11:23 / 26.02.2021
3755

O‘zbekistonda ilmiy ishlanmalar tijoratlashtiriladi. Innovatsiya vazirligi forum o‘tkazmoqda

25 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida viloyat hokimliklarining oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumi boshlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan forumda tayyor ilmiy ishlanmalar va yangi buyurtmalar bo‘yicha mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan 105 mlrd so‘mlik jami 197ta ish rejasi tasdiqlanadi. Bundan tashqari, tadbir davomida hududlar kesimida saralab olingan 37ta innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Vazirlikning Tijoratlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Boboxonov O‘zbekistonda bunday forum ilk marta o‘tkazilayotgani va ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika, qurilish, transport va energetika sohalarida yangi ilmiy ishlanmalar taqdim etilganini ma'lum qildi. Shuningdek, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy qilish va sanoat namunalarini tayyorlashni moliyalashtirishga davlat budjeti mablag‘lari yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

«Tijoratlashtirish forumida davlatimiz tomonidan 37ta loyihaga pul mablag‘i ajratilmoqda. 19 mlrd so‘m Innovatsion rivojlanish vazirligining Tijoratlashtirish boshqarmasi orqali budjet hisobidan, 1,9 mlrd so‘m iqtisodiyot tarmoqlari boshqaruvi organlari va xususiy sektor tomonidan beriladi. Yil mobaynida ushbu loyihalarni amalga oshirishni kuzatib, monitoring qilib boramiz. 2021 yilning noyabrida o‘tkaziladigan forumda buning natijasini ko‘ramiz», dedi boshqarma boshlig‘i.

Taqdim etilgan loyihalar orasida energetika sohasida yong‘inni tezkor o‘chiruvchi, neft mahsulotlari bug‘lanib ketishini 3 baravarga kamaytiruvchi ponton ishlanmasini ko‘rish mumkin.

«Oddiy po‘choqlardan faollashtirilgan ko‘mir olish loyihasi ham tijoratlashtirish jarayonida. Bu loyiha aholi uchun ham juda foydali, chunki ishlab chiqaruvchi uyiga borib ulardan sotib oladi.

Bundan tashqari, mobil tuproqshunoslik klinikasi loyihasi ham bor. Bino yoki inshootda emas, avtomobilda joylashgan bu klinika o‘zi borib tuproq tarkibini o‘rganishda yordam beradi. Yaqinda Chust tumanida shu usulni joriy etish amalga oshiriladi.

Yangi loyihalardan yana biri – o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qilish apparati. Bu loyihani amalga oshirish 2019 yilda boshlangan edi. Joriy yilning 16 mart kuni shunday qurilma ishlab chiqaruvchi zavodimizning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi», deya ta'kidladi u.

Forum o‘z ishini davom ettirmoqda. Ilmiy tadqiqot institutlari, oliy ta'lim muassasalari va ilmiy markazlar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimotidan so‘ng respublikaning 14ta hududida mavjud muammolarni hal qilish, iqtisodiyot sohalarini innovatsion texnologiyalar yordamida rivojlantirish yuzasidan viloyat hokimliklari va loyiha mualliflari o‘rtasida shartnomalar imzolanadi.

Top