12:46 / 16.08.2019
4819

Tramp otishmalar muammosini ruhiy kasalliklar shifoxonalari qurish bilan hal qilishni taklif qildi

Foto: REUTERS

Butun AQSh bo‘ylab yangi ruhiy kasalliklar shifoxonalarini qurish mamlakatda qurol qo‘llash bilan sodir etilayotgan zo‘ravonliklarni yengishga yordam beradi. Bunday fikrni AQSh prezidenti Donald Tramp bildirdi.

“To‘pponcha emas, uni ushlab turgan odam tepkini bosadi”, deb aytgan Tramp Nyu-Gempshirda saylovchilar bilan o‘tgan namoyishda.

U mamlakatda ruhiy kasalliklar shifoxonalari sonini oshirish haqida “jiddiy o‘ylab ko‘rishga” va'da bergan. Prezidentning fikricha, “ruhiy nosog‘lom va xavfli odamlarni ular borasida qattiq xavotirlanmaslik uchun ko‘chalardan olib tashlash lozim”.

“Bu katta muammo. Jiddiy nosog‘lom odamlar bor va ular ko‘chalarda yurishadi”, deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

Shu bilan birga AQSh prezidenti saylovchilarga AQSh konstitutsiyasiga 2-tuzatma bilan kafolatlangan ularning o‘zini himoya qilish huquqlarini doim qo‘llab-quvvatlashga va'da bergan. “Biz yaxshi, boobro‘, qonunga amal qiluvchi fuqarolar o‘zlarini himoyalashlari qiyinroq bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, deb aytgan Tramp. 

Avgust boshida AQShning Deyton va El-Paso shaharlarida sodir etilgan otishmalarda 32 kishi halok bo‘lgandi.

Keyinroq Tramp kongressmenlarni qurol savdosi haqidagi qonunni qat'iylashtirishga chaqirgan. Shu bilan birga, u AQSh fuqarolariga avtomatik shturm miltiqlariga egalik qilishni taqiqlash g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanmasligini ta'kidlagan. 

Top