Jahon | 09:00 / 11.11.2018
4126
2 daqiqa o‘qiladi

BMTda Butunjahon oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuni nishonlanadigan bo‘ldi 

Foto: Alexandr Podvalny/Unsplash

Sifatsiz oziq-ovqat 200 ga yaqin qasallik, jumladan saraton kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.  

Bu muammoning global ko‘lamga egaligi hisobga olinib, BMT Bosh assambleyasining iqtisodiy masalalarni ko‘rib chiquvchi ikkinchi qo‘mitasi 7 iyunning Butunjahon oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi kuni deb e'lon qilinishi rezolyutsiyasini ovoz berishsiz qabul qildi.

Rezolyutsiya mualliflarining ta'kidlashicha, oziq-ovqat ishlab chiqarish-sotish zanjiri ancha murakkablashgan va oziq-ovqat bilan bog‘liq har qanday nomaqbul hodisalar butun dunyoda aholi sog‘lig‘i, savdo va iqtisodiyot uchun salbiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Ular BMT va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti oziq-ovqat mahsulotlari uchun standartlarni ishlab chiqishda muhim rol o‘ynashi kerakligini eslatib o‘tishgan. 

Bundan tashqari, rezolyutsiyada mutaxassislar iste'molchilar salomatligi va oziq-ovqat savdosida halollikni ta'minlashga chorlanganlar. JSST va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘z navbatida davlatlarga oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlashda yordam berishlari kerak.   

Hozirda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 6 ta asosiy qo‘mitasi faoliyat olib bormoqda. Ular rezolyutsiya loyihalarini muhokama qilib, ular bo‘yicha qarorlar qabul qiladi. 

Asosiy qo‘mitalarda konsensus yoki ovoz berish yo‘li bilan tayyorlanadigan va qabul qilinadigan rezolyutsiya loyihalari yoki qarorlar yalpi yig‘ilishlarda yakuniy tasdiqlov uchun BMT Bosh assambleyasiga beriladi. U yerda bu loyihalar deyarli o‘zgarishlarsiz qabul qilinadi.  

Mavzuga oid