18:10 / 10.11.2022
8282

“Tadbirkorlar yangi tovar va xizmatlar ustida eksperiment o‘tkazib ko‘rishi mumkin bo‘ldi”  – tartibga solish “qumdoni” qanday ishlaydi?

Foto: KUN.UZ

2023 yildan boshlab tadbirkorlar zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini sinovdan o‘tkazib ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida ayrim qonunchilik normalariga amal qilmaslikka ruxsat beriladi. Kun.uz “qumdon” qanday ishlashini tushuntiradi.

Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirishga oid prezident farmoniga binoan, 2023 yil 1 yanvardan “tartibga solish qumdoni” ishga tushadi.

Xo‘sh, tartibga solish qumdoni nima?

O‘zbekistonda bunday qumdonni birinchi bo‘lib (2022 yilning avgustida) Markaziy bank joriy qildi. Regulyatorning moliyaviy xizmatlar qumdoni – yangi moliyaviy xizmatlarni joriy qilish uchun sinovdan o‘tkazishni tartibga soluvchi huquqiy rejim.  

Masalan, biror tashabbuskor yangi moliyaviy xizmatni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsa va qonunchilikda unga oid norma bo‘lmasa, huquqiy tartibga solinmagan yoki noaniqliklar mavjud bo‘lsa, tashabbuskorlar shu tizimdan foydalangan holda, yangi xizmatni sinovdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan xizmatlarga doir normativ hujjatlar ishlab chiqilishi mumkin.

Nega endi “qumdon”?

Buyuk Britaniyada joriy qilingan bu tizim (regulatory sandbox)da bolalar o‘ynaydigan qumli maydoncha ramz qilib olingan bo‘lib, tizim yangi moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazish uchun sinov maydonchasini yaratib berishni nazarda tutadi.

Tadbirkorlar uchun “qumdon” nimani anglatadi?

Prezident farmonida nazarda tutilgan tovar va xizmatlar “qumdon”ida ham eksperimentlar o‘tkazish va uning natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlari takomillashtirilishi mumkin.

Tadbirkorlik sub’yektlari qumdonda nimalarni sinovdan o‘tkazadi?

Qumdonda tadbirkorlik sub’yektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini sinovdan o‘tkazishi mumkin. Ammo eksperimentlar nazorat qilinadigan cheklangan muhitda amalga oshiriladi. Ya’ni eksperiment muddati va qayerda o‘tkazilishi aniq belgilab olinadi.

Qumdon qachon va qay tarzda ishga tushadi?

Tartibga solish qumdoni 2023 yil 1 yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq sohalar bo‘yicha ishga tushadi. Hujjatning to‘liq matni Lex.uz'ga joylangach, sohalar ro‘yxatini ko‘rish mumkin.

Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, aprobatsiya qilish va joriy qilish yo‘nalishlaridagi faoliyatini cheklangan vaqt, hudud va shaxslar doirasida maxsus tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslik;
  • litsenziyasiz va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tmasdan faoliyatni amalga oshirishlari mumkin. Ammo bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno.

Hujjatda keltirilishicha, maxsus huquqiy rejim tegishli vakolatli organ va tashabbuskor o‘rtasida har bir loyiha bo‘yicha alohida tuziladigan kelishuvga asosan joriy etiladi.

Vakolatli organlar qatorida Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari bor. Ular bevosita eksperiment o‘tkaziladigann sohalarni tasdiqlaydi.

Tadbirkor va vakolatli organ o‘rtasida kelishuv qanday bo‘ladi?

  • kelishuvda loyihani amalga oshirishning talab va shartlari, shu jumladan, muddatihududi va shaxslar doirasi, tashabbuskorga tatbiq etilmaydigan qonunchilik normalari ro‘yxati hamda loyiha natijalarini baholash mezonlari (indikatorlari) belgilanadi;
  • har bir loyiha bo‘yicha maxsus huquqiy rejimning amal qilish muddati ko‘pi bilan uch yilni tashkil etadi;

Maxsus huquqiy rejim yakunlari bo‘yicha tegishli vakolatli organ tomonidan bir oy muddatda:

  • sinovdan o‘tkazilgan mahsulot va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil o‘tkaziladi;
  • mahsulot va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, Prezident farmonida Vazirlar Mahkamasi 2023 yil 1 yanvarga qadar “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni, shu jumladan, uni aniq yo‘nalishlar kesimida amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashi belgilangan.

Top