«O‘lim guruhi»da kimlar omon qoladi? «Barsa» pley-offga chiqadimi? YeChL qur’asi bo‘yicha asosiy savollar
YeChL qur’asi yakunlarini ko‘rib chiqamiz.
Yozning so‘nggi kunida Chempionlar ligasi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 32 jamoa Yevropaning asosiy turniri guruh bosqichidagi raqiblarini bilib olishdi. Quyida turnir guruh bosqichidagi asosiy intrigalar ko‘rib chiqiladi.
A guruhi
- «Bavariya»
- «Manchester Yunayted»
- «Kopenhagen»
- «Galatasaroy»
Kvartetdagi asosiy qarama-qarshilik, albatta, «Bavariya» — «Manchester Yunayted» ishtirokidagi 1999 yilgi final remeykidir. O‘shanda mankunianliklar 0:1 hisobini qo‘shimcha daqiqalarda 2:1 ko‘rinishiga keltirgandi. Ammo bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida ustunlik nemislar tarafida: ularda to‘rt g‘alaba, inglizlarda esa atigi ikkita. Yana besh o‘yinda kuchlar teng kelgan.
Mantiqan, guruhdan aynan shu ikki jamoa keyingi bosqichga yo‘l olishi kerakdek. Myunxen amalda barcha guruhlarda favorit bo‘lib ko‘rinadi, ammo Tomas Tuxel boshqaruvi davridagi beqaror natijalar guruh masalasi ko‘ringani kabi oson bo‘lmasligi haqidagi fikrlarga undaydi. «MYu» esa ten Hag kelganidan keyin faqat o‘sishda davom etmoqda, transferlar bozorida yaxshi harakat qildi va bu mavsumda bir necha frontlarda kurashishga tayyor.
O‘z navbatida «Galatasaroy» ham barchani ajablantirishi mumkin. Turnirdagi ishtirokini 2-saralash raundidan boshlagan turklar jamoasi jozibali futbol namoyish etib, «Jalgiris», «Olimpiya» va «Molde» kabi jamoalarini yo‘ldan oldi. Bu jamoada so‘nggi yillarda pasayish kuzatilgandi, ammo Ikardi, Mertens, Torreyra, Anxelinio, Ziyosh, Zaa, Bakambu, Demirbay, Oliveyra kabi futbolchilardan yulduzli tarkib shakllantirgan jamoa yana ko‘tarilish bosqichida va kamida ikkinchi o‘rin uchun kurashib ko‘radi. «Kopenhagen» esa guruhda yaqqol favorit.
V guruhi
- «Sevilya»
- «Arsenal»
- PSV
- «Lans»
Yoz boshida «Sevilya» moliyaviy qiyinchiliklar tufayli futbolchilarini yoppasiga sotib yuborishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo amalda ispanlar nafaqat deyarli barcha yetakchilarini saqlab qolishdi (Saudiya Arabistoniga ketgan Bunudan tashqari), balki yangi futbolchilar uchun 32 million yevro sarflashdi. Lekin bu YeChLda shov-shuv ko‘tarishi dargumon, qolaversa, jamoa la ligada mavsumni o‘ta muvaffaqiyatsiz boshlab, uch turda uch bor mag‘lub bo‘lgan («Valensiya» va «Jirona»ga 1:2, «Alaves»ga 3:4 hisobida) holda turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida bormoqda. Shu bilan birga, qur’a jamoa uchun yomon tushmadi.
«Arsenal» — guruhda yuz foizlik favorit, ikkinchi yo‘llanma uchun esa yaxshi imkoniyat bor. O‘tgan mavsumda Fransiya chempionatida sensatsiya ko‘targan «Lans» yozda asosiy to‘purar futbolchilari Openda («Leypsig»ga) va Fofanani («An-Nasr») sotib yubordi, yangi mavsumni juda yomon boshladi (uch turda birgina ochko), ayniqsa «PSJ» bilan o‘yinda (1:3) jamoa birinchi bo‘limdan keyin qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatdi. PSV esa, yevrokuboklarda yaxshi tajribasi borligiga qaramay, top-ligalar vakillariga munosib raqobat ko‘rsatishi qiyin, qolaversa, eyndxovenliklarning o‘tgan mavsumdagi yetakchilari Simons va Gakpo endi tarkibda emas.
