17:42 / 06.09.2022
9713

Darsliklar ijarasi keyingi yillarda ham bepul bo‘ladimi?

Bu yil maktab darsliklari ijarasi uchun ota-onalardan yig‘ilishi ko‘zda tutilgan qariyb 500 mlrd so‘m mablag‘ prezident tashabbusi bilan budjetdan qoplandi. Keyingi yillarda-chi, degan savolga javoban xalq ta’limi vaziri o‘rinbosarlarining ma’lum qilishicha, kelgusi yillarda qanday yo‘l tutilishi masalasiga davlat budjetini qabul qilishda aniqlik kiritiladi.

Foto: Kun.uz

Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Temur Komilov maktab darsliklari kelgusi yillarda ham bepul bo‘ladimi, degan savolga javob berdi.

“Bu yil maktablarni kitoblar bilan ta’minlash uchun 1,1 trln so‘m mablag‘ zarur bo‘lib, shundan 605 mlrd so‘mi davlat budjetidan qoplanishi, qolgan qismi esa ijara mablag‘lari tushumlaridan shakllantirilishi ko‘zda tutilgan. Bu yil shu 500 mlrdga yaqin summa prezident tashabbusi bilan davlat budjetidan yo‘naltiriladi.

Bu tizimning shaffofligi, samaradorligini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berilgan. Bu yengillik faqat joriy o‘quv yiliga taqdim etilgan”, – deya Komilovning 6 sentabr kungi matbuot anjumanida aytgan so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev bu masalada qo‘shimcha qildi.

“Ishchi guruh o‘rganishi natijalaridan kelib chiqib, bu jarayon keyinchalik qanday bo‘lishi keyingi yil budjetining tasdiqlanishida hukumat tomonidan belgilanadi va Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan budjet asosida, ko‘ramiz”, – dedi Sharifxo‘jayev.

Usmon Sharifxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, darsliklar ijarasi Xalq ta’limi vazirligi uchun ham tashvishli bo‘lgan.

“Aslida ijara puli masalasi xalq ta’limi sohasi vakillari, ya’ni ustozlar, kutubxonachilar uchun og‘riqli edi. Chunki ota-onalardan u pullarni yig‘ib olish, kerakli hisobraqamiga tushirish ancha muammo bo‘lib, ko‘p mehnat va vaqt talab qilardi”, – dedi vazir o‘rinbosari.

  • UPD. Matbuot anjumani oxirida darsliklar ijarasi doimiy bepul qilingani haqida qo‘shimcha tuzatish-ma’lumot berildi.
Top