Jahon | 10:23 / 04.09.2022
25428
12 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘inlar va minglab insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan olov. Tarixdagi eng yirik shahar yong‘inlari

Bugungi kunda shaharlardagi aksariyat binolar temir-beton, g‘isht va shunga o‘xshash olovga chidamli materiallardan barpo qilinadi. Biroq bundan uch asr avval ko‘plab imoratlar yog‘ochdan qurilar edi. Chunki toshdan bino tiklash ancha ko‘p vaqt va mablag‘ talab qilardi. Shaharlardagi kichik bir alanga ham ulkan yong‘inga aylanib ketishi mumkin edi. Va tarixda minglab insonlar o‘limiga olib kelgan bir necha shunday yirik yong‘in yuz bergan ham.

Xristianlar qirg‘ini boshlanishiga sabab bo‘lgan Rim yong‘ini

Rim yong‘ini / Foto:Wikipedia

Rimdagi Katta yong‘in imperator Neron davrida, milodiy 64 yilda sodir bo‘ladi. Yong‘in 18 iyuldan 19 iyulga o‘tar kechasi Rimdagi «Katta Tsirk»ning janubi-sharqiy tomonida joylashgan do‘konlardan boshlanadi va tun shamoli yordamida tongga qadar shaharning katta qismiga yoyiladi. Rimning bu qismida olovni to‘xtatishi yoki sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan maydonlar va tosh ibodatxonalar yo‘q edi.

Yong‘in tez tarqalishi hamda poytaxtning tor ko‘chalarida tiqilib qolish sabab minglab rimliklar olov ichida qolib ketadi va halok bo‘ladi.

Dahshatli yong‘in olti kun davom etadi va shaharning o‘n to‘rtta tumanidan to‘rttasi butunlay yonib ketadi, yettitasi esa jiddiy zarar ko‘radi. 

Bir qancha tarixchi yong‘inni imperator Neronning o‘zi uyushtirganini aytadi. Biroq imperator bu paytda shaharda bo‘lmagan, u yoz jaziramasidan saqlanish uchun dengiz sohili — Antiumga ketgan edi. Tatsitning yozishicha, yong‘in haqida eshitgan imperator Neron darhol shaharga qaytgan va odamlarni qutqarish uchun o‘z hisobidan guruhlar tashkil qilgan.

Rim Katta yong‘ini ikki yirik voqelikka sabab bo‘ldi. Shaharni qayta tiklash uchun mablag‘ to‘plashni istagan Neron imperiya viloyatlarining soliq yukini oshiradi va pul zarb qilishni ko‘paytiradi. Bu esa tarixdagi ilk inflatsiyani keltirib chiqaradi.

Neron yong‘inni uyushtirishda nasroniylarni aybladi hamda Rim imperiyasidagi nasroniylarni ta’qib qilish siyosatini boshlab berdi. Minglab xristianlar olovda yoqildi yoki xochlarga mixlab tashlandi.

Londonni dunyo poytaxtiga aylantirgan yong‘in

London yong‘ini / Foto: Grinvich qirollik muzeyi

O‘z tarixida bir necha yirik yong‘inlarga guvoh bo‘lgan Londondagi eng katta yong‘in 1666 yil yuz bergan. 2 sentabr kuni yarim tunda nonvoylar uyidan boshlangan London yong‘ini Rimnikidan farqli ravishda tezda o‘chirilishi mumkin edi.  

Alanga keng tarqalmay turib, bu yerga politsiya va o‘t o‘chiruvchilar yetib keladi. Ular yong‘in tarqalishini to‘xtatish uchun olov yo‘lidagi bir qancha uyni buzishni taklif qiladi. Biroq uy egalari rad javobini beradi. Shahar meri lord Bladvort esa binolarning ko‘pchiligi ijaraga berilgani, ularning haqiqiy egalari noaniqligi sabab (uy egalarining roziligi olinishi kerak edi) uylarni buzishga ruxsat bermaydi. Natijada olov uylar juda zich qurilgan London ko‘chalariga tezlik bilan yoyiladi.

