O‘zbekiston | 02:26 / 25.02.2023
12123
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «spetsnazi» Dubaydagi musobaqada 1 ta oltin medalini qo‘lga kiritdi

UAE SWAT Challenge 2023 musobaqasida o‘zbekistonliklar 1 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda Rossiyaning «Axmat» «spetsnazi» g‘alaba qozondi.

Foto: UAE SWAT Challenge

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida maxsus kuchlar o‘rtasida an’anaviy UAE SWAT Challenge musobaqasi o‘tkazildi.

Turnir 5 kun davom etdi. Harbiylar taktika, shturm qilish, ofitserlar qutqaruvi, minorani egallash va to‘siqlardan o‘tish kabi musobaqalarda kuch sinashdilar.

O‘zbekiston IIV maxsus kuchlari guruhi turnirning 5-kuni to‘siqlardan o‘tish musobaqasida 38 ochko jamg‘arib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni 37 ochko bilan Rossiyaning «Axmat», uchinchi o‘rinni Qirg‘izistoning «Qalqon» spetsnazi egalladi.

Musobaqaning birinchi kunida (taktika) Rossiyaning «Axmat» spetsnazi, ikkinchi kunida (shturm) Dubay politsiyasi, uchinchi kunida (ofitserlar qutqaruvi) Rossiyaning «Axmat» spetsnazi, to‘rtinchi kunida (minorani egallash) Rossiyaning «Vityaz» spetsnazi g‘alaba qozondi.

Umumiy hisobda Rossiyaning «Axmat» spetsnazi 250 ochko bilan birinchi, Dubay politsiyasi 229 ochko bilan ikkinchi, Rossiyaning SOBR guruhi 216 ochko bilan uchinchi bo‘ldi. O‘zbekiston jamoasi yuqori uchlikka kira olmadi.

UAE SWAT Challenge 2023 — huquqni muhofaza qiluvchi maxsus kuchlar o‘rtasidagi norasmiy jahon chempionati. Bu yil unda 28 davlatdan 57 jamoa ishtirok etdi.

Mavzuga oid