18:01 / 01.06.2019
35658

O‘rta-maxsus ma'lumotli o‘qituvchilarga 7 yo‘nalishda sirtqi bo‘limlarga o‘qishga kirish imkoniyati yaratiladi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yilning 29 aprel kuni ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, bosqichma-bosqich oliy ma'lumotli mutaxassis o‘qituvchilar sonini 100%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Hozirda xalq ta'limi tizimida o‘rta-maxsus ma'lumotli pedagoglar soni o‘qituvchilar umumiy sonining 14% ini yoki 63043 nafar mutaxassisni tashkil etadi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi.

Mazkur o‘qituvchilarga oliy ma'lumotli bo‘lishlari uchun qator imkoniyatlar yaratilgan. Respublikada faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlari 7 ta yo‘nalish bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlariga mutaxassislarni qabul qiladi. Bular –  boshlang‘ich, maktabgacha ta'lim, jismoniy tarbiya, mehnat, tasviriy san'at, musiqa, pedagogika va psixologiya.

Pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalarining sirtqi bo‘limlariga 3 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan, o‘rta maxsus ma'lumotli abituriyentlar test natijalariga ko‘ra qabul qilinadi.

O‘rta-maxsus ma'lumotli o‘qituvchilar ta'lim tizimida faoliyat yuritishni istasalar, hozirdan oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, oliy ma'lumotli bo‘lishga harakat qilishlari kerak.

O‘z navbatida, Xalq ta'limi vazirligi boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda o‘rta-maxsus ma'lumotli o‘qituvchilarning oliy ma'lumotli bo‘lishi uchun keng imkoniyat yaratib berish ustida ish olib bormoqda.

2019-2020 o‘quv yili uchun pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalarining sirtqi ta'lim yo‘nalishlari uchun qabul kvotalarini oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Chekka tog‘li va cho‘l hududlarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarga oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli qabul kvotalarini belgilash mexanizmi joriy etish rejalashtirilgan. Aksariyat o‘rta-maxsus ma'lumotli mutaxassislar shu hududlardagi maktablarda dars berishadi.

Bu yilgi yangiliklardan yana biri shuki, pedagoglar hujjatlarini uchta oliy o‘quv yurtiga topshirishlari mumkin. Bu ularning o‘qishga kirish imkoniyatini yanada oshiradi.

Top