Jamiyat | 22:06 / 29.03.2023
30958
8 daqiqa o‘qiladi

Otabek, Kumush, Umarshayx Mirzo – sun’iy intellekt o‘zbek adabiyoti qahramonlari va tarixiy shaxslar qiyofalarini yaratdi

Sun’iy intellekt «O‘tkan kunlar», «Sariq devni minib», «Ikki eshik orasi», «Boburnoma» kabi asar qahramonlari ta’rifiga mos suratlarini taqdim etishni boshladi. Midjourney Artificial Intelligence platformasiga qahramon ta’rifi kiritilgach, sun’iy intellekt unga moslab qiyofalar chizib beryapti.

O‘ztvitter foydalanuvchilari o‘zbek adiblarining asarlari asosida turli qahramonlar suratlarini e’lon qilishmoqda. Qiyofalar esa Midjourney Artificial Intelligence platformasiga qahramon ta’rifini kiritish orqali shakllantilmoqda. Buni Ahmad Sobitov ismli Tvitter foydalanuvchisi birinchilardan bo‘lib taklif qilgan.

«Mualliflar ta’riflari asosida kitoblar qahramonlari portretlarini yaratishga nima deysiz? Bu qanday ishlaydi? Qahramonga berilgan ta’rifni olamiz, original tekst asosida yaxshi promt formasiga solamiz», – deb yozgan u.

Shundan keyin Hikmatilla Ubaydullayev ismli foydalanuvchi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarida berilgan ta’rifga ko‘ra, Kumush qiyofasining sun’iy intellekt taqdim etgan varianti bilan ulashdi.

Kumush, Hikmatilla Ubaydullayev ismli foydalanuvchi taqdim qilgan surat

«O‘tkan kunlar»da Kumush tasviri quyidagicha “…quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilganda, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi... qop-qora kamon, o‘tib ketkan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilganda, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylanganda, kimdandir uyalg‘an kabi... Shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabiatning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilg‘an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi».

Kumushdan so‘ng O‘ztvitterda Otabekning ham sun’iy intellekt taqdim etgan varinati paydo bo‘ldi.

Otabek, Ahmad Sobitov ismli foydalanuvchi taqdim qilgan surat

Asarda Otabek quyidagicha tasvirlanadi: «Og‘ir tabiatlik, ulug‘ gavdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit».

Foydalanuvchilar sun’iy intellekning Otabekni Qodiriyning o‘ziga va aktyor Behzod Muhammadkarimovga o‘xshatishganini yozishgan.

Bobojonismli foydalanuvchi esa Zaynabning sun’iy intellekt chizgan variantini taqdim qilgan. Kitobda “Olim ponsadboshining qizi Zaynab “o‘n yetti yoshlar chamaliq, kulcha yuzlik, oppoqqina, o‘rtacha husnlik” deb ta’riflanadi.

Zaynab, Bobojonismli foydalanuvchi taqdim qilgan surat

Foydalanuvchilar orasida sun’iy intellekt chizgan suratlar asar qahramonlariga o‘xshagan yoki o‘xshamaganini muhokama qilishgan. Aziza ismli foydalanuvchi qahramonlar ularni kinoda o‘ynagan aktyor va aktrisalarga o‘xshab qolganini yozgan.

«Kumush, Otabek, Zaynab ham uni o‘ynagan aktyorlarga o‘xshaydi», – deb yozgan u.

Tarmoqda Zaha ismli foydalanuvchi O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» romani qahramoni Ra’no suratini ham ulashgan. Izohlarda bu rasm asardagi ta’rifga juda mos kelgani haqida yozishgan.

Ra’no, Zaha ismli foydalanuvchi taqdim qilgan surat

Sun’iy intellekt Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” kitobidagi dev va Hoshimjon obrazini ham chizgan.

Mirzo Zominiy ismli foydalanuvchi taqdim etgan surat
Bobojon ismli foydalanuvchi taqdim etgan surat

Shuningdek, O‘ztvitterda, “Alpomish” dostoni bosh qahramonlari Alpomish, Barchin va hatto To‘maris qiyofalari ham paydo bo‘ldi.

