Jamiyat | 22:37 / 22.06.2022
32784
10 daqiqa o‘qiladi

Haftasiga 5 gramm mikroplastik yeyapmiz. Uning salomatlikka ta’siri, zararini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar

So‘nggi 70 yil ichida insoniyat 8,3 milliard tonna plastmassa ishlab chiqardi. Ularning aksariyati chiqindixonalar va atrof-muhitga tashlab yuborilgan. Oqibatda suv havzalari va tuproq ifloslanmoqda. Shuningdek, plastik zarralari odam vujudiga ham kirib kelgan. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, insonlar haftasiga o‘rtacha 5 gramm mikroplastik iste’mol qilyapti, bu bank kartasining og‘irligi bilan teng. Maqolamizda mikroplastik zarralari, ularning manbalari, salomatlikka ta’siri, zararini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar haqida ma’lumot beramiz. 

Antarktidadagi plastik chiqindilar (David Pereiras / shutterstock.com) 

Vena tibbiyot universiteti olimlari tadqiqoti natijalariga ko‘ra, bir kishi haftasiga o‘rtacha 5 grammgacha mikro va nanoplastik iste’mol qiladi. Bu esa bank plastik kartasining vazni bilan teng. Bunday taqqoslashdan so‘ng, haftasiga 5 gramm plastik arzimas narsaga o‘xshamaydi. Agar yil miqyosida oladigan bo‘lsak, taxminan 250 gramm plastik chiqadi. Bu 230 ta kokteyl naychasi yoki 8 ta yarim litrli plastik idishning og‘irligi bilan teng. 

Mikroplastik tanamizga qanday tushadi, nima uchun u odam va tabiat uchun zararli? 

Hayotimiz tabiatdagi moddalarning uzluksiz aylanishidan iborat. Biz uyg‘onamiz, vannaga kirib, tishlarimizni pasta bilan tozalaymiz. Tanamizni sovun yoki gel, sochimizni shampun bilan yuvamiz. Ko‘ylagimizni kir yuvish mashinasida yuvamiz va quritamiz. Bu jarayonlardan so‘ng, tarkibida maishiy kimyo qoldiqlari bo‘lgan suv kanalizatsiyaga oqib ketadi. U yerdan esa daryo va kanallarga tushadi. Ularning tarkibidagi kimyoviy moddalar – xlor, turli zaharli ximikatlar, kanserogen moddalar atrof-muhitga tarqaladi. 

Ehtimol, ularni yo‘lda tozalash inshootlari kutayotgan bo‘lishi mumkin, lekin afsuski, har doim ham emas. Agar bor bo‘lgan taqdirda ham ular barcha mayda zarralarni, ayniqsa mikroplastikni filtrlay olmaydi. 

Shunday qilib, tish pastasi, shampun va kir yuvish vositalarining juda kichik zarralari suvga yoki tuproqqa tushadi. Ular baliq yoki hayvonlar tomonidan iste’mol qilinadi. Biz esa ularni yeymiz. 

Jamoat transporti bekatida turib, avtobusni kutayotganimizda chiqindi gazlarini hidlaymiz, havodagi mayda qattiq zarralarni, shu jumladan yeyilib ketayotgan shina qoldiqlarini yutamiz. Hatto shaxsiy mashina ham vaziyatni o‘zgartirmaydi – ventilyatsiya yoki konditsioner orqali tashqaridagi havo oqimi salonga kiradi. 

Kechqurun esa uyga qaytamiz va yana xuddi shunday vaziyatga tushamiz. Holat kundan kunga, yildan yilga takrorlanaveradi. Keyin biz hafta ichida 5 gramm plastikni qanday iste’mol qilganimizga hayron bo‘lamiz. 

Plastik zarralari (aussiedlerbote.de) 

Mikroplastik - bu maxsus turdagi plastik emas, balki o‘lchami 5 millimetrdan kam bo‘lgan har qanday turdagi plastik bo‘laklari. Mikroplastik undan ham mayda zarrachalarga, nanoplastikka parchalanadi. 

