O‘zbekiston | 21:39 / 02.02.2024
15289
2 daqiqa o‘qiladi

Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriylarga yo‘llanma olishning yangi moduli ishga tushiriladi 

Yangi tizim «FHDYo yagona elektron arxivi», «Pensiya jamg‘armasi», «TIEK» bazalariga to‘liq integratsiyalashgan bo‘lib, barcha ma’lumotlar onlayn ravishda olinadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriylarga yo‘llanma uchun navbatga olishning yangi IHMA Sanatoriya moduli ishga tushiriladi. 

Bundan asosiy maqsad tizimni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish orqali tizimni yanada takomillashtirishdan iborat, deb xabar berdi agentlik. 

Yangi modulning bir qancha afzalliklari borligi ta’kidlanmoqda. Jumladan: 

  • Yangi tizim «FHDYo yagona elektron arxivi», «Pensiya jamg‘armasi», «TIEK» bazalariga to‘liq integratsiyalashgan bo‘lib, barcha ma’lumotlar onlayn ravishda olinadi. Mazkur integratsiya murojaat qilgan shaxslarning haqiqiy holatini, ularga belgilangan pensiya va nogironlik darajasini avtomatik tarzda aniqlash imkonini beradi. 
  • Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki «Yagona milliy ijtimoiy himoya» ATdagi shaxsiy kabineti orqali topshirish imkoni bo‘ladi. 
  • Yangi tizimda Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlariga markazdan yoki sayyor ravishda sanatoriylarga yo‘llanma uchun arizalarni kiritish imkoniyatlari yaratiladi; 
  • Barcha kelib tushayotgan arizalar toifasi bo‘yicha ajratiladi, alohida bo‘limda navbatga olinadi hamda toifalarga ajratilgan rejadan kelib chiqib yo‘llanma ajratiladi. 

SMS-xabarnoma tizimi joriy etiladi, navbati kelgan shaxsga 20 kun ichida aloqa vositalari orqali xabar beriladi. 

Yo‘llanmalar amal qilish muddati boshlanishidan 10 kun oldin beriladi. 

Tizim 9 fevraldan boshlab ishga tushirilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid