16:49 / 29.06.2019
6459

Toshkent viloyatida maktablarning qalbaki uskunalar bilan taminlanishi oldi olindi

Xalq ta'limi muassasalariga qo‘lbola yasalgan, yaroqsiz gaz payvandlash uskunalari sotilishiga chek qo‘yildi, shuningdek badiiy adabiyotlar to‘liq yetkazib berilmagani fosh etildi, deb yozadi Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi tuman, shahar xalq ta'limi bo‘limlarining maxsus ta'mirlash-ekspluatatsiya xizmatlarini asbob-uskunalar bilan ta'minlash niqobi ostida boshqarma boshlig‘i Sh.B., bosh hisobchi A.A., ta'minotchi “O‘S“ mas'uliyati cheklangan jamiyat rahbari K.B. bilan o‘z mansab lavozimini suiiste'mol qilish yo‘li bilan boylik orttirish maqsadida til biriktirgan.

Bu kelishuvga asosan ta'minotchi 38 komplekt 103 968 000 so‘mlik sertifikatga ega gaz payvandlash uskunalari o‘rniga muqaddam ishlatilgan, sertifikatsiz, qo‘lda yasalib bo‘yalgan, sifatsiz va yaroqsiz, hayot uchun xavfli (qo‘lbola) gaz payvandlash uskunalarni yetkazib berganligi, o‘z navbatida bu uskunalar tuman xalq ta'limi bo‘limlariga hujjatlarsiz tarqatilib yuborilganligi xalq ta'limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati xodimlari tomonidan aniqlanib, inson hayoti va xavfsizligiga xavf soluvchi uskunalar xalq ta'limi bo‘limlaridan qaytarib olindi. Shu bilan birga, yetkazib beruvchidan natura shaklida 103 968 000 so‘mlik 38 komplekt yangi gaz payvandlash uskunalarini boshqarmaga yetkazib berilishi ta'minlanib, muqaddam ishlatilgan sifatsiz va yaroqsiz (qo‘lbola) gaz payvandlash uskunalarining xalq ta'limi muassasalariga sotilishiga chek qo‘yildi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Shuningdek, huquqiy-nazorat xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Sh. B., bosh hisobchi A.A. va “MDP” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari O.X. o‘z mansab lavozimini suiiste'mol qilib, o‘zaro til biriktirgan holda O‘rtachirchiq tuman xalq ta'limi bo‘limi axborot-resurs markazining kutubxona fondiga 25 006 000 so‘mlik 3562 dona badiiy adabiyotlarni yetkazib berilishida 8 184 000 so‘mlik badiiy adabiyotlarni kamomadiga yo‘l qo‘yilganligi fosh etildi. O‘rganish natijalaridan so‘ng, ta'minotchi tomonidan yetkazib berilmagan 1028 dona 8 184 000 so‘mlik badiiy adabiyotlar kamomadidan 563 dona 4 175 000 so‘mlik badiiy adabiyotlar natura shaklida O‘rtachirchiq tuman xalq ta'limi bo‘limi axborot resurs markazining kutubxona fondiga yetkazilishi ta'minlandi.

Har ikki holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Top