S guruhi
- «Napoli»
- «Real»
- «Braga»
- «Union Berlin»
«Real» — «Napoli» qarama-qarshiligi guruh bosqichining eng ko‘p qiziqishlarga sabab bo‘ladigan to‘qnashuvlaridan biri bo‘ladi. Madridliklar qayta qurish davriga o‘tdi, shu tufayli bu safar 2017 yildagi ssenariy takrorlanishi dargumon, o‘shanda 1/8 final bosqichida Zidan jamoasi Sarri boshqaruvidagi italiyaliklarni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:1 hisobida ortda qoldirgandi. Bu juftlik o‘yinlarini qiziqarli qiladigan yana bir jihat «Real»ning Xvicha Kvaratsxeliyaga qiziqish bildirayotganidir. Gurjistonlik vingerni Madridga chaqirishgandi va u u yerga boradi, faqat raqib jamoa safida. O‘tgan mavsumda Italiya chempioni bo‘lgan va YeChLda chorakfinalga yetib borgan neapolitanliklar bosh murabbiy Luchano Spalletti bilan xayrlashgan bo‘lsa-da, Osimhen va Xvichani tarkibda saqlab qoldi. Shunday ekan, madridliklar bilan birga pley-offga aynan shu jamoa chiqishi deyarli aniq.
«Braga» va «Union» esa uchinchi o‘rin uchun kurashuvchi ikkinchi darajali aktyorlar maqomida va bu kurashda yaqqol favorit yo‘q. Portugallar jamoasi yevrokuboklarda tajribaga ega, ammo berlinliklar o‘tgan mavsum davomida barchani hayratga solishdi va o‘rtamiyona tarkib bilan ham sovrindor o‘rinlardan birini qo‘lga kiritishdi, yangi mavsumni ham ikki yirik g‘alaba bilan boshladi: «Mayns» va «Darmshtadt» bir xil hisobda mag‘lub etildi - 4:1. Umuman olganda, berlinliklar so‘nggi to‘rt o‘yinida to‘rttadan gol urgan - avvalroq Germaniya kubogining birinchi bosqichi doirasida «Astoriya» darvozasiga javobsiz to‘rt gol yo‘llangandi, yangi mavsum startidan oldingi oxirgi o‘rtoqlik o‘yinida «Atalanta» 4:1 hisobida taslim etilgandi.
D guruhi
- «Benfika»
- «Inter»
- «RB Zalsburg»
- «Real Sosedad»
«Inter» va «Benfika» Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumida 1/8 final bosqichida o‘zaro raqib bo‘lgandi. O‘shanda ko‘pchilik bu juftlikda lissabonliklar jamoasini favorit sifatida ko‘rgandi, bu jamoa guruh bosqichida jozibali futbol namoyish etib, «PSJ»ni ikkinchi o‘rinda qoldirib ketgan, yakunda bu yulduzli tarkibga ega parijliklarga qimmatga tushgandi (fransuzlar pley-offning ilk bosqichidayoq «Bavariya»ga raqib bo‘lib, turnirni tark etgandi). Ammo amalda «Inter» intizomli futbol namoyish etib, yorqin futbol namoyish etuvchi jamoani turnirdan chiqarib yuborgandi (ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:3).
YeChLning amaldagi finalchisi sifatida «Inter» guruhda favorit hisoblanadi, jamoa bir qator yetakchilari bilan xayrlashgan bo‘lsa-da, yaxshi transferlar ham amalga oshirdi. O‘z navbatida, «Zalsburg» va «Real Sosedad» ham istalgan vaqtda porlab, grand jamoalarga muammo tug‘dira oladi. Shu jihatdan, bu kvartetdan istalgan natijani kutish mumkin.
