22:05 / 12.12.2019
0
8644

Boris Jonson jurnalistlardan qochib sovitish kamerasiga kirib ketdi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson jurnalistlardan qochib sovitish kamerasiga kirib ketdi. U shunday tarzda jurnalistning noqulay savoliga javob berishdan qochdi, deb xabar berdi The Daily Mirror nashri.

Voqea Good Morning, Britain (Xayrli tong, Britaniya) tok-shousi suratga olish guruhi Jonsonning Lidsdagi sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaga kelishini poylayotganda yuz bergan.

Bosh vazir kelganda tok-shou jurnalisti uning yoniga kelib, undan studiyaga mehmon sifatida qachon kelishi haqida so‘ragan.

Oddiygina ko‘ringan ushbu savoldan Jonson biroz gangib, “uni bir soniya kutib turishni” aytgan va o‘z yordamchilari bilan birga sovitish kamerasi ichiga kirib ketgan. Buni jonli efirda kuzatib o‘tirgan tok-shou boshlovchilari bosh vazir yordamchilaridan biri jurnalistlarni ko‘rganda so‘kinganini payqab qolishgan. Dastur boshlovchilaridan biri Pirs Morgan ushbu holatdan taajjub bildirgan va Jonsonni 25 yildan beri bilishini va u bilan ushbu holatda nima yuz berganini tushunmayotganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, avval Jonsondan intervyu olishda bunday muammolar bo‘lmagan. 

Jonson ushbu tok-shouga 2 oycha avval ham chaqirilgan. Bosh vazir o‘shanda imkon topishi bilan dasturga kelishini aytgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top