O‘zbekiston | 12:02 / 27.09.2022
91153
12 daqiqa o‘qiladi

9-sinfni bitirib tibbiyot akademiyasiga grantga kirgan, biroq o‘qishga qabul qilinmagan 16 yoshli qiz hikoyasi

O‘rta maktabning 11 sinfi yoki akademik litseyni bitirmasdan DTM imtihoniga qatnashish mumkin emas. Ammo qizig‘i, DTM bazasi 16 yoshli Nafisaning 9-sinf shahodatnomasini qabul qilgan va u Toshkent tibbiyot akademiyasiga davlat granti asosida o‘qishga kirgan.

Nafisa Ravshanova Kun.uz’ga imkonsizdek ko‘ringan ishlar qanchalik imkonli ekani, neyroxirurgiya va genetikaga oid orzulari va qisqa muddatda balli eng yuqori «yuradigan» tibbiyot oliygohiga kirish yo‘li haqida so‘zlab berdi.

Nafisa Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. 2021/22 o‘quv yilida 9-sinfni tamomlagan. 8-sinfdan beri repetitorga boradi, hozir ham o‘qishni davom ettirmoqda.

Nafisa Ravshanovaning shaxsy arxividan

«Ayni paytda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademiy litseyning 1-bosqich talabasiman. O‘tgan yili 8-sinfni bitirgan paytim men bilan repetitorga boradigan o‘quvchi o‘qishga topshirib ko‘rdi, o‘zini sinash uchun. Kontrakt asosida kirgandi, ammo o‘qimadi. O‘shanda men ham havas qilib, 9-sinfni bitirib o‘qishga topshirishga harakat qilib ko‘raman, deb o‘ylaganman.

Shu yil 26 avgustida 16 yoshga to‘lib, ID karta olishim kerak edi. Ammo men ota-onamga o‘qishga topshirishimni aytib, ID kartani ertaroq, 25 aprelda oldim. 9-sinfni bitirganimda shahodatnomani tug‘ilganligim haqidagi guvohnoma bilan emas, balki ID karta ma’lumotlarim bilan berishdi. Iyulda o‘qishga onlayn hujjat topshirishda ID karta ma’lumotlarimni kiritdim.

«Attestatingiz ma’lumotini kiriting» degan joyiga ID karta ma’lumotlarimni kiritishim hamono shahodatnomamning ma’lumotlari ham chiqdi. Davom etib ketaverdim. 5ta tibbiyot OTMni tanladim — birinchisi Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash ishi yo‘nalishi edi. O‘zim Tibbiyot akademiyasida o‘qishni orzu qilganim uchun shu universitetni belgiladim.

Baza menga xato raqam kiritilgan yoki shahodatnoma maqbul emas demasdan, hujjatlarimni qabul qildi. Onlayn hujjat topshirish men uchun yaxshi bo‘ldiki, agar hujjatlar oflayn olinganda meni 9-sinf shahodatnomasi bilan qabul qilishmasligi aniq edi. Imtihon kunlari e’lon qilindi, menga testga kirish uchun ruxsatnoma ham berildi.

To‘g‘ri, bu ish qonunan to‘g‘ri emasdi, ammo baza mukammal bo‘lishi, 9-sinf shahodatnomasini qabul qilmasligi kerak edi-ku?! Demak, imkoniyat bor ekan, dedim va yo‘limda davom etdim.

«178,4 ball bilan grantga o‘qishga kirdim»

9 avgust kuni imtihonga kirib, ikkita asosiy — kimyo va biologiya hamda 3ta majburiy fandan imtihon topshirdim. Imtihonning ertasiga test javobi chiqdi, 178,4 ball to‘plagan ekanman. Ammo mandat chiqqandan keyin kirgan yoki kirmaganim aniq bo‘ladi. Umid qilib kutdim.

Mandat 27 avgust kuni chiqdi — Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash ishi yo‘nalishiga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildingiz, degan SMS keldi. Judayam xursand bo‘lib ketdim. Chunki kirishimga boshida hech ishonmagandim. Birinchi urinishimda o‘zim niyat qilgan o‘qishimga kirdim. Bu imkoniyatdan foydalanish kerak, deb hisobladim va menga imkoniyat yo‘q ekan, deb ketgim kelmadi.

«Ammo tibbiyot akademiyasi meni qabul qilmadi»

Agar o‘qishga qabul qilishmasa, litseydan ham quruq qolib ketmay deb, 31 avgustda litseyga hujjat topshirish uchun Toshkentga keldik — dadam, opam va men. Birinchi universitetga bordik va bizga aytishdiki, 11-sinf attestati bo‘lmasa qabul qilinmaydi, attestatsiz oliy ta’lim diplomi berilmaydi. Yaxshi tushuncha berib yuborishdi. Shundan keyin litseyga borib hujjatlarimni topshirib keldim.

Shu yil 5 sentabrgacha bayram tufayli dam olish kunlari tugagach, shu kundan boshlab harakatni boshladik — prezidentga murojaatnoma, Oliy Majlis Senati va Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovga xat yozdik. Murojaatning asosiy sababi — o‘qishga ruxsat berish edi.

9-sinfni bitirgan bo‘lsam ham, taxmin bilan kirib ketmadim, bu natijamning orqasida 2 yillik olgan bilimlarim yotibdi. O‘zim o‘qib tayyorlanganman, axir.

Agar statistikaga qaraydigan bo‘lsak, 50 foizdan ko‘proq abituriyent o‘tish ballini ham yig‘a olmadi. Ular ham 11 yillik ta’limni yoki o‘rta maxsus ta’limni o‘qigan-ku?! Agar shu 11 yil o‘qish nimanidir hal qilsa, biz statistikada buning isbotini ko‘rgan bo‘lardik.

Hozir imkoniyat berishlarini so‘ragan bo‘lardim, shu 2 yilimni til o‘rganishga sarflagan bo‘larmidim… Baribir litseyga o‘qishga boryapman, chunki o‘qishga topshirish vaqti kelguncha bilganlarimni esdan chiqarishni xohlamayman.

«Ustozlarim bilan kitob chiqardik, men masala tuzdim»

9-sinfda biologiyadan shahar bosqichida birinchi o‘rinni, viloyat bosqichda 2-o‘rinni egallaganman. O‘tgan yili biologiya ustozim bilan birga «Molekulyar biologiya va bioenergetikadan masalalar to‘plami» nomli abituriyentlar va o‘qituvchilar uchun to‘plamni nashrdan chiqardik. Mening asosiy vazifam — masala tuzish bo‘lgan. Bazasini ustozim shakllantirib berganlar. Kitobni ustozimning shogirdi boshlab qo‘ygan edi, ma’lum sabablarga ko‘ra, ular Toshkentga ketganlar va men kitobning qolgan qismini tugatib qo‘yganman.

Nafisa va ustozlari birgalikda tuzgan to‘plam.

O‘zbekistonda kam tarqalgan va unchalik taniqli bo‘lmagan yo‘nalish — neyroxirurgiyani tanlaganman. Maqsadim shu sohani rivojlantirish, shunchaki shifokor bo‘lishdan ko‘ra, tanlagan yo‘nalishim bo‘yicha ilm bilan shug‘ullanishni xohlayman.

Neyroxirurgiya bo‘yicha shifokor bo‘lish oson emas, chunki miyadagi o‘simtalar yoki nerv sistemasi bilan bog‘liq kasalliklarni davolash ancha yuqori bilim, kuch va mas’uliyatni talab qiladi. Siz ko‘p o‘qishingiz va o‘z ustingizda ishlashingiz kerak bo‘ladi. Fanda yangiliklar yaratish niyatim bor. Bitta yo‘nalishda qotib qolmasdan, tezroq neyroxirurgiyaga oid bilimlarimni oshirgach, bioinjineriya va genetika borasida ham ilmiy ishlar qilish niyatim bor.

Ammo buning uchun chet elda o‘qib kelishim kerak, deb o‘ylayman. Chunki O‘zbekistonda bu yo‘nalishlar unchalik rivojlanmagan. Mavjud bo‘lsa ham XX asrdagi yutuqlar haqida gapiriladi. Ammo men so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar joriy etilganini deyarli ko‘rmadim.

«Ota-onam tanlovni o‘zimizga qoldirgani muvaffaqiyatimizni ta’minlagan»

Har kim muvaffaqiyatga erishganda, unda yolg‘iz o‘zining hissasi bo‘lmaydi. Avvalo, Allohdan minnatdorman — meni tushungan, qo‘llagan, «qiz bola o‘qishi shart emas», degan stereotiplardan tashqarida fikrlaydigan ziyoli ota-onani bergani uchun. Biror marta mana shu kasbni tanlaysan, deb aytmaganlar.

