15:01 / 03.01.2019
76282
Bosh prokuratura Andijondagi hayvonot bog‘ida yuz bergan fojia bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Avvalroq, Andijondagi hayvonot bog‘ida sher qorovulning o‘limiga sabab bo‘lgani xabar qilingandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga ushbu hodisa bo‘yicha ba'zi tafsilotlarni ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2018 yil 30 dekabr kuni soat 16:30 lar chamasida, «USMONOBOD FAYZI» MChJga qarashli Xo‘jaobod tumani Xidirsha MFYda joylashgan, ishga tushirilmagan «Hayvonot bog‘i» soqchisi X.A., jamiyatda hech kim yo‘q vaqtda, bu joyda boqilayotgan 2 ta sher yirtqich hayvoni yoniga ular bilan o‘ynash maqsadida borib, qafas ichiga kirganida, sherlar X.A.ga tashlangan. 

Sud-tibbiy ekspertizasining olingan dastlabki ma'lumotnomasiga ko‘ra, «bo‘yin va tananing boshqa sohalarida ko‘plab ochiq yaralar, tananing orqa yuzasida ko‘plab o‘tkir botiq yaralar jarohatlari» yetkazilishi va o‘tkir qon tomir yetishmovchiligi natijasida voqea joyida vafot etganligi aniqlangan.  

Mazkur holat yuzasidan voqea joyiga tuman prokurori, uning 1-o‘rinbosari, tuman IIB boshlig‘i va tezkor tergov guruhi yetib borgan.

Tergovga qadar tekshiruv tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan olib borilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv davomida 2018 yil 30 dekabr kuni Sud-tibbiy va sud-kriminalistik ekspertizalari tayinlangan.

Shuningdek 2018 yil 31 dekabr kuni «Andijon viloyati bandlik bosh boshqarmasi»ga «Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi» qoida talablari buzilgan yoki buzilmaganligi yuzasidan tekshiruv tayinlangan.

Top