Alpomish, Farruh Sharipov ismli foydalanuvchi taqdim etgan surat
Barchin,Farruh Sharipov ismli foydalanuvchi taqdim etgan surat
To‘maris, Farruh Sharipov ismli foydalanuvchi taqdim etgan surat

Hikmatilla Ubaydullayev Sohibqiron Amir Temur va Usmoniylar imperiyasi sultoni Boyazid Yildirim shaxmat donalarini surayotgan surat bilan ulashdi.

Sohibqiron Amir Temur va Boyazid Yildirim / Hikmatilla Ubaydullayev ismli foydalanuvchi taqdim etlgan

“Midjourney sun’iy intellekt neyrotarmog‘i ikki buyuk hukmdorning shahmat dona surish o‘yinini tasavvur qilib ko‘rdi", – deb suratga izoh qoldirgan Hikmatilla Ubaydullayev.

Foydalanuvchi Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx Mirzo va nevarasi, astronom olim Mirzo Ulug‘bekning qiyofasini ham namoyish qilgan.

Umarshayx Mirzo, Hikmatilla Ubaydullayev ismli foydalanuvchi taqdim etgan surat
Mirzo Ulug‘bek, Hikmatilla Ubaydullayev ismli foydalanuvchi taqdim etgan surat

Bundan tashqari, Boburnama telegram kanalida sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan “Boburnoma”da keltirilgan ta’riflar asosida shaxs, voqea va joylarning illyustratsiyalari ham namoyish qilib borilyapti.

Masalan, “Boburnoma”da Farg‘onaga shunday ta’rif berilgan: “Farg‘ona kichik viloyatdir, g‘alla va mevasi farovon. Tevarak-atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan, g‘arbiy tarafida, ya’ni Samarqand va Xo‘jand tomonida tog‘ yo‘q. Ushbu yoqdan boshqa hech bir tomondan qishda dushman kela olmas”.

Farg‘ona, “Boburnoma”dagi ta’rifga ko‘ra Midjourney tasviri

Boburnoma”da Sayhun daryosiga berilgan ta’rif: “Sayhun daryosi Xo‘jand suvi nomida mashhur, u sharqu shimol tarafdan kelib, viloyatning ichi bilan o‘tib, g‘arb sari oqadi; Xo‘jandning shimoli va Fanokatning (hozir Shohruxiya sifatida mashhur) janubiy tarafidan o‘tib, yana shimolga burilib, Turkiston sari boradi. Turkistondan ancha quyiroqda bu daryo butunlay qumga singib ketadi, bironta darbga qo‘shilmaydi”.

Sayhun daryosi “Boburnoma”dagi ta’rifga ko‘ra Midjourney tasviri

Andijon soyiga berilgan ta’rif esa quyidagicha: “Andijon soyi O‘sh mahallalari ichidan o‘tib, Andijonga kirib boradi. Bu soyning ikkala tomoni ham bog‘lar bilan obod. Bog‘lar shundaygina soyga tutashib ketgan. Binafshasi behad nafis bo‘ladi. Oqar suvlari bor, bahori juda yaxshi bo‘ladi. Ko‘p lola va chechaklar ochiladi”.

Andijon soyi, Boburnoma”dagi ta’rifga ko‘ra Midjourney tasviri

Marg‘ilonning ta’rif esa shunday: “Yana biri Marg‘ilondir. Andijonning g‘arbida. Andijondan yetti yig‘ochlik yo‘lda. Yaxshi shaharcha, ne’matlarga boy: anori va o‘rigi juda ko‘p va yaxshi”.

Marg‘ilon, “Boburnoma”dagi ta’rifga ko‘ra Midjourney tasviri

Midjourney – sun’iy intellekt dasturi bo‘lib, ofisi San-Fransiskoda joylashgan. Loyihaga 2022 yilda asos solingan. Undagi Discord bot yordamida turli xil tasvirlarni yaratish mumkin. Bot ingliz tilida ishlaydi. Unga biror narsaning ta’rifi kiritilsa, o‘shanga mos tasvirni chizib beradi. Bu xizmat hozircha ochiq beta-versiyada ishlayapti.

Mavzuga oid