21:20 / 27.02.2020
13
29912

«Xotirjamlikka berilmaslik kerak». Vazir koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi

Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan videoselektorda koronavirus infeksiyasi oldini olish bo‘yicha qat'iy choralar belgilab berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida yangi turdagi koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat va kasallik tarqalishining oldini olish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, unda vazirlikning markaziy apparati mas'ullari, respublika davolash muassasalari rahbarlari, oliy tibbiy ta'lim o‘quv yurtlari rektorlari va vazirlikning xududlardagi quyi tizim mutaxassislari bilan birga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi  vakillari ham ishtirok etishdi.

«Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov rahbarligida o‘tkazilgan mazkur videoselektorda dunyodagi ana shunday murakkab epidemik vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, prezidentimizning shu yil 29 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoyishida ko‘zda tutilgan vazifalar tahlil qilindi. Koronavirus infeksiyasini oldini olish bo‘yicha profilaktik va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari bo‘yicha mavjud masala  va amalga oshirilishi dolzarb bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida, davlat chegaralarida 53ta sanitariya-karantin punktlari (SKP) xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu SKPlarida boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas'ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Yurtimizga koronavirusni aniqlash bo‘yicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zaxirasi yaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi», deyiladi xabarda.

Shu yilning 15 yanvaridan 26 fevraligacha bo‘lgan muddatda Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan 5 022 nafar fuqaro ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 14 kunlik tibbiy kuzatuv davri yakunlangan. Hozirgacha mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati qayd etilmagan.

«Ammo bundan xotirjamlikka berilmaslik kerak. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo‘llarda tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularga davlat tomonidan qo‘yilayotgan talab, tavsiyalarni o‘z vaqtida yetkazish, tibbiy-patronaj xizmatini yanada yaxshilash yuzasidan mas'ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Ayniqsa, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni to‘liq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalar yana bir bor qat'iy ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, xorijdan kelgan fuqarolar orasida tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanganda, ularning barchasini koronavirus kasalligiga maxsus laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga, shuningdek, kasallikning tarqalishi oldini olish va izolyatsiya qilish maqsadida, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan harorati yuqori bo‘lgan bemorlarga uyida tibbiy yordam ko‘rsatilishiga alohida e'tibor qaratilishi ta'kidlab o‘tildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, jahonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 82 ming nafardan oshdi, 2800dan ortiq o‘lim holati ro‘yxatga olingan. Hozirgacha Xitoydan tashqari ushbu infeksiya 47ta davlatda aniqlandi. Dunyoda epidemik vaziyat kun sayin o‘zgarib, kasallik shiddat bilan boshqa davlatlarga ham tez tarqalmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top