O‘zbekiston | 14:55 / 13.12.2016
76720
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash vaziri o‘zgardi

Shu yilning 13 sentabrida Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tasdiqlangan Adham Ikromov endi Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi guruhlardan birida ma'lumot berilgan.

Adham Ikramov bir vaqtning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari hamda Sog‘liqni saqlash vaziri vazifalarini bajaradi.

U 2012 yilning yozidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Anvar Valiyevich Alimovning o‘rnini egalladi. 

Shuningdek, bosh vazirning yana bir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelgan Bositxanova Elmira Irkinovna Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan.

Ma'lumot uchun, Adham Ikromov bundan avval ham shu sohaga rahbarlik qilgandi. U 2009 yilning apreliga qadar Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, 2009 yilning aprelidan 2012 yilning fevraligacha  sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

2012 yilning 7 avgustida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘z farmoni bilan Adham Ilhomovich Ikromovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining yangi o‘rinbosari, madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha majmua rahbari etib tayinlagandi. 

2015 yilning iyulida esa u Sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish rahbari etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid