08:25 / 12.04.2023
12394

Rossiya qit’alararo raketa sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi qit’alararo ballistik raketa muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Astraxan viloyatidan uchirilgan qit’alararo raketa Qozog‘istondagi poligonda nishonga tegdi.

Foto: pravda.com

Rossiya Mudofaa vazirligi qit’alararo ballistik raketa (QBR) muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini e’lon qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Astraxan viloyatidagi Kapustin Yar poligonidan uchirilgan yerustida joylashuvchi QBRning o‘quv jangovar kallagi Qozog‘istondagi Sari-Shagan poligonida nishonga tegdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi raketa uchirilishidan maqsad «qit’alararo ballistik raketalar uchun istiqbolli jangovar texnikani sinovdan o‘tkazish» ekanini bildirdi. Vazirlik bayonotida aytilishicha, sinovlar «yangi strategik raketa tizimlarini yaratishda foydalanilgan sxema va texnik yechimlarning to‘g‘riligini tasdiqlash» imkonini berdi.

So‘nggi yillarda, ayniqsa Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng, xalqaro kuzatuvchilar Moskvani harbiy tahdid yaratishda bir necha bor ayblashdi. 25 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘n yilliklar ichida birinchi marta Rossiya taktik yadro qurolini mamlakatdan tashqarida, – Belarusda mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenko bilan kelishilgan holda joylashtirish niyati borligini ma’lum qildi. Bunday qurollar qit’alararo ballistik raketalar yordamida nishonga yetkaziladigan strategik yadroviy qurollarga qaraganda kichikroq masofaga va buzg‘unchi kuchga ega.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Belarus hududida Rossiyaning taktik yadro qurollarini joylashtirish uchun maxsus ombor qurilishi 1 iyul kuni yakunlanishi kerak. O‘nta samolyot ushbu turdagi qurollardan foydalanishga tayyor, «Iskandar» tashuvchi kompleksi taqdim etildi, dedi Rossiya Federatsiyasi prezidenti.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Rossiya yadro qurolining Belarusda joylashtirilishini «mas’uliyatsiz eskalatsiya va Yevropa xavfsizligiga tahdid» deb atadi hamda buning uchun Moskvaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi.

Top