Ko‘rilgan bir qator keskin chora-tadbirlar, xususan, alanga yo‘lidagi uylar buzib tashlab, o‘t o‘chirish postlari tashkil qilingandan so‘ng 5 sentabr kuni yong‘in o‘chiriladi. To‘rt kun davom etgan Katta yong‘in oqibatida shahardagi o‘n uch mingdan ko‘proq uy yonib, kul bo‘ladi. Rasman olti kishi halok bo‘lgani aytilsa-da, aslida qurbonlar soni mingdan ham ko‘proq edi. Ikki yuz mingga yaqin inson boshpanasiz qoladi.

London yong‘ini / Foto: Budapesht tasviriy san’at muzeyi

Katta yong‘in yuz bergan vaqtda Ikkinchi Angliya-Gollandiya urushi ketayotgani sabab, odamlar orasida yong‘inni Angliyaning dushmanlari bo‘lgan katolik, fransuz va gollandiyaliklar uyushtirgan degan mish-mish tarqaladi. Oqibatda mamlakatdagi katolik (Angliya aholisining katta qismi bu paytda protestant edi), fransuz va gollandlar ommaviy ravishda «samosud» qilina boshlanadi. Qatllarning oldini olish va tartibni saqlash maqsadida London gazetasida chiqarilgan rasmiy ma’lumotda yong‘in tasodifan kelib chiqqani e’lon qilinadi. Ma’lumotnomada, jumladan, ushbu olovni boshlashda Xudoning roli va uni o‘chirishda qirolning roli ta’riflanadi. 

Katta London olovi qanchalik dahshatli bo‘lmasin, ijobiy oqibatlarga ham sabab bo‘lgan edi. Xususan, vabo o‘chog‘i bo‘lgan shaharning kambag‘allar yashovchi qismi butunlay yonib ketadi va London bu epidemiyadan to‘liq xalos bo‘ladi.

Dushman alangasidagi Moskva

Askarlari bilan Moskva yong‘inini kuzatayotgan Napoleon I / Foto: Wikipedia

Moskva ham London kabi bir necha yirik yong‘inni boshidan o‘tkazgan. Farqi shundaki, Moskva yong‘inlari ichki sabablar bilan emas, tashqi dushmanlar qo‘li bilan boshlangan.

Masalan 1571 yil Qrim xoni Davlat I Girey Rossiyaga yurishi davomida Moskvaga yaqinlashib, shaharga o‘t qo‘yib yuboradi. Katta qismi yog‘och binolardan iborat bo‘lgan Moskva to‘rt soat ichida butunlay yonib bitadi. Faqatgina toshdan qurilgan Kremlgina yong‘indan omon qoladi.

Biroq Moskva tarixidagi eng katta yong‘in bu emas edi. 1812 yil Rossiyaga bostirib kirgan Napoleon I Borodino jangidagi ruslarning asosiy qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratadi va Moskvani egallash uchun qulay imkoniyatga ega bo‘ladi.

Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni Mixail Kutuzov Moskvani jangsiz tark etishga qaror qiladi. 14 sentabr erta tongda fransuz qo‘shinlari qarshiliksiz Moskvaga kirib keladi. Shu kuni tunda shaharda katta yong‘in boshlanadi. Shahardagi aksariyat binolar hali ham yog‘ochdan qurilgani bois Moskvaning to‘rtdan uch qismi yonib ketadi. Shaharni endigina egallagan fransuzlar olovni o‘chirishga qodir emas edi. 

Yong‘in 17 sentabrgacha davom etadi va shu kuni yog‘ishni boshlagan yomg‘ir uni o‘chiradi. Yong‘in oqibatida ikki mingdan ortiq inson halok bo‘ladi.

Fransuzlar va ruslar bir-birini Moskva yong‘inini uyushtirishda ayblaydi.

Nyu-York katta yong‘ini

Nyu-York yong‘inidan so‘ng / Foto: History

Yangi dunyoning markazi bo‘lgan Nyu-York shahri o‘z tarixida uch bor olov ichida qolgan. Ulardan eng dahshatlisi bo‘lmish ikkinchi yong‘in 1935 yil 16 dekabr kuni Quyi Manhattan’dagi omborlardan birida ko‘mir pechkasining yonib ketishi natijasida boshlanadi. Kuchli shamol olovni shaharning o‘n yetti mavzesi bo‘ylab tarqatadi. O‘t o‘chiruvchilar asosiy suv manbalari bo‘lgan Sharqiy va Hudson daryolari muzlab qolgani sabab yong‘inning tarqalishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Muzni teshib qo‘yilgan quvurlar ham muzlab qoladi. Ikki nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ladi.

