17:15 / 23.08.2020
10292

O‘z darvozasiga gol urishdan to‘xtamayotgan «Surxon», «Buxoro»ning 9 oy kutgan g‘alabasi va penaltilar mojarosi. Superliga tur sarhisobi

Uch kun davomida o‘tkazilgan Superliga 11-turiga shanba kungi o‘yinlar bilan yakun yasaldi. Tribuna.uz o‘yinlarni sarhisob qilib, 11-turning asosiy voqealarini saraladi.

Hafta o‘yini

«So‘g‘diyona» - «Bunyodkor» o‘yinida 6ta gol kiritildi

Superliga 11-turi doirasidagi eng jangovar o‘yin Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida kuzatildi. Turga start bergan «So‘g‘diyona» - «Bunyodkor» o‘yinida jami 6ta gol kiritildi. Uchrashuvdagi hisobni Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari ochishdi. Javohir Qahramonov golga muallif qilgan bo‘lsa, oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas Nurillo To‘xtasinov muvozanatni tikladi. 39-daqiqada Norxonov Jizzax jamoasini yana hisobda oldinga chiqargan bo‘lsa, 47-daqiqada Vadim Abramovning Koreyadan qaytgan shogirdi Xurshid G‘iyosov yana hisobni tenglashtirdi. Oradan 5 daqiqa o‘tib, bu safar toshkentliklar hisobda oldinga chiqishdi – Lutfulla To‘reav «Bunyodkor»ning uchinchi golini kiritdi – 2:3.

77-daqiqada esa katta sahnaga maydondagi uchinchi jamoa – hakamlar brigadasi chiqishdi. Tortishuvlarga sabab bo‘lgan penaltini Norxonov golga aylantirib, o‘yinda jangovar durangni qayd etdi – 3:3.

Tur qahramoni

Cheran sobiq jamoasi «Nasaf»ni ayamadi

Turning markaziy o‘yini «Paxtakor» va «Nasaf» o‘rtasida kuzatildi. Gollarga boy o‘tgan bahsda Shota Arveladze jamoasi Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Uchrashuvda poytaxtliklar yetakchisi Dragan Cheranni to‘xtatib bo‘lmadi. Chernogoriyalik forvard het-trikini rasmiylashtirib, 11ta gol bilan Superliganing yaqqol goleadoriga aylandi. Qizig‘i, shu kuni o‘yinda kiritilgan 5ta golning 4tasiga «Nasaf» jamoasining sobiq futbolchilari mualliflik qilishdi.

Tur murabbiyi

Dilyaver Vaniyev Andrey Kanchelskisni mag‘lub etdi

Turning eng kutilmagan natijasi «Navbahor» va «Mash'al» (0:1) o‘rtasidagi o‘yinda kuzatildi. Andrey Kanchelskis qo‘l ostidagi kuchli tarkibga ega «Navbahor» jamoasi o‘tgan mavsum murabbiylikni boshlagan Dilyaver Vaniyev boshqaruvidagi chempionat debyutanti «Mash'al»ga yutqazib qo‘ydi. Yosh himoyachi Samandar Shukurullayev Igor Golban boshchiligidagi namanganliklar himoya chizig‘ini dog‘da qoldirib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. O‘yin jihatdan ham Vaniyevning yosh jamoasi Kanchelskisning nomdor tarkibidan ko‘ra mazmunli o‘yin namoyish etdi. Bu esa Vaniyevni tur murabbiy sifatida e'tirof etilishiga loyiq.

Hafta debyutanti

«Lokomotiv»da iste'fo va yangi murabbiy

O‘zbekistonning 3 karra chempion jamoasi «Lokomotiv» bu yil so‘nggi 10 yillikdagi eng yomon natijasini ko‘rsatmoqda. «Temiryo‘lchilar» so‘nggi ikki o‘yinda «Mash'al» va OKMKga mag‘lub bo‘lishgach, klub rahbariyati 20 avgust kuni Andrey Fyodorovni iste'foga chiqarganligini e'lon qildi.

21 avgust kuni esa tajribali mutaxassis Dilshod Nuraliyev bosh murabbiy sifatida e'lon qilinib, «Qo‘qon-1912»ga qarshi bahs yangi murabbiy uchun debyutga aylandi. Biroq Nuraliyevning ham debyuti omadsiz bo‘ldi – «Loko» ketma-ket 3-mag‘lubiyatni qarshi oldi.

Tur omadsizi

O‘z darvozasiga gol urishdan to‘xtamayotgan «Surxon»

Termizning «Surxon» klubi Superliganing so‘nggi ikki o‘yinida g‘alati va kulguli gollar bilan barchaning e'tiborini tortmoqda. Ravshan Haydarov qo‘l ostidagi jamoa 10-turda «Navbahor» bilan bahsda g‘alaba qozona turib, Asror G‘ofurovning o‘z darvozasiga kiritgan chiroyli avtogoli bilan g‘alabani qo‘ldan boy bergan bo‘lsa, 11-turda bu mavsum hali g‘alaba qozona olmagan «Buxoro»ga qarshi bahsda «Surxon» o‘z darvozasini ishg‘ol etib, buxoroliklarga g‘alabani «sovg‘a» qildi. Bu safar Husniddin G‘ofurovning oddiy uzatmasini termizliklar darvozaboni Asilbek Amonov g‘alati va kulguli tarzda o‘z darvozasiga o‘tkazib yubordi...

Tur voqeasi

«Buxoro» «Surxon» futbolchisining goli evaziga mavsumdagi ilk g‘alabasiga erishdi

Superliganing eng omadsiz klubi bo‘lib turgan «Buxoro» jamoasi nihoyat mavsumdagi ilk g‘alabasini tantana qildi. So‘nggi marta 2019 yilning 30 noyabr kuni Superliga oxirgi turida OKMK ustidan shubhali penalti evaziga g‘alaba qozonib (2:1), ligada qolgan «Buxoro» jamoasi oradan 9 oy o‘tib, Superligada g‘alaba ta'mini tatib ko‘rdi.