Tanlovni o‘zimizga qoldirganlari va tanlagan sohamizni sevib o‘qiganimiz uchun natijaga erishganmiz. Opamga ham chegaralar qo‘yilmagan, u ham o‘zi xohlagan yo‘nalishni tanlab moliya institutiga o‘qishga kirgan.

Har qanday moddiy va ma’naviy qo‘llovni ota-onamdan olganman. Biz ota-onamizning aksimiz, bizga bergan tarbiyasining aksimiz.

Oilada 3 nafar qizmiz — hech qachon qiz bola bo‘lganimiz uchun o‘qishimiz shart emasligi haqida gap bo‘lmagan yoki o‘qishimizga yengil qaralmagan. Oilamizda farzand qiz yoki yigitga ajratilmaydi, ota-onam bizga inson nuqtayi nazaridan gapiradi. Ya’ni qiz bola unday, o‘g‘il bola bunday bo‘lishi kerak degan tushunchalarga ko‘ra ajratib ko‘rsatmaydilar. Bu xislatlarini, menga bergan tarbiyalarini qattiq hurmat qilaman. Nimadir kamchiligim bo‘lsa o‘zimniki, yutug‘im ota-onamniki deb bilaman.

Nafisa unga ta’lim bergan ustozlarini ham unutmaydi.

«Menimcha, 2 yilda bunday natija ko‘rsatishimda biologiya fanidan ustozim Narzullo Qodirov va kimyo fanidan ustozim Dilshod Norqulovning mehnati va mashaqqati katta. Ulardan doim minnatdor bo‘lganman», — deydi u.

Nafisaning kelgusidagi o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab, xayrlashdik. Uning bir gapi bizningcha juda muhim: «Agar maktabda 11 yil o‘qish nimanidir hal qilsa, biz o‘qishga kirish statistikasida buning isbotini ko‘rgan bo‘lardik». Darhaqiqat, Nafisadek bilimli yoshlarni maktabda yana ikki yil vaqtini yo‘qotmasdan, o‘qishga qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘yish vaqti yetmadimikin?

Shu o‘rinda, nega DTM bazasi 9-sinf bitiruvchisining hujjatini qabul qilgani, u o‘qishga kirgan bo‘lsa-da, o‘qiy olmaydimi kabi savollar yuzasidan DTM matbuot xizmati bilan bog‘landik. DTM bosh mutaxassisi Jamshidbek Odilov bu borada tushuntirish berdi. 

«O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunida umumiy o‘rta (o‘n bir yillik ta’lim), o‘rta maxsus (to‘qqiz yillik tayanch o‘rta va ikki yillik o‘rta maxsus ta’lim), boshlang‘ich professional ta’lim (to‘qqiz yillik tayanch o‘rta va ikki yillik boshlang‘ich professional ta’lim) olgan shaxslar, shuningdek, ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi (to‘qqiz yillik umumiy o‘rta va uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi) olgan shaxslar oliy ma’lumot olish huquqiga egaligi belgilangan.

Shu sababli abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishda umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat ma’lumotlarini tizimga kiritadilar va talabalikka tavsiya etilgan taqdirda mazkur hujjatning aslini ilovasi bilan oliy ta’lim muassasasiga taqdim etadilar.

Bunda Davlat test markazining abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish tizimi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan bo‘lib, joriy yil bitiruvchilarining tugatgan ta’lim muassasasi bo‘yicha ma’lumotlari vazirliklarning axborot tizimlaridan real vaqt rejimida olinadi», - deydi u. 

Ta’kidlanishicha, Nafisa Ravshanova 2022-yil 28-iyun kuni Davlat test markazining my.dtm.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tish uchun ID-kartadagi shaxsiy raqam tizimga kiritilgan vaqtda uning pasport ma’lumotlari Davlat personallashtirish markazidan, tugatgan ta’lim muassasasi bo‘yicha ma’lumotlar esa Xalq ta’limi vazirligidan real vaqt rejimida olingan. 

«Bunda Nafisa Ravshanovaning ma’lumotlari Xalq ta’limi vazirligining axborot tizimidan joriy yil bitiruvchisi sifatida taqdim etilgan. Shu sababli Nafisa Ravshanova abituriyent sifatida ro‘yxatga olingan va test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan», – deb tushuntirish beradi Odilov.

Madina Ochilova. Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid