Jahon | 17:09 / 27.11.2022
45660
6 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy «Moskvich-3», rulsiz va pedallarsiz avtomobil va AQShning o‘ta maxfiy B-21 samolyoti - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

«Suzuvchi shahar»

Saudiya Arabistoni toshbaqa shaklidagi ulkan yaxta qurishni rejalashtirmoqda. Pangeos deya nomlanuvchi ushbu loyiha italiyalik dizayner Piyerpaolo Latsarini tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qurish ishlari 8 yil va 8 mlrd dollar talab qiladi.

Dizaynerlarning ta’kidlashicha, toshbaqa ko‘rinishidagi futuristik suzuvchi shahar dunyoda hozirgacha qurilgan eng katta suvda harakatlanuvchi inshoot bo‘ladi. Uning uzunligi 550 metrni, eni esa 610 metrni tashkil etishi mumkin. Ulkan yaxtada hotellar, savdo markazlari, parklar, villalar va klublar bo‘ladi.

Pangeos 16800 ot kuchiga ega 9 ta Hs dvigateli bilan jihozlanadi. Gigant quyosh panellari va dengiz to‘lqini energiyasidan kuch oluvchi generatorlar uni tok bilan ta’minlaydi. Yaxta 6000 ta yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish ishlari qachon boshlanishi hozircha noma’lum.

Zamonaviy «Moskvich-3»

Foto: RIA Novosti

Rossiyada mamlakatdan chiqib ketgan Renault kompaniyasi zavodida «Moskvich-3» avtomobillarini seriyali yig‘ish boshlandi

Rossiya sanoat va savdo vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mashinalar sotuvi boshlanishi joriy yilning dekabriga rejalashtirilgan.

«Ko‘pchilik Rossiya avtosanoati shu bilan tugaydi deb o‘ylagan edi, lekin aslida bu yangi ishlab chiqarishni jonlantirish uchun turtki bo‘ldi. Hozirda eski «Moskvich» brendi ostida yangi modelni ishlab chiqarish boshlanmoqda va bu tarixiy voqea. Umid qilamanki, bir necha yildan so‘ng biz o‘z platformamizda elektromobillar ishlab chiqarishni ham boshlaymiz», — deya ta’kidlagan Moskva meri Sergey Sobyanin.

«Moskvich-3» 150 ot kuchiga ega, 1,5 litrli benzinli turbodvigatel bilan jihozlangan ixcham krossover bo‘ladi.

Rulsiz va pedallarsiz avtomobil

Foto: carsales.com.au

Waymo kompaniyasi to‘liq elektr bilan yuradigan yangi MINIVAN’ni taqdim etdi. Mashina rul va pedallarsiz ishlab chiqilgan. Bu vazifalarni uchta sensorli ekran bilan bajarish mumkin. Bundan tashqari, sensor ekranlardan manzilni tanlash uchun ham foydalaniladi.

Mashinada 5 kishilik o‘rindiqlar mavjud. Shuningdek, MINIVAN ichini dam olish joyi, yig‘ilishlar uchun ko‘chma ofis, bolalar o‘qishi uchun xona yoki dam olish hududiga aylantirish ham mumkin. Mashina hozircha sinovdan o‘tkazilyapti.

Ma’lumot uchun, odatda haydovchisiz mashinalar odamlarni, belgilarni va xavflarni aniqlash uchun sun’iy intellekt yordamida qayta ishlanadigan yuz minglab ma’lumotlar bazasi bilan o‘qitiladi.

Kompyuterlar tarmog‘i ma’lumotlarni qayta ishlaydi, ular GPS bilan birgalikda atrofdagi harakatlanuvchi va harakatlanmayotgan obektlarni real vaqt rejimida shakllantiradi. Old oynaga o‘rnatiladigan to‘lqinli radar va kamera esa yo‘l belgilari, yo‘lning egri chiziqlari, yo‘lda kimlar harakatlanayotganini aniqlaydi.

Sovuqda isitadigan «aqlli» sharf

Foto: Xiaomi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi isitish funksiyasiga ega «aqlli» Smart Heating sharfini taqdim qildi.

Sharf pauerbankdan quvvat oladi va bir necha soniya ichida 38°C, 45°C yoki 50°C darajagacha isitadi. 

Qayd etilishicha, sharfning isitish elementlari qizib ketish va qisqa tutashuvlardan himoyalangan, shuningdek, IPX7 standarti bo‘yicha namlikdan himoya ham mavjud. Agar nosozlik bo‘lsa, aksessuar favqulodda o‘chish rejimiga ega.

Xitoyda sharf 179 yuandan (qariyb $25) sotuvga chiqarilgan.

O‘simlik moyida uchadigan samolyot

Foto: raf

Britaniya hukumati Airbus A330 tijorat reaktiv laynerining harbiy varianti hisoblanadigan RAF Voyager parvozini namoyish qildi. Samolyot 100 foiz ekologik yonilg‘ida parvoz qilgan. Bu ham Buyuk Britaniyada, ham dunyoda ilk ekologik toza harbiy havo transporti parvozi bo‘ldi.

Foydalanilgan yonilg‘i ekologik toza o‘simlik yog‘i chiqindisidan ishlab chiqarilgan. Aviatsiyada bunday ekologik yonilg‘ilardan foydalanish dunyodagi uglerod chiqindilarini 80 foizga kamaytiradi. Chunki transport chiqindilarining asosiy qismi havo laynerlaridan hosil bo‘ladi.

Kompaniya 2040 yilgacha ekologik toza yonilg‘i bilan parvoz qiladigan dunyoning birinchi raqamli havo kuchlariga aylanishni maqsad qilgan. 

AQShning o‘ta maxfiy B-21 samolyoti

AQSh kelayotgan haftada jamoatchilikka yangi avlod strategik bombardimonchi B-21 Raider samolyotini birinchi marta namoyish etadi. Shu paytgacha u haqdagi ma’lumotlar sir saqlanayotgan edi.

«B-21 Raider taqdimoti havo kuchlarimiz va mamlakatimiz uchun tarixiy voqea bo‘ladi. Oxirgi marta biz yangi bombardimonchi samolyotni 30 yildan ko‘proq vaqt oldin taqdim etgan edik», dedi Harbiy havo kuchlari shtabi boshlig‘i general Ci Kyu Braun. 

Yangi samolyot oddiy va yadroviy qurollarni olib yurishga qodir. Shakl jihatidan u V-2 samolyoti kabi uchburchaksimon bo‘ladi. Uning birinchi sinov parvozi 2023 yilda amalga oshirilishi kerak.

B-21 samolyotining narxi 639 million dollarga baholanmoqda. Pentagon kelajakda 50 ga yaqin shunday samolyotga buyurtma bermoqchi.

B-21 samolyoti 2025-2027 yillarda Qurolli kuchlar ixtiyoriga berilishi kutilyapti.

Mavzuga oid