Isroil tajribasi: Oliygohlarda «ortiqcha» fanlarni o‘qitish qanchalik to‘g‘ri?
Isroil – bugungi kunning shubhasiz innovatsion davlatlaridan biri. Mustaqil bo‘lganiga 70 yil bo‘lgan, maydoni taxminan Farg‘ona vodiysi bilan teng bo‘lgan bu davlatning rivoj topishida ta'limning o‘rni katta. Isroilning o‘qitish uslubida ayrim jihatlar borki, uni chuqurroq o‘rganib chiqish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ta'limga munosabat
Isroildagi ta'lim tizimi boshqa Yevropa davlatlari bilan solishtirganda katta farq qilmaydi – ko‘p davlatlardagi kabi boshlang‘ich, o‘rta va oliy ta'lim. Lekin xalq va davlatning ta'limga bo‘lgan munosabatini odatiy deb atash biroz noto‘g‘ri. Buni «kvartet munosabat» deb ham nomlash mumkin: davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, o‘qituvchi kuchli ishtiyoq bilan bilim beradi, ota-ona bola muntazam band bo‘lishida bosh-qosh. Natijada o‘quvchi maqsad sari intilib ta'lim oladi.
Asosiy e'tiborni oliy ta'lim tizimiga qaratamiz. Isroil universitetlarining diplomi nufuzli hisoblanib, Yevropa va Amerikada qadrlanadi. Mamlakatda ham bakalavr diplomiga ega bitiruvchilar ish topishda deyarli muammoga duch kelmaydilar – oliy ma'lumotlilarning 95 foizi ish bilan ta'minlanadi. Texnologiya va muhandislik sohasidagi mutaxassislarning ayniqsa bozori chaqqon: ular ish izlab yurishlari shart emas, ish beruvchilarning o‘zlari kadrlar uchun kurash olib borishadi.
O‘ziga xos jihatlari
Isroilda, Yevropadan farqli o‘laroq, 18 yoshga qadar oliygohga o‘qishga kirishning iloji yo‘q. Deyarli barcha talabalar universitetga qadar harbiy xizmatni o‘taydi. Odatda xizmat qizlar uchun 2 yil, o‘g‘il bolalar uchun 3 yilni tashkil etadi. Bu ta'limda juda muhim omil sanaladi.
Kirish imtihonlarida xorijiy til bo‘yicha testlarda yuqori ball to‘plagan talabalar o‘qish mobaynida o‘sha fan ma'ruzalaridan ozod etilishi mumkin.
Ibroniy tilini bilish oliygohda ta'lim olayotgan barcha mahalliy talabalar uchun majburiy hisoblanadi.
Isroilda talabalar MDH davlatlaridagi kabi semestrlar yakunida fanlarni yopish uchun o‘qishmaydi – ular o‘zlari tanlagan sohalari bo‘yicha o‘qish paytidanoq ilmiy izlanishlar olib borishadi, aksariyati o‘z startap loyihasini yo‘lga qo‘yish uchun davlat tomonidan moddiy rag‘bat olishadi. Shu tariqa, nazariy va amaliy bilimlar bir nuqtada uyg‘unlashadi.
Universitetda nomutaxassislik fanlari o‘rgatiladimi?
Ta'lim oluvchilar nafaqat oliygohlarda, balki maktab davridan boshlab o‘zlari xohlagan fanlarni tanlab o‘rganishlari mumkin. Universitetlarda birinchi o‘quv yilidanoq asosiy e'tibor mutaxassislik fanlariga qaratiladi, ya'ni, majburiy ravishda o‘qitiladigan nomutaxassislik fanlari talabalar vaqtini o‘g‘irlamaydi. Umumiy bilimlar o‘rniga sohaning tor doirasidagi fanlar chuqur o‘rganiladi.