1950-yillardan beri odamlar 8,3 milliard tonna plastmassa ishlab chiqargan, ularning 79 foizi chiqindixonalar va atrof-muhitga tashlab yuborilgan. Chiqindi plastik mikro va nanozarrachalarga parchalanib, suv havzalari va tuproqni ifloslantirmoqda. 

O‘lchami 0,001 dan 5 millimetrgacha bo‘lgan mikroplastik va 0,001 millimetrdan kichikroq nanoplastik dengiz mahsulotlari yoki meva-sabzavotlar orqali tanamizga kirmoqda. 

Shuningdek, hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan plastik idishlardan foydalanganimizda ham ular vujudimizga kiradi: kuniga 1,5-2 litr suv ichadigan odamlar yiliga 90 mingta plastik zarrachalarni oladi. 

Mikroplastik yer yuzining hamma joyida bor: Everest cho‘qqisida, Arktikada, Mariana botig‘i tubida, dengiz tuzida, chuchuk suvda, baliqlar va hayvonlarda va albatta inson vujudida. 

Dengiz sohilidagi plastik chiqindilar (Foto: Istock) 

Italiyalik olimlar 2020 yilning may oyida bir qancha sog‘lom ayollarning plasentasida (yo‘ldoshida) mikroplastik zarralarini topishgan. Plasenta faqat homiladorlik paytida paydo bo‘ladigan a’zo. U ona va chaqaloq o‘rtasida moddalar almashinuvini ta’minlaydi. Aynan plasenta homilaga yetib boradigan moddalarni filtrlaydi. 

Bundan tashqari, Robert Kox instituti va Germaniya atrof-muhit vazirligi tadqiqotchilari uch yil davomida 3 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 2,5 ming nafar bolaning siydik va qon namunalarini o‘rganishgan. Tadqiqotchilar namunalarning 97 foizida 15 turdagi plastikdan 11 tasi izlarini topishgan. 

Nima uchun mikroplastik hamma joyda uchraydi? 

Bu savolga javob berish uchun keling, mayda munchoqlarni tasavvur qilaylik. Bunday rangli, plastik munchoqlardan qizchalar bilaguzuk to‘qishadi. 

Agar bir hovuch munchoqni uyingizga sochib yuborsangiz, ularning barchasini yig‘ib chiqishning deyarli iloji bo‘lmaydi. Munchoq donachalari shkaf ortiga, divan tagiga va boshqa joylarga sochilib ketadi. Ularni yig‘ish uchun ko‘p vaqt va kuch sarflaysiz. Shunda ham barchasini topa olmaysiz. 

Mikroplastik ham shunga o‘xshash, uni suvdan, tuproqdan va havodan ajratib olib bo‘lmaydi. Juda mayda zarralarini filtrlab bo‘lmaydi. 

Plastik paketga o‘ralib qolgan suzgichli delfin (Foto GettyImages) 

Yengil sanoatda ishlab chiqiladigan sintetik tolali materiallar ham mikroplastik manbalaridan biri hisoblanadi. Poliyester, neylon yoki poliuretan sintetik polimerlardir. Biz bunday kiyimlarni kiyganimizda yoki yuvganimizda, ulardan mayda tolalar – mikroplastik ajralib chiqadi. Ular yerga yoki oqova suvlar bilan okeanga tushadi. 

Kir yuvish kukuni, turli gellar, tish pastasi, shampun va boshqa ko‘plab vositalar tarkibiga mikroplastik qo‘shiladi. U stabilizator va yopishqoqlik regulyatori vazifasini bajaradi. 

Shu asnoda, insoniyat ekologiya va iste’mol madaniyatiga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqmaguncha, mikroplastikni deyarli qoshiqlab iste’mol qilaveramiz. U suvimiz, ovqatimiz va havoga allaqachon kirib bo‘lgan va bundan keyin ham to‘planib boraveradi. 

Mikroplastik nima uchun zararli? 

Biz bir yilda 8 ta yarim litrli plastik idishni iste’mol qilyapmiz, ammo uning yemirilish davri taxminan 450 yilga teng. Bundan tashqari, plastik diyetaning boshqa juda ko‘p yoqimsiz oqibatlari ham bor. 

Vena tibbiyot universiteti tadqiqot guruhi oshqozon-ichak yo‘li orqali o‘tadigan mikroplastik zarralar ichak mikrobiomi tarkibida o‘zgarishlarga olib kelishini aniqlashgan. Bu esa o‘z navbatida metabolik kasalliklar va ular bilan bog‘liq semirish, diabet va surunkali jigar kasalliklarini yuzaga keltirishi mumkin. 

Plastik idishlar (Foto GettyImages) 

Bundan tashqari, mikroplastik zarralar qalqonsimon bezning ishlashiga xalaqit berishi, estrogen geni ishiga taqlid qilishi va testosteron ta’sirini bostirishi mumkin. Estrogen geni va testosteron insonning eng muhim gormonlaridan biridir. Ular nafaqat reproduktiv tizimga, balki butun vujudga ta’sir qiladi. Yurak, qon tomirlari, vazn, mushaklar va markaziy asab tizimi, suyaklar, teri, immunitet, xotira va hatto psixikaga. 

Shuningdek, mikroplastiklar kognitiv funksiyalarga ham nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, agar odam erta yoshda «Bisfenol A» kimyoviy moddasi ta’siriga duchor bo‘lsa, miya rivojlanishining buzilishi, nafas qisilishi va astma bilan xastalanish xavfi ortadi. Hozirgi vaqtda ko‘plab kompaniyalar tarkibida «Bisfenol A» bo‘lmagan plastikni ishlab chiqarmoqda. Biroq olimlar uning o‘rnini egallagan boshqa kimyoviy moddalar ham xavfsiz ekaniga shubha bildirmoqda. 

Mikroplastik nafaqat inson vujudiga, balki hayvonlarga ham, tuproqqa ham ta’sir qiladi. Muammoni to‘liq tasvirlash uchun maqolamiz hajmi kichiklik qiladi. 

Mikroplastikdan qutulish mumkinmi? 

Mikroplastikning zarari va uning hamma joyda tarqalgani haqidagi ushbu maqola odamlarni qo‘rqitish maqsadida emas, balki muammo ko‘lamiga e’tibor qaratish maqsadida yozilmoqda. 

Mikroplastikdan qutulishga urinish 100 foiz muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. U allaqachon butun sayyoraga tarqalib bo‘lgan. Ammo uning zararli ta’sirlarini kamaytirishning iloji bor. 

Masalan, oziq-ovqat mahsulotlarini shisha yoki metall idishlarda saqlang, plastik idishlarda ovqatni qayta isitmang. Sintetik kiyimlarni kiyishdan saqlaning, ularning o‘rniga, tabiiy matolardan va ipak, paxta yoki jun narsalarni tanlang. Agar sintetik kiyimlardan butunlay qutulishning iloji bo‘lmasa, ularni past haroratda yuving va kir yuvish mashinasida minimal tezlikda quriting. 

Chiqindilarni saralash (Foto GettyImages) 

Chiqindilarni saralang. Agar plastik chiqindilar qayta ishlovga berilsa, ular ekotizimda mikroplastik manbaiga aylanmaydi. 

Kosmetika va uyda ishlatiladigan kimyoviy moddalarning tarkibini o‘qing. Agar siz «poli» yoki «akril» bilan boshlangan komponentni ko‘rsangiz, bu plastik kukun bo‘lishi mumkin. 

Bir marta foydalaniladigan plastik paketlardan iloji boricha voz keching. Bu harakatlarning barchasi juda oddiy va katta kuch talab etmaydi. 

Eng muhimi, har birimiz atrofimizdagi plastik miqdorini kamaytirishimiz lozim. 

Buning uchun biz nimani iste’mol qilayotganimizga, uy-ro‘zg‘orda qanday buyumlarni ishlatayotganimizga, kundalik hayotda qanday buyumlardan foydalanayotganimizga e’tibor qaratishimiz lozim. Dunyo bir kechada o‘zgarmaydi. Ammo jamoatchilikning muammoga e’tibori va umumiy sa’y-harakatlari muammoni bartaraf qilishga ko‘mak berishi mumkin. 

Nurmuhammad Said tayyorladi

Mavzuga oid