14:01 / 21.09.2022
28765
Rossiyada safarbarlikka qarshi norozilik namoyishlariga chiqish chaqiriqlari yangray boshladi

«Vesna» yoshlar harakati Putin «qisman safarbarlik»ni e’lon qilgan kuni umumrossiya norozilik aksiyasi o‘tkazilishi haqida e’lon qildi. Faollar barcha shaharlar aholisini mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da ko‘chaga chiqishga chaqirmoqda.

Foto: Getty Images

«Vesna» yoshlar demokratik harakati rossiyaliklarni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlikka qarshi butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishiga chiqishga chaqirmoqda. «Minglab rus erkaklari - otalarimiz, ukalarimiz va erlarimiz urush go‘sht maydalagichiga tashlanadi. Ular nima uchun o‘ladi? Onalar va bolalar nima uchun ko‘z yoshlarini to‘kadi? Putin saroyi uchunmi?» - deb yozgan faollar chorshanba, 21 sentabr kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda.

Ular safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng, «har bir xonadonga, har bir oilaga urush kirib kelishi», ruslar esa «Rossiyani dahshatli qirg‘inga, yakkalanishga va qashshoqlikka olib kelgan Putin rejimining xatolarini tuzatish uchun o‘lishi kerakligini» ta’kidladi. «Har kuni safarbarlik zarurligi haqida qichqirayotgan deputatlar va amaldorlar o‘zlarining issiq kursilarida qoladi - tirik va sog‘lom. Biz ularni safarbar qilish va Ukrainaga yuborish kerak, deb hisoblaymiz - kasal fantaziyalari uchun o‘zlari o‘lsin, oddiy yigitlarni o‘limga yubormasin», deyiladi ma’lumotda.

Harakat fuqarolarni 21 sentabr, mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da Rossiyaning barcha shaharlari markazlarida «Qabrlarga yo‘q!» deb nomlangan umumrossiya namoyishida qatnashishga chaqirdi. Faollar yaqin soatlarda Moskva va Sankt-Peterburgda mitinglar o‘tkaziladigan joylarni e’lon qilishga, hududlarda esa – joylarni mustaqil tanlashga va xabar berishga va’da qilgan. «Norozilik aksiyasi - faqat boshlanishi. Ishonchimiz komilki, o‘limga yuborish qarori bu hukumat uchun oxirgi qaror bo‘lishi mumkin. Hozir odamlar ko‘chaga chiqishi kerak. Hammasi o‘z qo‘limizda!» - deya qo‘shimcha qildi ular. 

Bugun ertalab Putin mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, «vatan va yaxlitlikni himoya qilish» uchun qisman safarbarlik to‘g‘risida e’lon qilgan edi. Shu bilan birga, u o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan, shuningdek, Xarkiv va Zaporijjya oblastlari okkupatsion hokimiyatining Rossiyaga qo‘shilish uchun referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga ishora qildi va Moskva «referendumlar uchun xavfsiz sharoitlarni ta’minlash uchun hamma narsani qilishi»ni aytdi. Tegishli farmon allaqachon imzolangan, Federal majlis palatalari qaror haqida xabardor qilingan va bugun safarbarlik boshlanadi, dedi Putin.

«Harbiy xizmatga faqat zaxiradagi va birinchi navbatda qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, ma’lum harbiy mutaxassislik va tegishli tajribaga ega bo‘lgan fuqarolargina chaqiriladi. Harbiy xizmatga chaqirilganlar qismlarga jo‘natilgunga qadar qo‘shimcha harbiy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi», — deya qo‘shimcha qildi u. 

O‘z navbatida, mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlik doirasida 300 ming zaxiradagi askar chaqirilishini aytdi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top