O‘zbekiston | 07:59 / 03.12.2021
10160
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Avtomobil tarixi» dasturi ishlab chiqiladi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil tarixi” ma'lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

2022 yil 1 yanvardan e'tiboran “avtomobil tarixi” ma'lumotlarini (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi, yurgan masofasi, fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilganligi, yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi va boshqalar haqida) shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Ichki ishlar vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

  • agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “avtomobil tarixi” ma'lumotlarini olish imkoniyatini nazarda tutuvchi “Avtomobil tarixi” dasturini ishlab chiqib, yo‘lga qo‘yadi;
  • ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatining YaIDXP, Davlat xizmatlari markazlari, shuningdek veb-saytlar orqali avtomatik tarzda real vaqt rejimida ko‘rsatilishini ta'minlaydi;
  • YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi;
  • davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘imlarning Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron tarzda to‘lanishi imkoniyatini yaratadi.

Agentlik Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mas'ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davlat xizmatini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan quyidagi ma'lumotlarning 2022 yilning 1 yanvariga qadar raqamlashtirilishini hamda “Avtomobil tarixi” dasturida aks ettirib borish uchun axborot tizimlarining to‘liq integratsiya qilinishini, jumladan:

  • Ichki ishlar vazirligi – avtotransport vositalari agregat ma'lumotlarining (davlat raqami belgisi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi, rusumi/modeli, ishlab chiqarilgan yili, turi, kuzov/shassi raqami, to‘la/yuksiz vazni, dvigatel raqami va quvvati, yonilg‘i turi, o‘rindiqlar soni, alohida belgilari yoki o‘zgargan agregat ma'lumotlari (mavjud bo‘lsa), ro‘yxatga olingan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi hamda “Avtomobil tarixi” ma'lumotiga oid boshqa ma'lumotlar (davlat organlari tomonidan bevosita Ichki ishlar vazirligiga taqdim etib boriladigan ma'lumotlar bilan birga);
  • Adliya vazirligi – fuqarolik-huquqiy shartnoma (bitim)lar tuzilganligi haqidagi ma'lumotlarning, shuningdek avtotransport vositasining garovda ekanligi haqidagi;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi – avtotransport vositasiga nisbatan taqiq mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi;
  • Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi – yo‘l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda barcha sug‘urta tashkilotlariga yuborilgan yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi;
  • Transport vazirligi – avtotransport vositasidan yo‘lovchi tashish uchun litsenziya varaqasi berilganligi (berilmaganligi) to‘g‘risidagi;
  • Markaziy banki huzuridagi «Garov reyestri» DUK – avtotransport vositasining garovda ekanligi haqidagi;
  • Davlat bojxona qo‘mitasi – transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning axborot tizimiga taqdim etib borilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid