O‘zbekiston | 19:23 / 21.07.2016
10547
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlar genafondi kompleks ravishda muhofaza qilinadi

21 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Parlament a'zolari o‘z ishlarini yangi tahrirdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama etishdan boshladilar. 

Qonun loyihasi biologik xilma-xillikning ajralmas qismi sifatida yovvoyi hayvonlar genafondi kompleks ravishda muhofaza qilinishini ta'minlashni nazarda tutadi. Qonun loyihasida davlat organlarining vakolatlari aniq ko‘rsatib qo‘yilmoqda va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish yuzasidan ularning vazifalari belgilab berilmoqda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirok etishiga taalluqli normalarni mustahkamlab qo‘yishga alohida e'tibor qaratilgan. 

Qonun loyihasini tayyorlash chog‘ida davlat boshqaruvining, fuqarolik jamiyati institutlarining turli darajalarida uning amaliy muhokama qilinishini tashkil etishga katta e'tibor qaratildi. Qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida yetakchi mutaxassislar, olimlar, tegishli sohalar amaliyotchilari, fuqarolik institutlari vakillaridan iborat Qonunchilik palatasi qo‘mitalari huzurida tashkil etilgan ekspert guruhlari a'zolari faol ishtirok etdilar.

Qonun loyihasining muhokamasi parlament quyi palatasining Demokratik kuchlar bloki va muxolifatdagi fraksiyalari yig‘ilishlarida ham bo‘lib o‘tdi, yig‘ilishlar yakunlariga ko‘ra ushbu normativ-huquqiy hujjat yuzasidan ularning nuqtai nazari shakllantirildi. Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra ushbu qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.