Joriy yilning 1 mayidan boshlab ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi BHMning 30 baravaridan 120 baravarigacha, ya’ni amaldagi 11 mln so‘mdan 45 mln so‘mgacha oshiriladi. Xo‘sh, ushbu qarorning O‘zbekiston ekologiyasiga ta’siri qanday bo‘ladi?
So‘nggi paytlarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda iqlim muammolari har qachongidan-da faollashgan: avvallari sersuv bo‘lgan vohalar cho‘lga aylanib ulgurdi, odamlar ichimlik suv uchun yaxshigina pul to‘lashyapti, havoning global isishi natijasida uzoq yillik muzliklar shiddat bilan erib ketyapti.
IQair portali ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda havo sifati keskin yomonlashgan. Xususan, poytaxt Toshkent azaldan havosi iflos bo‘lgan Hindiston va Pokiston shaharlarini ortda qoldirgan kunlarning ham guvohi bo‘ldik.
Ushbu muammoning bir qator sabablari bor. Masalan, poytaxtda avtotransport vositalaridan foydalanish darajasi respublikaning boshqa hududlariga qaraganda ancha yuqori. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda har 1000 kishiga 103 ta yengil avtomobil to‘g‘ri keladi va Toshkent shahri respublikadagi boshqa shahar va hududlarga qaraganda eng ko‘p avtomobilga ega shahardir. Bu esa tabiiyki, yoqilg‘i iste’moli natijasida havoning ifloslanishiga sabab bo‘ladi.
Elektromobillar va an’anaviy avtomobillarning tabiatga ta’siri
Dunyoning rivojlangan davlatlari tajribalariga yuzlansak, aholi zich va ko‘p bo‘lgan joylarda ekologik barqarorlikni saqlash uchun, jamoat transportlarini samarali yo‘lga qo‘yish va aholining elektromobillardan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash tizimi mavjud. Bunda jamoat transportlari aholiga qulayligi hamda narx siyosatining qat’iy tartibga solinganligi bilan ham ajralib turadi. Koreya Transport instituti tomonidan 2023 yilda e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, dunyoning aholi soni ko‘p bo‘lgan shaharlarida jamoat transport tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, bunda Xitoyning Hongkong shahri reytingda 1-o‘rinni egallagan. Shveytsariyaning Tsyurix shahri esa 2-o‘rinda, Shvetsiya poytaxti Stokgolm esa 3-o‘rinda qayd etilgan. Shaxsiy avtomobillarga qaraganda jamoat transportlari havo ifloslanib ketishining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, aholining elektromobillardan keng foydalanishi ham havo barqarorligini saqlab qolishda ahamiyatga ega. Yonilg‘i bilan harakatlanuvchi avtomobil va elektromobillarning tabiatga ta’sirini birgina quyidagi ma’lumotlar orqali solishtirishning o‘zi kifoya:
Elektromobillar elektr energiyasi hisobiga yurishi natijasida harakatlanganda havoga karbonat angidrid (SO2) gazini chiqarmaydi. An’anaviy benzin/dizelli avtomobillar esa bir kilometr masofaga harakatlanganda havoni o‘rtacha 150-200 gramm miqdorda karbonat angidrid gazi bilan zaharlaydi.









