O‘zbekiston | 19:23 / 12.06.2018
46272
11 daqiqa o‘qiladi

Prezident FHDYo tizimi bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Hujjat bilan quyidagilar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish institutini yanada isloh qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

birinchi – vakolatli organlarda tug‘ilish, o‘lim, nikoh tuzish va nikohdan ajralish, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish kabi voqea hamda faktlarni keng qamrovli qayd etish yo‘li bilan fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoya qilishni ta'minlash;

ikkinchi – eng muhim yuridik faktlarni qayd etmasdan qoldirish oqibatlariga alohida e'tibor qaratgan holda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga va jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish;

uchinchi – FHDYo organlarining oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oila ajralishlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarda faol ishtirok etish;

to‘rtinchi – FHDYo organlari faoliyatida aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini yengillashtirishga, jumladan, vakolatli davlat organlari va tashkilotlariga bormasdan xizmatlar ko‘rsatilishiga, xizmatlarning sifati va tezkorligini oshirishga, eksterritoriallik prinsipi asosida arxiv ma'lumotnomalari va axborotini olish imkoniyatini beruvchi fuqarolik holati yagona elektron arxivini shakllantirishga qaratilgan innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish;

beshinchi – fuqarolik holati yuridik faktlarini aniqlash va ularni o‘z vaqtida qayd etish borasida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishni amalga oshiruvchi organlar mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, vasiylik va homiylik, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ta'lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilish;

oltinchi – mazkur sohada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish orqali, jumladan, olis joylardagi aholi punktlariga chiqqan holda (“mobil davlat xizmatlari”) davlat xizmatlari ko‘rsatishning maqbul va qulay uslublarini ishlatish;

yettinchi – FHDYo organlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qulaylikni va shaffoflikni ta'minlash, xodimlar tomonidan kasb etikasi qoidalari va funksional vazifalarga amal qilish, fuqarolik holati dalolatnomalarini sifatli va tezkor qayd etish, davlat boji va boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va undirilishi ustidan nazoratning yangi shakllarini, jumladan, masofaviy nazoratni joriy etish;

sakkizinchi – aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirishni nazarda tutgan holda davlat boji stavkalarini, gerb yig‘imlarini va FHDYo organlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmat tariflarini optimallashtirish.

Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 13 apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5415-son Farmoniga asosan 2018 yil 1 iyuldan boshlab FHDYo organlarining huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta'minlash, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish, FHDYoning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDYo organlari tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari tasarrufiga o‘tkazilganligi bildirilgan.

Majburiyatlarni muvofiq taqsimlash va javobgarlik sohalariga asosan:

tumanlar (shaharlar) hokimlari FHDYo bo‘limlari va nikoh uylari (keyingi o‘rinlarda – FHDYo bo‘limlari) faoliyati, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish ustidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;

tumanlar (shaharlar) hokimlarining o‘rinbosarlari – tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalari raislari oilani mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish, tug‘ilish va nikohni o‘z vaqtida qayd etish, targ‘ibot va ma'rifat bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishga shaxsan mas'ul hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining direktori FHDYo bo‘limlarida huquqni qo‘llash amaliyotini samarali muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta'minlash, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini texnik ta'minlash va yuritish, shuningdek, FHDYo arxivlariga rahbarlik qilishga mas'ul hisoblanadi;

tumanlar (shaharlar) FHDYo bo‘limlari mudirlari qayd qilinayotgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining qonuniyligi uchun shaxsan mas'ul hisoblanadi.

2018 yilning 1 iyulidan:

nikoh shartnomasini va aliment to‘lash haqida kelishuvni notarial tasdiqlaganlik;

sudlar tomonidan otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganligi, shuningdek, tug‘ilgan vaqti faktlarini aniqlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rganlik uchun davlat boji undirilishi bekor qilinadi.