Keyinroq Nyu-Yorkka yetib kelgan harbiylar yong‘in yo‘lidagi binolarni buzib tashlaydi va olov jilovlanadi. Ushbu yong‘in natijasida ko‘rilgan iqtisodiy zarar yigirma million dollarga baholanadi (bugungi kunda bu miqdor kamida 486 million dollarni tashkil qiladi). 

Nyu-York shahri ma’muriyati yong‘indan so‘ng aholidan toshdan binolar qurishni talab qila boshlaydi. Shaharning o‘t o‘chirish tizimlari yangilanadi.

Chikago

Chikago yong‘ini / Foto: WTTW

AQShning yana bir yirik shahri Chikago 1871 yili uch kun olov ichida qoladi. Chikago yong‘ini 8 oktabr kuni boshlanadi. Mashhur versiyaga ko‘ra, yong‘inga shaharning DeKoven ko‘chasidagi sigirning kerosin fonarni tepib yuborgani sabab bo‘lgan. Biroq bu haqda birinchi bo‘lib yozgan jurnalist Maykl Ehern keyinchalik ushbu voqeani to‘qib chiqarganini tan olgan.

O‘t o‘chirish brigadasi signali soat 21:40 da chalinadi, kuchli janubi-g‘arbiy shamol yong‘inni shahar markaziga olib boradi. Olov shahar markazidagi mehmonxona, do‘kon, cherkov va teatrlarni vayron qiladi. Shahar aholisi daryo orqali Chikagoning shimoliy qismiga yong‘indan qochib o‘tadi, biroq olov tez orada bu yerga ham yetib keladi. 

10 oktabr kuni boshlangan yomg‘ir yong‘inni o‘chiradi. Chikago yong‘ini shaharning qirq sakkiz mavzesini butunlay vayronaga aylantiradi.

Yong‘indan so‘ng bir yuz yigirma besh kishining jasadi topiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa qurbonlar soni 200-300 kishini tashkil etgan.

Tokio

1923 yil 1 sentabrda Yaponiya poytaxtida sodir bo‘lgan dahshatli yong‘inga «Katta Kanto zilzilasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan zilzila sabab bo‘lgan.

O‘t o‘chirish xizmatlari ancha rivojlanganiga qaramay, zilzila sabab muammolarga duch kelgan o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni to‘xtata olmaydi.  

Odamlar uylaridan chiqib ochiq maydonlarda to‘planadi. Biroq shunday maydonlardan biriga to‘plangan qirq ming kishi atrofdagi binolar yonib ketishi natijasida olov qurshovida qolib ketadi va tutundan bo‘g‘ilib halok bo‘ladi.

Tokiodagi yong‘in qurbonlarining umumiy sonini aniqlashning deyarli imkoni yo‘q, ammo 1923 yil sentabrdagi zilzila va yong‘inlar natijasida Yaponiyada jami 175 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, yana yarim millionga yaqin kishi esa bedarak yo‘qolgan.

Zilzila va yong‘indan keyingi sarosimadan foydalangan hukumat esa o‘z siyosiy raqiblarini ham yo‘q qiladi. Hatto poytaxtni Tokiodan ko‘chirish masalasi ham ko‘riladi. Yangi poytaxt sifatida Keydzyo, hozirgi Seul tanlanadi, lekin bu loyiha hech qachon amalga oshmaydi.

Ushbu yong‘inlar tarixdagi eng yirik va mashhurlari edi. Minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan, kitoblar va san’at asarlarini yo‘q qilgan bu ofatlar ba’zida rivojlanishga ham sabab bo‘lgan. Masalan London yong‘ini shaharni vabodan qutqarishdan tashqari uning butunlay yangidan qurilishiga va jahon markaziga aylanishiga qaysidir ma’noda sabab bo‘lgandi. Qolaversa, bu yong‘inlar davlatlarning shahar infratuzilmasiga e’tibor berishi va o‘t o‘chirish xizmatlarini rivojlantirishga olib keladi.

Mavzuga oid