Jahon | 00:38 / 10.04.2019
55419
3 daqiqa o‘qiladi

Saddam Husaynning nabirasi oilasi Iroqdan qanday qochgani haqida so‘zlab berdi

Saddam Husayn/Foto: REUTERS

Iroqning sobiq prezidenti Saddam Husaynning qiz nabirasi Harir Husayn Komilning oilasi 2003 yilgi voqealar vaqtida Iroqdan qanday qochishga muvaffaq bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, ularda avvaldan reja bo‘lmagan, hammasi tayyorgarliksiz kechgan.

Harir Husayn bu haqda RT telekanalidagi “Odnim slovom” (“Bir so‘z bilan”) ko‘rsatuvida so‘zlab berdi. 

Saddam Husaynning nabirasi Harir Husayn Komil
Foto: RT 

Harirning aytishicha, uning oilasi ular kabi vaziyatga tushgan iroqliklar  va xorijiy do‘stlarga suyanishgan. Uning ta'kidlashicha, ular mamlakat bo‘ylab turli usullar bilan harakatlanishgan va daqiqalar ular uchun abadiyatdek tuyulgan. 

Husayn nabirasining tushuntirishicha, ular avval yakka holda harakatlanishgan, vaziyat murakkaablashgach esa birlashishgan. Ayolning eslashicha, o‘shanda uning oilasi ayollari ilk bor mustaqil qaror qabul qilishga jur'at qila olishgan. Harirning oilasi Al-Aujdagi qarindoshlarinikida bo‘lganda, uning onasi bo‘linishga qaror qilgan.

“Onam voqealar biri ikkinchisi ortidan kelgan va vaziyat yomonlashgan o‘sha kunda bo‘linishimiz zarur deb hisoblagan, aks holda biz dushman uchun oson nishonga aylangan bo‘lardik. Agar biz hammamiz, misol uchun, bir uyda qolganimizda, jinoyatchi va ko‘zi och odamlar uchun oson o‘ljaga aylanardik. Onamning fikri shunday edi va u bizni o‘sha kuni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, madad berib turgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Harir Husayn. 

Saddam Husayn Iroqqa deyarli chorak asr – 1979 yildan 2003 yilgacha rahbarlik qilgan. 2003 yil 20 mart kuni AQSh armiyasi boshchiligidagi koalitsiya Iroqda ommaviy qirg‘in quroli borligi bahonasida harbiy operatsiya boshlagan. Shundan keyin Husayn yashirincha harakatlanishga majbur bo‘lgan. O‘sha yilning 13 dekabrida u Tikrit yaqinida AQSh maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olingan.

Husayn 12 ta band, jumladan 1988 yilda Xalabjada aholiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llash, 1990 yilda Kuvaytga bostirib kirish, 1991 yilda shialar isyonini kuch bilan bostirish kabi jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topilgan.

2006 yil 5 noyabrda Husayn va uning ikki safdoshi osish orqali o‘lim jazosiga hukm qilingan. Iroqning oliy jinoyat tribunali hukmi 30 dekabrga o‘tar kechasi ijro etilgan. Husayn 31 dekabrda Tikrit yaqinidagi ona qishlog‘i Ujada dafn qilingan.

Mavzuga oid