FHDYo organlarini, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarini va fuqarolar yig‘inlarini qat'iy hisobda turuvchi gerbli guvohnomalar blankalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ta'minlashning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2018 yilning 1 iyulidan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining maxsus g‘aznachilik hisobvarag‘iga gerb yig‘imidan tushadigan mablag‘larning 40 foizi, shuningdek, FHDYo bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining maxsus tashkil qilinadigan g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi va faqat FHDYo bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tadbirlari, xodimlarining uzoq muddat xizmat qilgani uchun ish haqiga ustama haq to‘lash va martaba darajalari uchun qo‘shimchalariga, shuningdek, ularni moddiy rag‘batlantirishga (lavozim maoshining va mukofotlarning 100 foizi miqdorigacha shaxsiy ustamalar) ishlatiladi;

maxsus tashkil qilinadigan g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlariga yo‘naltirilgan mablag‘lardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

2019 yilning 1 yanvaridan boshlab FHDYo organlari bilan tug‘ilish

va o‘lim to‘g‘risida elektron ma'lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, tug‘ilish va o‘lim haqida yagona noyob kodli unifikatsiyalangan elektron ma'lumotnoma berishning yagona tartibini joriy qiladi;

2019 yil 1 yanvarga qadar fertil yoshidagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug‘ilguniga qadar hisobini olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish hamda uni “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilishni ta'minlaydi.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2018 yil 1 iyulga qadar FHDYo bo‘limlari tomonidan foydalanilayotgan bino va inshootlar qismini hamda ularga tegishli jihozlar, inventarlar, hujjatlar va boshqa mulklarning belgilangan tartibda tumanlar (shaharlar) hokimliklariga berilishini ta'minlaydi;

FHDYo organlari tomonidan foydalanilayotgan bino va inshootlarning bir qismi o‘z maqsadlarida foydalanish uchun adliya organlarida saqlanib qolinadi;

tumanlar (shaharlar) hokimiyatlariga berilgan FHDYo bo‘limlarining bino va inshootlaridan keyinchalik boshqa maqsadlarda foydalanish hamda ularni begonalashtirishga faqat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan kelishilgan holda ruxsat beriladi.

Qayd etilmagan tug‘ilganlik, o‘lim holatlarini aniqlash va keyinchalik ularni FHDYo organlarida qayd etilishini ta'minlash bo‘yicha tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligida namunaviy tarkibda hududiy komissiyalar tashkil etiladi.

Hududiy komissiyalar:

2019 yilning 1 iyuliga qadar qayd etilmagan tug‘ilganlik, o‘lim holatlarini aniqlash nuqtai nazaridan to‘liq xatlovdan o‘tkazsin, uning natijasida tug‘ilganlik, o‘lim holatlarining qonun hujjatlariga muvofiq manzilli qayd etilishini ta'minlaydi;

o‘z faoliyatida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi mavjud bo‘lmagan bolalarni aniqlashga alohida e'tibor qilsin, bunda “Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas” va “Tug‘ilganlikni qayd etilishi – bola huquqlarini ro‘yobga chiqarilishining va fuqarolik bo‘lmasligini oldini olishning huquqiy asosidir” degan ezgu g‘oyalarga amal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi:

keyinchalik “Yagona elektron FHDYo arxivi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish uchun FHDYo organlarida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazilishini, yagona elektron FHDYo arxiv fondi shakllantirishni 2022 yil 1 yanvarga qadar tugatadi;

dalolatnomalar yozuvlari ma'lumotlarini “Yagona elektron FHDYo arxivi” axborot tizimiga kiritish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun yuridik shaxslar bilan pudrat shartnomalarini tuzadi;

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2018 yilning 1 sentabridan davlat boji, gerb yig‘imlari va boshqa to‘lovlarni to‘lashda elektron to‘lovlar (billing) mexanizmni to‘laqonli joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 yanvaridan bola tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma qayd etilishida chaqaloqlarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami berilishini amaliyotga joriy etadi.

2021 yilning 1 iyuliga qadar muddatda fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish, idoralararo elektron hamkorlik tizimini yaratish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan skaner qilish qurilmalari, server va boshqa jihozlar hamda ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Mavzuga oid