11:43 / 19.12.2019
0
13916

MTRKga davlat budjetidan 420 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratilganiga izoh berildi

Foto: mtrk.uz

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining «Zarafshon» zali Media hall’ida «Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» munozara klubining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

«O‘zbekistonda keng ko‘lamli o‘zgarishlar sharoitida fuqarolik jamiyatining rivojlanishi» mavzusidagi tadbirda Prezident xalq qabulxonalari - hokimiyat va xalq o‘rtasidagi muloqot vositasi ekani, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari va mexanizmlari, OAV sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda OAV roli, so‘z erkinligini ta'minlash kafolati omili sifatida blogosferani rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashilmoqda.

Tadbirda mas'ul shaxslarga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar haqida savol berildi. Xususan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga 2020 yilda davlat budjetidan 420 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratilganiga izoh so‘raldi.

«MTRKga ajratilgan mablag‘ biz bilan kelishilgan holda bo‘lmaydi. Buni Moliya vazirligi bilan MTRKning o‘zi hal qiladi. Albatta, 400 mlrd so‘m juda ko‘p mablag‘. MTRKga buncha mablag‘ nega ajratilayotgani menga ham qiziq bo‘ldi. Biz jamoatchilik nazorati, ochiqlik haqida gapiryapmiz. Mablag‘lar nimaga sarflanganini nazorat qilib turish lozim», - deydi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev bunga izoh berdi. 

«Ma'lumki, o‘tgan yildan boshlab televideniye ko‘rsatuvlarini efirga uzatishda raqamli texnologiyaga o‘tildi. Televideniyeda ajratilayotgan bu pullarning katta qismi radiosignallarni uzatish markaziga o‘tkaziladi. Bu telekanallarning o‘ziga emas, aynan MTRKga raqamli formatda efirga uzatish uchun», - deydi Ilhom Abdullayev.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top