19:32 / 03.06.2022
27069

So‘mning ramzi plagiatga tekshirilmaganmi?

Milliy valuta – so‘mning yangi ramzi Fransiyaning “In-Core Systèmes”, Tailanda tashkil etilgan “Union Language School” va Hindistonda ochilgan “Logic Square Technologies” logotiplariga o‘xshash. Internetda aksariyat faollar bu belgini qo‘llab-quvvatlamayapti.

O‘zbekiston valutasi so‘mning grafik ramzini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijalari e’lon qilindi va Sarvar Jumagaldiyev tomonidan ishlab chiqilgan grafik belgi tanlab olindi.

Internet foydalanuvchilarining e’tibor qaratishicha, so‘m ramziga aylanishi kutilayotgan belgi 1998 yilda asos solingan va Fransiyaning Lion shahrida faoliyat olib boruvchi “In-Core Systèmes” kompaniyasining logotipidan deyarli farq qilmaydi.

Shuningdek, Tailandda tashkil etilgan “Union Language School” logotipi ham tanlovda g‘olib chiqqan belgiga juda ham o‘xshash.

Yana bir qancha xorijiy kompaniyalar, xususan 2012 yilda Hindistonda ochilgan “Logic Square Technologies” onlayn platformasi ham shunga o‘xshash logotipga ega.

Qator kanallarda O‘zbekistondagi “Ma’no Branding” agentligi konkurs doirasida taqdim etgan variantlar ham eslanmoqda.

“Agentlik shunchaki chizmalarni emas, balki butun jarayon tasvirlangan uzun va batafsil hujjatni ko‘rsatdi. Unda valuta belgilari tarixi, turli davlatlardagi holat, o‘xshashliklar, qoidalarni o‘rganish kabi tadqiqot, agentlik chizgan variantlarga xalqaro ekspertlarning izohlari va variantlarning bir qancha joylarda ishlatilish uslublari, ularning o‘zaro kuchli va kuchsiz taraflari keltirilgan”, deyiladi izohda.

Bundan farqli, Markaziy bank faqat yangi belgining o‘zini e’lon qilish bilan cheklangan.

Markaziy bank reliziga shunday rang-baranglik yetishmagan. / Foto: Ma’no Branding taklif etgan variant

Ma’lumot uchun, tanlov g‘olibi uchun 15 mln so‘m miqdorida pul mukofoti berilishi ko‘zda tutilgan.

Tanlov shartlarida “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunga rioya etilishiga ishtirokchining shaxsan o‘zi javobgar ekanligi, g‘olib chiqqan loyiha Intellektual mulk agentligi tomonidan tasdiqlanganidan so‘nggina foydalanishga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.

Top