O‘qituvchilar masalasi
Isroil oliygohlarida professor o‘qituvchilarni hatto talabalar ham ismi bilan chaqirishadi. Bu yerda professorlarga rasmiy ohangda murojaat qilish kerak, degan stereotip yo‘q. Buni o‘qituvchi va talaba o‘rtasida yaqin munosabat yo‘lga qo‘yilishida foydali, deb hisoblash mumkin. Bugungi kunda, umuman ta'lim sohasi vakillari o‘rtacha 4500 AQSh dollari miqdorida maosh olishadi va bu mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqidan 3 barobar ko‘p demakdir.
Nobel mukofoti sovrindorlari
Isroilliklar nobel mukofotini qo‘lga kiritish borasida yetakchi hisoblanishi yangilik emas. Umumiy hisobda 200ga yaqin yahudiy millatiga mansub olimlar, 10dan ortiq isroilliklar bu mukofotga loyiq deb topilgan.
Mening fikrim
Tahlil natijasini aytadigan bo‘lsak, Isroil va O‘zbekiston ta'lim tizimlari o‘rtasida bir qarashda yaqqol ko‘zga tashlanadigan katta farq yo‘qdek. Chunki ularda ham o‘sha qat'iy intizom mavjud, oliygohda 3 marta ma'ruzani qoldirgan talaba yakuniy nazoratga kiritilmaydi, talabalar yetakchilik mahoratini oshirish maqsadida o‘zimizdagi Yoshlar ittifoqiga o‘xshash harakatlarga a'zo bo‘ladilar.
Lekin savol tug‘iladi: Natija qanday? Bizdan ham «Nobelchilar» chiqadimi?
O‘zbekistondagi aksariyat talabalar universitetdagi o‘quv jadvaliga kiritilgan ba'zi fanlardan shikoyat qilishadi: «Men huquqshunos bo‘lmoqchiman, oliy matematikani o‘zim xohlamasdan o‘rganishimdan nima naf?»
Balki Isroildagi kabi mutaxasislik fanlariga ko‘proq kuch berib, «ortiqcha» fanlarni kesish hisobiga mustaqil ta'lim va qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun vaqt ajratgan ma'quldir? Turli sohalarda qisman va yuzaki bilim olish o‘rniga, bor diqqatni avvalboshdan muayyan yo‘nalishga qaratgan nechog‘lik foyda keltirar ekan? Axir resurslar (e'tibor, vaqt, kuch) qayerga eng ko‘p yo‘naltirilsa, shu yerda natija salmoqliroq bo‘ladi-da!
Atrofdagilarning munosabati va tashqi muhit omilini ham katta sahnaga taklif qilgan bo‘lardim. Isroilliklar yosh bolalar to‘g‘risida faqat pozitiv fikrlashadi, har bir bolada qandaydir iste'dod borligiga ishonishadi. Bola kichik yutuqqa erishgan taqdirda ham, rag‘bat-u maqtovlar qurshovida qolib ketadi va o‘zida qobiliyat borligiga ishonib, yanada yaxshiroq bo‘lishga urinadi. Ota-onasi tomonidan matematika, xorijiy tillarni yoshlikdan o‘rganishga muntazam ruhlantirib boriladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda ta'limga qiziqish ham yoshlar, ham ularning ota-onalari orasida sezilarli darajada ko‘tarilgani bor gap. Ammo oliygohni bitirgandan keyin baribir ish yo‘qku, deydiganlarning ta'siri yoki «O‘qib, olim bo‘larmiding?» degan ruhiyatda salbiy aks etuvchi fikrlar bilan «nobelchilar»ni tarbiyalash ikki barobarga qiyinlashishi tabiiy hol, albatta. O‘zimizning ta'limga nisbatan munosabatimizni ham tubdan o‘zgartirsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Isroilliklar har bir ishning ijobiy natijasiga ishonishadi, harakat qilishadi, bajarishadi va bu reallikda amalga oshadi. Ruhiyat – doim birlamchi bo‘lgan.
Eldor Vohidov
Mavzuga oid
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
14:47 / 18.12.2024