Qizig‘i, shunda ham «Buxoro» - «Surxon» (1:0) o‘yinida termizliklar himoyachisi Husniddin G‘ofurovning uzatmasini darvozabon Asilbek Amonov to‘xtata olmadi va ushbu avtogol Jamshid Saidov murabbiyligidagi Buxoro jamoasiga ilk g‘alabani taqdim etdi.

Natijada, Superligada haligacha g‘alaba nimaligini bilmayotgan bitta klub qoldi - «Andijon».

Tur mojarosi

Sherzod Qosimov – yana katta sahnada...

Tur o‘yiniga aylangan «So‘g‘diyona» va «Bunyodkor» (3:3) o‘rtasidagi bahsda afsuski, ikki jamoa o‘yini natijasiga maydondagi uchinchi jamoa ham ta'sir o‘tkazmay qolmadi. Bu safar ham bosh hakam Sherzod Qosimov katta sahnaga chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda jizzaxliklar himoyachisi Elyor Oripovning «Bunyodkor» futbolchisiga ishlatgan yaqqol qo‘polligini ko‘rmagan Qosimov, ushbu vaziyatga penalti bermay, 77-daqiqada «So‘g‘diyona»ning hujumi vaqtida to‘p «Bunyodkor» futbolchisining qo‘liga tegdi deya hisoblab, shubhali bo‘lgan 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Natijada Vadim «Bunyodkor» g‘alabani boy berdi, «So‘g‘diyona» esa mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.

Vaziyatlarga o‘zingiz baho bering:

Tur goli

Grigalashvilidan aylanma gol

Superliga 11-turida bir qator chiroyli gollar kiritildi. Jumladan, «Andijon» - OKMK (1:3) o‘yinida Grigalashvili va Tursunov, «Metallurg» - «Qizilqum» (0:2) o‘yinida Qilichev va Sanoyev, «Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» (1:2) uchrashuvida Norbekov va Hasanov chiroyli zarbalar muallifiga aylanishdi.

Tur gollari orasida OKMK futbolchisi Elguja Grigalashvilining ijrosi mukammalligi va o‘yinda burilish yasay olgani bilan ham jozibaliroq ko‘rindi hamda turning eng chiroyli goli sifatida e'tirofga munosib deb topildi.

Tur qahramonlari: Nesterovdan Cherangacha

Tribuna.uz o‘z an'anasiga ko‘ra, tur yakunlariga binoan ramziy jamoani tuzdi. Bu safargi hafta jamoasidan 8 jamoa futbolchilari joy olishgan.

Superliga 11-tur ramziy jamoasi:

Darvozabon: Ignatiy Nesterov (Qizilqum)

Himoyachilar: Samandar Shukurullayev (Mash'al), Vladislav Kasminin (Qizilqum), Solibek Karimov (Buxoro)

Yarimhimoyachilar: Alisher Sanoyev (Qizilqum), Muhammadanas Hasanov (Qo‘qon-1912), Elguja Grigalashvili (OKMK), Sanjar Tursunov (OKMK), Xurshid G‘iyosov (Bunyodkor).

Hujumchilar: Dragan Cheran (Paxtakor), Shohruz Norxonov (So‘g‘diyona).

Superliga. 11-tur natijalari.
20 avgust, payshanba

SO‘G‘DIYoNA – BUNYoDKOR 3:3

Gollar: Javohir Qahramonov, 34 (1:0), Nurillo To‘xtasinov, 35 (1:1), Shoxruz Norxonov, 39 (2:1), Xurshid G‘iyosov, 47 (2:2), Lutfulla To‘rayev, 52 (2:3), Shoxruz Norxonov, 77 penaltidan (3:3).

21 avgust, juma

PAXTAKOR – NASAF 4:1

Gollar: Dragan Cheran, 32 penalti (1:0), Dragan Cheran 53, (2:0), Igor Sergeyev, 65 penalti (3:0), Dragan Cheran, 67 (4:0) - Sherzod A'zamov, 68 avtogol (4:1).

LOKOMOTIV – QO‘QON-1912 – 1:2

Gollar: Temurxo‘ja Abduxoliqov, 75 (1:0), Shohnazar Norbekov, 80 (1:1), Muhammadanas Hasanov, 86 (1:2)

ANDIJON — OKMK 1:3

Gollar: Jamshid Hasanov, 51 penaltidan (1:0), Elguja Grigalashvili, 62 (1:1), Sanjar Tursunov, 74 (1:2), Mate Vatsadze, 79 (1:3)

22 avgust, shanba

NAVBAHOR – MASh'AL 0:1

Gol: Samandar Shukurullayev, 18.

BUXORO – SURXON 1:0

Gol: Husniddin G‘ofurov, 32 avtogol.

MeTALLURG – QIZILQUM 1:2

Gollar: Oybek Qilichev, 7 (0:1), Alisher Sanoyev, 15 (0:2), Ixtiyor Toshpo‘latov, 90+4 (1:2).

Anons. Superliga 12-tur.
24 avgust, dushanba

QO‘QON-1912 – ANDIJON

PAXTAKOR – LOKOMOTIV

NASAF – BUNYoDKOR

25 avgust, seshanba

QIZILQUM – SO‘G‘DIYoNA

OKMK – NAVBAHOR

SURXON – MeTALLURG

26 avgust, chorshanba

MASh'AL – BUXORO.

Mavzu
Superliga
8 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining yangi mavsumiga - Superliga-2019 turniriga start berildi
Barchasi
Mavzuga oid
Top