Yaponiyadagi o‘zbek professori farzandi xorijda o‘qiyotgan ota-onalarga murojaat qildi
Achinarli bir holatni kuzatib yuribman. O‘zim Yaponiyada faoliyat yuritsam-da, kuzatuvlarim Yaponiyadan tashqariga chiqadi, masalan Janubiy Koreyada ham shu – aytmoqchi bo‘lganim manzaraga ko‘p guvoh bo‘lganman. Shu bois ushbu murojaatni yozmoqdaman.
Hurmatli ota-onalar, agar farzandingizni chet elga o‘qish uchun yuborgan bo‘lsangiz, ular kattaroq bir stipendiyani qo‘lga kiritguniga yoki bo‘lmasam, o‘qishini bitirib, ishga joylashib olmaguniga qadar, farzandingizdan pul yuborishini talab qilmang. Nafaqat talab qilish, umid ham qilmang. Chetda o‘qiydigan farzandlaringiz oltin tuxum tug‘adigan tovuq emas.
Ularning mutlaq ko‘pchiligi kontrakt summalarini ishlab topadi, shu bilan birga yashashlari uchun ham ishlashlari kerak bo‘ladi. Talaba sifatida dam ham olishlari lozim axir!
Ko‘pchilik ota-onalar va oila a’zolar buni tushunishmaydi – ulardan pul jo‘natmalarini kutishadi, uylar, mashinalar olishni, to‘ylar qilishni istashadi. Hatto, bu oyda yuborilgan pul o‘tgan oydan sal kamroq bo‘lsa, “o‘g‘iltoy, bu safar sal cho‘g‘i kammi-a?” deya hazil aralash dakki berib qo‘yishni ham kanda qilishmaydi.
Nodon ota-onalar, aka-ukalarning ilm yo‘lida safarga chiqqan talabaga munosabatini ko‘rib, dod deb yuborging keladi. Axir ular o‘qishga ketishgan! Mardikorlik qilish uchun emas!
Ishladi ham deylik, yakuni nima bo‘ladi? O‘qish qog‘ozda qoladi, hunar ham o‘rganolmaydi, chunki hunarli joylarni hech bir xalq begonaga bermaydi. O‘zim guvohi bo‘lganman.
7-8 yildan keyin nima bo‘ladi? Yigit, qizning taqdiri nima bo‘ladi? Katta ehtimol bilan biri taksist, boshqasi sotuvchi, juda omadi kelgani quruvchi bo‘lib qoladi. Rivojlangan mamlakatga o‘qishga borib...
Talaba – zakot olishga haqli inson... Ha, kambag‘allarga beriladigan zakotni talabaga bersa bo‘ladi. Biz esa talabani yuk ortiladigan jonivordek tutamiz.
Shoshqaloqmiz, nodonmiz. Axir, o‘qib, mutaxassis bo‘lib yetishsa farzandimizdan ko‘proq manfaat ko‘ramiz, nafaqat biz – jamiyat manfaat ko‘radi. Faqat bu uchun talabaga muhlat berish kerak, o‘qib, potensialini yuzaga chiqarsin. Shundan keyin, hurmatli ota-onalar, bir umr uning topganidan rohatlanasiz ham. Ungacha sabr bilan kutish, iloji bo‘lsa, yordam berish lozim.
Xorijdagi talabalar orasida erta yoshdan butun yukni yelkasiga olib, tezda qarib qolganlarni ko‘rdim... Bechoraning hatto kasal bo‘lishiga ham haqqi yo‘q. Chunki hastalansa, butun hayoti izdan chiqib, ishlari og‘irlashadi. Bunday ruhiy bosim bilan o‘qish, ishlash va yashash ularda jiddiy psixologik muammolarni keltirib chiqaradi.
Xulosalar
— Aksariyat o‘zbekistonlik talabalar uyim-joyim, otam-onam deydigan yigit-qizlardir, buni suiiste’mol qilmaslik kerak. Farzandingiz o‘qishini tamomlab, yaxshi maoshli ishga kirib, qo‘liga pul tushgunicha sabr-toqat bilan kutish kerak. Tezda qarilikni bo‘yinga olmay, ota-ona sifatida ishlashda davom eting, pul toping. Shunda jismingiz sog‘lom turadi, tez qarimaysiz. Masalan, 60 yoshdan o‘tib mening otam haligacha mol boqadi, asalariga qaraydi, fermer xo‘jaligini yuritadi. Professorning otasiman deya menga o‘zini butkul tashlab, uyda yotishga haqi bor joyda, oriyati kuchli bo‘lgani uchun, o‘z kuchi bilan yashashga intiladi.
— Talabalar atrofidagi yigit-qizlarga qarab, hovliqib, pul ishlashga urinmasdan, o‘qishlarini qoyillatishni o‘ylashlari kerak. Kutubxonada iloji boricha ko‘proq qoling, stipendiyalarga ketma-ket topshiring va universitet, kollej tadbirlarida faol ishtirok eting. Rivojlangan xorijga o‘qishga bordingizmi, albatta ulardan biror muhim ilmni o‘rganib, kuchli mutaxassis bo‘lishga erishing. Toki, yurtimizga qaytganingizda ham, qadrlaning. Sizga nafi tegmaydigan qora ishlarda keragidan ortiqcha ishlashdan chetlaning.
— Ota-onangizga tezda pul yuborishni boshlasangiz, ularni ham shunga o‘rgatib qo‘yasiz. Yon-atrofingizdagi tajribali talabalar bilan maslahat qiling, uzoqni ko‘zlab ish qiling. Shunday zo‘r o‘qingki, o‘sha davlatdagi eng yaxshi firmalarga ishga kiring, o‘z firmangizni oching. Shunda oilangizga ham yordam bera olasiz, o‘zingiz ham kelajagingini qurasiz. Ungacha sabr bilan o‘qing – urining. Bu tavsiya kasb-hunar maktabiga o‘qishga keluvchilar uchun ham taalluqli.
Albatta, aytganlarim oilasi haddan ziyod qiyinchilikda turgan, yaqinlari orasida davolanishi lozim kasallar bo‘lgan talabalarga taalluqli emas. Istisnoli holat bo‘lgani uchun bunda hech kim ayblanmaydi. Pul ishlab topish uchun “o‘qishga” borganlarga-ku bular umuman taalluqli emas...
Alisher Umirdinov,
Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti professori,
huquq fanlari doktori
Mavzuga oid
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024
Yaponiyada seysmik yoriqlar tufayli yadroviy reaktorni qayta ishga tushirishga ruxsat berilmadi
19:55 / 11.11.2024