Jahon | 09:24 / 08.04.2023
5354
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya o‘ldirilgan jurnalistlar soni bo‘yicha Yevropada yetakchilik qilyapti

Rossiyada matbuot erkinligiga tizimli hujumlar 2001 yildan beri kuchaydi, deya xabar beradi «Chegara bilmas muxbirlar». Huquq himoyachilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini ommaviy axborot vositalari xodimlari orasida qurbonlar soni ko‘pligi sabablaridan biri deb atagan.

Foto: Anadolu agency

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro inson huquqlari tashkilotining 7 aprel, juma kuni e’lon qilingan hisobotida aytilishicha, Rossiya o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida yoki kasbiy faoliyati tufayli halok bo‘lgan jurnalistlar soni bo‘yicha Yevropada yetakchi bo‘lib qolmoqda.

Hujjatda qayd etilganidek, Rossiyada 2001 yildayoq matbuot erkinligiga tizimli hujumlar kuchaygan, bu mamlakatda kamida 37 nafar OAV xodimlari zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, jumladan, 2006 yil 7 oktyabrda o‘ldirilgan Anna Politkovskaya ham.

Huquq himoyachilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini Ukrainada jurnalistlar orasida qurbonlar soni ko‘p bo‘lishi sabablaridan biri deb atadi. Bu yerda so‘nggi yigirma yil ichida 20 nafar ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan sakkiz nafari Rossiya bosqini boshlanganidan keyin o‘ldirilgan.

Umuman olganda, so‘nggi 20 yil davomida dunyo bo‘ylab 1657 nafar jurnalist o‘z kasbiy faoliyati tufayli halok bo‘ldi – ular qotillik, buyurtma qotillik, qaynoq nuqtalarda hujum qurboni bo‘ldi yoki og‘ir jarohatlar natijasida halok bo‘ldi. O‘ldirilgan jurnalistlar soni bo‘yicha yetakchi Iroq (300 kishi). Ikkinchi o‘rinda Suriya (280), Afg‘oniston, Yaman, Falastin va Somali uchinchi o‘rinda turadi.

Mavzuga oid