Korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda u bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021—2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ishlab chiqilgan.
Ta’kidlash joiz, yurtimizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unda “korrupsiya”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar” tushunchalari berilgan, “korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik”, “korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni himoya qilish” kabi tushunchalar ishlatilgan, lekin amaldagi Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar”ga qaysi turdagi jinoyatlar kirishi nazarda tutilmagan.
Shu sababli mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to‘ldirilib, 15 turdagi jinoyat tarkiblari korrupsiyaga oid jinoyatlarga kiritilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun aybdor shaxsga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirish maqsadida, jinoyatlar mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
“Pora olish”, “pora berish” va “pora olish-berishda vositachilik qilish” qilmishlari uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalarining uchinchi qismi sanksiyasi og‘irlashtirilib, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Statistika bo‘yicha mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2018 yilda 556 mlrd, 2019 yilda 1,858 trln, 2020 yilda 500,1 mlrd, 2021 yilning 9 oyida 658 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Mazkur qonun loyihasi bilan mansabdor shaxslarga nisbatan choralar kuchaytirilmoqda. Ya’ni “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”, “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”, “Hokimiyat harakatsizligi”, “Mansab soxtakorligi” va “Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi” jinoyatlar agar “g‘arazgo‘ylik” niyatida sodir etilsa, korrupsiyaviy jinoyat hisoblanishi belgilanib, mazkur harakatlar uchun og‘irroq jazolar belgilanyapti.
Shuningdek, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tatbiq qilinmasligi nazarda tutilmoqda.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga yengillashtiruvchi normalarni qo‘llashni cheklash maqsadida, javobgarlikdan va jazodan ozod qilish muddatlari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan korrupsiyaviy jinoyatlar uchun 10 yil, og‘ir va o‘ta og‘ir korrupsiyaviy jinoyatlarga nisbatan esa tatbiq etilmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasi mamlakatda korrupsiyaning oldini olishga, korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga, xalqaro reyting va indekslarda yurtimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Zuhra Shodiyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Mavzuga oid
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
12:00 / 11.12.2024
Netanyahu korrupsiya bo‘yicha ish yuzasidan sudda ko‘rsatma berishni boshladi
21:00 / 09.12.2024
200 dollarlik fotosurat, “ish bitirgan” kurka bolalari va qo‘shmachining “tanka”si – noodatiy poralar
19:53 / 10.09.2024