Ye guruhi
- «Feyyenoord»
- «Atletiko»
- «Latsio»
- «Seltik»
Bu guruh «Atletiko» va boshqalardan iborat. Simeone jamoasi allaqachon Yevropaning to‘laqonli grandi va YeChLning doimiy ishtirokchisi sanaladi, shunday ekan, «Latsio» ham, «Seltik» va «Feyyenoord» ham bu jamoaga muammo tug‘dirishi kutilmayapti. Lekin ikki tajribali murabbiylar Simeone va Sarri o‘rtasidagi taktik qarama-qarshilikni kuzatish qiziq bo‘ladi. Bu yorqin va tomoshabop o‘yinlar bo‘lishi fakt emas, ammo aqlli futbol ishqibozlari uchun qiziq jihatlar topiladi. Guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqish uchun italiyaliklar asosiy da’vogar. «Seltik» va «Feyyenoord»da esa pley-offga chiqish uchun imkoniyat deyarli yo‘q. Bu jamoalardagi resurslarni Madrid va Rim jamoalariniki bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
F guruhi
- «PSJ»
- «Borussiya» D
- «Milan»
- «Nyukasl»
Chempionlar ligasining bu mavsumida ham «o‘lim guruhi» mavjud, bu guruhdagi har bir o‘yin katta qiziqishga sabab bo‘ladi. Bu kvartetdagi jamoalarning har biri boshqa guruhda pley-offga asosiy da’vogarlar sanalgan bo‘lardi, lekin guruh bosqichi yakunida bu jamoalardan biri hatto Yevropa ligasiga ham o‘ta olmaydi va yevrokuboklardagi ishtirokini kuzdayoq yakunlaydi.
Parijliklar qayta qurish bosqichida — Messi va Neymar ketdi, Mbappe qolgan bo‘lsa-da, uning jamoadagi o‘rni avvalgidek emas, jamoa yozgi transferlar oynasidagi eng faol klublardan bo‘ldi, ammo bu yosh futbolchilardan tezda kuchli jamoa shakllantirib bo‘lmaydi. Lekin parijliklar yakunda top-2ga kira olmasligini tasavvur qilish qiyin.
«Borussiya» Bellinghem va Gerreyru ketganidan keyin kuchsizlangan, bu bundesligadagi ilk o‘yinlarda ham sezildi: 1-turda «Kyoln» Malenning omad evaziga urgan goli bilan mag‘lub etdi (1:0), keyingi turda Malenning goli ham «Bohum»ni yengishga yordam bera olmadi (1:1). Lekin jamoada yevrokubok o‘yinlarida tajriba to‘plagan futbolchilar qolgan, qolaversa, yangi yulduzlar yetishib kelmoqda — jamoa Malendan tashqari Adeyyemi va Mukokoga ham tayanishi mumkin. Lekin Dortmund jamoasi va barqaror so‘zlari bir-biriga begona — jamoa ishonch bilan pley-offga chiqishi ham, guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketishi ham mumkin.
Bu klublarga «Milan» va «Nyukasl» jiddiy kurash taklif etadi. Italiyaliklar rivojlanishning amerikacha modelidan bormoqda va natijalarga tezda erishish emas, yosh futbolchilarni o‘stirishga urg‘u qaratmoqda. Boshqa tomondan o‘tgan mavsumda jamoa YeChLda yaxshi ishtirok etdi va bu muvaffaqiyatni takrorlashga urinib ko‘radi. Shu maqsadda jamoaga yana bir tajribali hujumchi Torimiy olib kelinmoqda.
«Nyukasl» esa saudiyaliklar qo‘liga o‘tganidan ko‘p o‘tmay YeChLga yo‘llanma oldi. Eddi Hau jamoasi — yosh va istiqbolli futbolchilardan tarkib topgan, ammo, APLning shiddatli sur’atini hisobga olgan holda, ularda ikki frontda ham munosib ishtirok etish uchun kuch yetishi haqida hozircha aniq gap aytib bo‘lmaydi.
