13:38 / 01.11.2018
6149

2017-2018 yillarda asosiy iste'mol tovarlari o‘rtacha narxlari qanchalik o‘zgardi?

Foto: Flickr

Davlat raqobat qo‘mitasi respublika ichki bozorlarida asosiy iste'mol tovarlari o‘rtacha narxlarining 2017-2018 yillardagi o‘zgarishi to‘g‘risida solishtirma ma'lumotni taqdim etdi.

Ma'lumotga ko‘ra, turg‘un savdo shoxobchalarida shu yilning 30 oktabr holatiga qolipli non (500-600 gr) narxi 1060 so‘mni tashkil etgan. 2017 yilning oktabrida xuddi shunday non narxi 650 so‘mga teng bo‘lgan.

Xorijdan keltirilgan oliy navli unning bir kilogrammi o‘tgan yil oktabrida 3435 so‘m bo‘lsa, o‘tgan oyda 3325 so‘mni tashkil etgan. Arzonlashish tendensiyasi 1-navli import un misolida ham kuzatilgan – 2017 yil oktabrda bunday unning bir kilogrammi 2925 so‘m, shu yil oktabrda esa 2825 so‘mga teng bo‘lgan. Aksincha, 1-navli mahalliy un narxi qimmatlashgan – bir kilogrammi 1750 so‘m (2017 yil oktabrda 1050 so‘m).

Xorijdan keltiriladigan o‘simlik yog‘i (2017 yilda bir litri 10680 so‘m, shu yil oktabrda 10430 so‘m), shakar (5250 so‘mdan 4860 so‘mga) ham arzonlashgan.

Ma'lumotda keltirilishicha, iste'mol bozorlarida o‘tgan oyda bir dona tuxum narxi 590 so‘m bo‘lgan (2017 yil oktabrda 500 so‘m). 

Guruch esa o‘tgan yilning oktabriga nisbatan roppa-rosa ikki baravarga qimmatlashib, bir kilogrammi 7250 so‘mni tashkil qilgan.

Mol va qo‘y go‘shtlari 2017 yil oktabrda mos ravishda bir kilogrammi 28900 va 29600 so‘mga teng bo‘lgan, o‘tgan oyda esa 36700 va 37250 so‘mni tashkil etgan.

Tovuq go‘shti esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan arzonlashgan – bir kilogrammi 16430 so‘m (2017 yil oktabrda 18750 so‘m).

Kartoshka (3000 so‘m), piyoz (1875 so‘m) arzonlashgan bo‘lsa - mos ravishda 2380 so‘m va 1015 so‘m, sabzi 1600 so‘mdan 2065 so‘mga, pomidor 1580 so‘mdan 4450 so‘mga qimmatlashgan.

Mavzuga oid
Top