasi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 50 foizga tezroq ko‘tariladi. Tog‘larda iqlim shu qadar o‘zgarib ketganki, Himoliy tog‘iga chiqayotgan alpinistlar allaqachon qalin ekspeditsiya kostyumlari o‘rniga yengil kurtka bilan kifoyalanishmoqda, deyiladi hi-news.ru maqolasida.
Bunday vaziyat Yer kurrasidagi quruqlikning chorak qismini tashkil etuvchi boshqa tog‘larda ham kuzatilmoqda. Albatta, bu muzliklarning erishi global falokatlarni keltirib chiqarmaydi, lekin ularning ta’siri tufayli allaqachon yiliga yuzlab odamlar nobud bo‘lmoqda.
Agar sayyoramizda o‘rtacha harorat ko‘tarilib boradigan bo‘lsa, yaqin yillar ichida qurbonlar minglab sanaladigan bo‘ladi.
Tog‘ tizmalarida ko‘plab muzliklar erib o‘pirilmoqda
Shu yilning iyul oyida Italiya shimoli-sharqida joylashgan Marmolad tog‘ida havo harorati 27 darajagacha ko‘tarilgan. Kutilmaganda tog‘ massividagi ulkan muzlikdan ikkita futbol maydoniga teng qismi o‘pirilib tushgan. Muz parchalari tog‘ etagiga qarab siljib, 11 kishini bosib qolgan. O‘sha oyda Qirg‘izistondagi Patagoniyada yirik muzlik qulagan. So‘nggi yillarda bunaqa vaziyatlar tez-tez kuzatilmoqda. Vaziyat shu zaylda ketaversa Afrikada 20 yildan so‘ng birorta muzlik qolmaydi.
Nega muzliklar bo‘linib o‘pirilmoqda, shunchaki erib yoki Everest tog‘ida bo‘lganidek, bug‘lanib kelmayapti? Gap shundaki, abadiy muzlik erib borar ekan, bir paytlar sovuq harorat yordamida qotib qolgan tosh va tuproq shaklidagi grunt yaxlitligini yo‘qotadi. Natijada u siljuvchan massaga aylanadi va muzliklar siljishi hamda tuproq ko‘chishiga sabab bo‘ladi.
Muzliklarning erishi falokatga yetaklashi mumkin
O‘tgan yozda Alp tog‘lari muzliklari katta yo‘qotishga duchor bo‘ldi — ularning balandligi bir necha metrga kamayib ketdi. Bu hol olimlarning eng yomon kutilmalaridan ham oshib tushdi. Biroq shu paytgacha muzliklar ustidan kuzatuvlarning barchasi yuzaki. Ularning ichida nimalar sodir bo‘layotganidan olimlar bexabar. Ichki jarayonlar tog‘ etagidagi qishloqlarda yashayotganlarga qor yoki tuproq ko‘chishidan kam xavf tug‘dirmaydi. Gap muzliklar ichida to‘planadigan erigan suv haqida ketmoqda.
«Biz ko‘ra olmaydigan jarayonlar ham bor, ular muzliklarning ichida ro‘y beradi»,— deydi Daniele Jordan, Italiya milliy tadqiqot kengashining geologi.
Yashirin erigan suv nechog‘lik xavfli bo‘lishi Sen-Jyerve aholisiga juda yaxshi tanish. 1892 yilda Tet-Rus muzligi ichidagi suv shu qadar bosim hosil qilganki, muzlik shardek yorilib ketgan. Natijada muz va qor parchalari bilan boyigan 40 metrli to‘lqin shaharcha ustiga yopirilgan. 200 kishi vafot etgan, ko‘plab binolar vayron bo‘lgan.
O‘shandan buyon hukumat har yili muzliklarni burg‘ilab, teshik hosil qilib ketgan. Biroq undan qaytib suv chiqmagan. 2009 yilga kelib, burg‘ilash bo‘yicha dasturni yopmoqchi bo‘lishgan, ammo dastlab tadqiqot o‘tkazishga qaror qilishgan. Muzlikni o‘rgana turib, yillar davomida tuynuklar u qadar chuqur burg‘ilanmagani, bu vaqt ichida muzlik 80 ming kub metr suvni o‘zida to‘plab turganini aniqlab, dahshatga tushishgan. Bu miqdordagi suv 32 ta olimpiya basseynini to‘ldirishga yetadi.
Muzlik yana yorilish asnosiga kelib qolgan ekan. Sen-Jyerve aholisining omadi bor ekan, tadqiqot o‘z vaqtida o‘tkazilgan va bir baloni boshlamasdan avval suv chiqarib yuborilgan.
Falokatlardan qochish mumkinmi?
Paydo bo‘lgan vaziyatdan tog‘oldi qishloqlarida yashovchilar tahdid ostida qolishgan. Ekspertlarning fikricha, Monblan tog‘idagi beqaror Monte-de-la-Saks tog‘ yonbag‘ri shu qadar ko‘p tosh va tuproqni ko‘chirishi mumkinki, hosil bo‘lgan tebranishni jahondagi jamiki seysmograflar qayd eta oladi. Tog‘ etagida joylashgan Planpinsiye kabi qishloqlar supurib tashlanadi.
Bularni hisobga olib, olimlar tahdid solayotgan muzliklarning harakatini o‘lchab, tun-u kun kuzatishmoqda. Ma’lumotlar dronlar va sun’iy yo‘ldoshlar orqali tahlil qilinadi, bundan tashqari xavfli muzliklar ustidan ekspertlar muntazam vertolyotda parvoz qilib tekshirishadi. Agar monitoring davomida tezlik kattalashayotgani aniqlansa, xavf darajasi oshadi. Bir necha yil avval, xavf qizil darajaga yetganida, Planpinsiye aholisi ikki sutkaga evakuatsiya qilindi. Baxtga ko‘ra, o‘pirilish ro‘y bermadi.
Eriyotgan muzliklar kimlarga xavf solmoqda?
Ekspertlarning fikricha, xavfni har doim ham oldindan aytib bo‘lmaydi, muzliklar ichidagi erigan suv bunga yaqqol misol. Ba’zan ko‘chishlar kutilmaganda ro‘y beradi. Bunday ko‘chkilarning bittasi o‘nlab, hattoki yuzlab qurbonlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Tabiiyki, muzliklarning yemirilishi nafaqat tog‘ etagida yashovchi aholiga, turistlar va alpinistlarga ham xavf soladi. Tog‘ kurortlari tobora xavfli bo‘lib bormoqda. Yaqin-yaqingacha xavfsiz bo‘lgan marshrutlar eng tajribali alpinistlarni hayotidan judo qilmoqda.
«Tog‘lar tobora xavfli bo‘lib borayotgani aniq», — deydi Monblan tog‘lari etagida o‘sib ulg‘aygan gid Piyetro Pikko.
Ekspertlarning qayd etishlaricha, ajdodlardan avlodlarga alpinistlarni himoya qilib kelgan yozilmagan qonunlar endi amal qilmay qo‘ygan. Masalan, Avstriyadagi u qadar katta bo‘lmagan Zalsburg provinsiyasida shu yil 24 ta o‘lim holati qayd etildi va bu mintaqadagi mutlaq rekord.
Bundan tashqari, muzliklar suv manbai bo‘lib xizmat qiladigan hududlar ham borligini unutmaslik kerak — ular daryolar va jilg‘alarni to‘yintiradi. Shu sababli tog‘lardagi muzliklarning erishi gumanitar falokatga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
13:51 / 27.03.2022
Muzliklar shiddat bilan eriyapti: Dunyoni kutayotgan xavflar
03:29 / 18.02.2021
Tojikistonda Pomirdagi ikki cho‘qqi qayta nomlandi
22:01 / 05.06.2020
Tabiat vaqti: eriyotgan muzliklar, kesilayotgan o‘rmonlar
23:40 / 06.09.2019