14:00 / 15.01.2021
29880

Jangari filmlardagidek: noqonuniy qurilish qilayotgan tadbirkor vazir o‘rinbosariga jismoniy kuch ishlatgani ma'lum bo‘ldi

Qurilish qilayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar nazorat inspektorlarini mensimayapti. Hatto, shunday voqea bo‘lganki, unda Qurilish vazirligining Axborot xizmati rahbariga jismoniy kuch ishlatilgan, xizmat kameralari olinib, undagi fleshkalardan tasvirlar o‘chirilgan. Voqea Toshkentda sodir bo‘lgan. Bu haqda Qurilish vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi. 

«Qurilish talablari qo‘pol ravishda buziladigan bo‘lsa, nazorat inspeksiyasi ularni sudga beradi, boshqa iloji yo‘q. Ammo, sudga bergandayam vaqt ketyapti. Bundan tashqari, bizda shunday narsa kuzatilyaptiki, ba'zida quruvchi-pudratchi, hech kimni eshitmaydi, tadbirkorlik sub'yektlariga erk berilgan, bu bizdagi katta masala, hozir, hech kim hech narsadan qo‘rqmaydi. Qurib yotibdi.

Mana Toshkentda 102ta ko‘p kvartirali uylar noqonuniy qurilgan. Misol uchun, 4 sotixni olib, unga bitta uy qurishi kerak bo‘lgani holda 14ta yoki 18ta xonadonli ko‘p qavatli turarjoy qurmoqda va (xonadonlarning barchasiga) bitta kadastr hujjat tayyorlab bermoqda. 

Bu yerda hammasi korrupsiya. Ular hech qayerda soliq to‘lamaydi. Bular katta miqyosdagi korrupsiya. 14ta xonadonga bitta kadastr qilyapti, xaridorlarga o‘zlari kelishib olishini aytmoqda. Narxini sal arzonlashtirganiga, ayrimlar shunga ham rozi. Bunday bo‘lishi kerak emas aslida, ammo shunday bo‘lmoqda. Sud qurilishni to‘xtatib qo‘ysa ham quryapti», - dedi qurilish vaziri Botir Zokirov.

Botir Zokirov, shuningdek, vazirning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, Axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarovga yakka tartibdagi quruvchi tadbirkor tomonidan juda ham qo‘pol muomalada bo‘linganini bildirdi. Qalandarov vazir so‘zlagan vaziyatga oydinlik kiritar ekan, qurilish qilayotgan ayrim yakka tartibdagi tadbirkorlar ishonchni suiiste'mol qilayotganini bildirdi. 

Jamoliddin Qalandarov

«Hozirgi bo‘layotgan jarayonlarni tadbirkorlarga ishonch berilgan, deb tushunish mumkin. Buni suiiste'mol qilmaslik kerak, deb o‘ylayman. Qanchadan-qancha noqonuniy (qurilish) obektlari bor, inspektorlar ham kira olmaydi. Agar kirsa ularga, katta jarima to‘laydi. Davlat xizmatlari agentligidan bu inshootni ro‘yxatdan o‘tkazing, deb xat yozadi, quruvchi yoki tadbirkor buni inobatga olmaydi. Yakunda binoga kadastr hujjatini oladi. 

Shu yil yozda Toshkent shahrida noqonuniy qurilishlar bo‘yicha o‘rganishlar olib bordik. Yakkasaroy tumanida 10-obektga borganimizdami, 2-3ta uchastkaning joyini sotib olgan va u yerda 7 qavatli mehmonxonani qurib yuborgan. Egasini so‘rasak, qorovul keldi, ortidan 10 nafar barzangi chiqib keldi: kim senga buyurtma berdi?

Buyurtma emas, ro‘yxat bo‘yicha ishlayapmiz, desak, kameramizni tortib olib, o‘zimizni mashinamizga suyab qo‘yib, bittasi meni urdi. Qolgani kameralardagi fleshkalardan tasvirlarni o‘chirdi. Shu darajaga kelib qoldi, ular qanaqa tadbirkor, qanday quruvchi bilmadim, ammo ularning o‘zini bunday tutishi odamni haqiqatdan ham qo‘rqitadi. Shuning uchun inspektorlar haqiqatdan ham kira olmaydi. O‘zim shunga guvoh bo‘ldim», - deya holatni tasvirladi Jamoliddin Qalandarov. 

Matbuot anjumani doirasida vazir Zokirov tadbirkorlarga haddan ortiq erkinlik berilgani xususida ham fikrlarini bildirdi. Qurilish sohasidagi asosiy masala esa, unga ko‘ra, soliqdan qochish va korrupsiya bilan bog‘liqdir.

Botir Zokirov

«Tadbirkorlik masalalarida erk berish sal boshqacharoq qabul qilinmoqda. Haddan tashqari erk berib yubordik. Hozir odamlar hech narsadan qo‘rqmaydi: men yakka tartibdagi tadbirkorman, menga hech kimning tegishga, meni hududimga kirishga haqi yo‘q, demoqda. 

Toshkent shahri qurilish bo‘yicha muovini bilan gaplashayapman, odam qo‘rqadi obektga kirishga. Bir pasda undoq-mundoq deb 90ta hujjat ko‘rsatadi. Bizlar hamma uchun bir xil, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘ladimi, boshqami, qurilish me'yorlari bir xil ishlashini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Ana shunda bu masalalar kamayishi mumkin.

Ilgari bino qurmoqchi bo‘lgan kishi qo‘shnisining ruxsati bo‘lmaguncha bitta mix qoqa olmasdi. Ikki qavat qurish uchun mahalladan ruxsat olar edi. Hozir esa, qo‘shnini bir tiyinga olmaydi, qonunni aylanib o‘tishmoqda. Yakka tartibda uy qurishi kerak bo‘lgan joylarga ko‘p kvartirali uy qurishmoqda. Jamiyat ham buning uchun kurashishi kerak. Chunki, Qurilish vazirligining o‘zi bu masalani to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilishi qiyin», - dedi qurilish vaziri.

Top