19:22 / 17.04.2019
49470
«400 ming dollar pora olishda ayblanayotgan sobiq hokim ishi yuzasidan sud jarayoni ochiq ko‘rilmoqda, faqat...». Sud raisi brifingda izoh berdi 

Bugun, 17 aprel kuni, Toshkent shahar sudlari raislarining 2019 yilning 1-choragida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yakunlari yuzasidan brifingi bo‘lib o‘tdi. Sud raislarining axboroti tinglanganidan so‘ng, jamoatchilikni qiziqtirgan savollar yuzasidan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining raisi Baxtiyor Islomov Yunusobod tumani sobiq hokimi, sudlanuvchi Baxtiyor Abdusamatov va boshqalar yuzasidan berilgan savollarga javob berib o‘tdi.

«Bu ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilmoqda. Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov ish yurituvida. 

Hozirda Baxtiyor Abdusamatov (Yunusobod tuman hokimi lavozimida ishlagan), O‘lmas Muxamedsaidov (vaqtincha ishsiz) va Shoxrux Malikovlarga (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markazi» DUK bosh direktori lavozimida ishlagan) nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan sud ishi olib borilmoqda. 

Ularga nisbatan pora olish, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish, firibgarlik, pora berishga qiziqtirish va boshqa ayblovlar e'lon qilingan. Jinoyat ishini ko‘rish yanvar oyida boshlandi. Ish ochiq sud jarayonida olib borilmoqda. Hech qanday cheklovlar yo‘q. Ommaviy axborot vositalari bemalol qatnashishi mumkin. Hozir sud tergovi davom etmoqda.

Lekin barcha ommaviy axborot vositalari aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi kerak. Aybi sud tartibida isbotlanmaguncha, shaxsni poraxo‘r deb atashga hech kimning haqqi yo‘q, u aybsiz hisoblanadi. Ba'zi ommaviy axborot vositalari aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmayapti. Ulardan qonunchilik bilan tanishib chiqishi va unga amal qilishini talab qilamiz», - dedi Baxtiyor Islomov.

Bundan oldin, Toshkentda Yunusobod tumani sobiq hokimi ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tayotgani xabar qilingandi.

Top