Bu guruhda shaxsiy qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq qiziq intrigalar ham bor. «PSJ» darvozaboni Donnarumma Milanga qaytadi, bir necha yil muqaddam u «rossonerilar» fanatlari nafratini keltirgan holda bu yerdan ketgandi. «Milan»ning so‘nggi yillardagi yetakchisi Tonali ham «San-Siro»da maydonga tushadi: Sandro shu yozda 64 mln yevro evaziga «Nyukasl»ga transfer qilingandi.
G guruhi
- «Manchester Siti»
- «Leypsig»
- «Tsrvena Zvezda»
- «Yang Boyz»
Bu kvartetda barchasi hozirdan ma’lum. Guruhda YeChLning amaldagi g‘olibi va yaqqol favorit «Manchester Siti» bor, so‘nggi yillarda yevrokuboklarda yaxshi ishtirok etayotgan «Leypsig» bor, oldiga Yevropa ligasiga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan «Tsrvena Zvezda» va «Yang Boyz» klublari bor.
O‘tgan mavsumda YeChL 1/8 final bosqichida «Siti» «Leypsig»ga hech qanday imkon qoldirmagandi (7:0, 1:1). O‘shanda nemislar safida Gvardiol o‘ynardi, xorvatiyalik himoyachi yozda amplua bo‘yicha rekord narxda (90 mln yevro) «shaharliklar» safiga o‘tdi.
Bu guruhdagi asosiy intriga: Holand guruh bosqichida qancha gol urishi va bir o‘yinda ko‘p gol urish bo‘yicha turnir rekordini o‘rnata olishi bo‘yicha bo‘ladi. Hozircha norvegiyalik hujumchi YeChLda fenomenal darajada samaradorlik ko‘rsatmoqda – u uning urgan gollari soni o‘yinlar sonidan ko‘proq: 30 o‘yinda 35 gol!
N guruhi
- «Barselona»
- «Portu»
- «Shaxtyor»
- «Antverpen»
O‘tgan mavsumda «Barselona» haqiqiy o‘lim guruhiga tushgan va qatorasiga ikkinchi yil Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga o‘ta olmagandi. Bu safar esa guruhdan chiqish muammo bo‘lmasligi kerak, guruhdagi raqiblar butunlay boshqa darajada. «Portu» — yevrokuboklarda tajribaga ega mustahkam jamoa, o‘tgan mavsumda 1/8 finalda bo‘lajak finalchi «Inter»ga munosib qarshilik ko‘rsatgandi («ajdarlar» ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, 0:1 hisobida ortda qolgandi). Ammo yozda jamoaning ko‘p yillik yetakchisi Otavio Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi, asosiy to‘purari Mehdi Torimiy Milanga ketmoqda, markaziy himoyachilarining (Pepe, Markano) esa yoshi o‘tib qoldi, shunday ekan, portugaliyaliklar oldingidek o‘ynashini kutish qiyin.
«Shaxtyor» ham YeChLda yaxshi tajribaga ega, ammo saviya borasida kataloniyaliklarga raqobat qila olmaydi. «Antverpen» esa YeChLga har zamonda adashib kelib qoladigan jamoalar sirasiga kiradi. Albatta, «Barsa» bu jamoalarning istalgan biri bilan o‘yinda ochko yo‘qotishi mumkin, ko‘k-anorranglilar o‘yinida hali muammolar bor, ammo shu sharoitda ham guruh masalasini muddatdan ilgari hal qilish mumkin, agar bu safar ham qandaydir muammolar tug‘ilsa, Xavining jamoadagi kelajagi so‘roq ostida qoladi.
Mavzuga oid
11:17
«Siti» yana yutqazdi, «Barsa»da muhim g‘alaba. YeChLda kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
12:04 / 08.12.2024
«Siti» va «Barsa» yana ochko yo‘qotdi, Mbappe gol urishni boshladi
10:17 / 05.12.2024