O‘zbekiston | 11:54 / 16.05.2022
14661
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta o‘rtasida ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi -  «O‘zgidromet»

Bugun respublika bo‘yicha havo kam bulutli va quruq bo‘ladi. Kunduz kuni havo may oyi o‘rtalari uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlargacha ko‘tariladi va 27-30 daraja issiq atrofida bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ertaga respublika hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublika shimoliy hududlariga nam bulutli massivlar kirib kelishi kutilmoqda, ularning o‘tishida Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

18 mayda nam havo massasining sharqqa qarab harakatlanishi respublika markaziy va sharqiy hududlari bo‘yicha beqarorlikni keltirib chiqaradi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunduz kuni ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi va momaqaldiroq bo‘ladi. Respublika qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

19 mayda faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi, qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 20 mayda respublika bo‘yicha quruq va iliq bo‘ladi.

Ushbu haftada havo harorati 25-30 daraja issiq atrofida, ba’zi joylarda 32 daraja issiqqacha bo‘ladi.

18-19 may kunlari tog‘larda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Haftaning qolgan kunlarida faqat ayrim tog‘li hududlarda mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan yomg‘irlar kuzatilishi mumkin.

Mavzuga oid