Bunga sabab Yevropa sudi qarori: unga ko‘ra Superliga masalasida klublarga bosim o‘tkazgan UYeFA va FIFA harakatlari noqonuniy deb topildi. Birdaniga bu xabar ortidan Florentino Peres va boshqa shaxslarning balandparvoz bayonotlari, go‘yoki UYeFA monopoliyasiga chek qo‘yilgani haqidagi ishonchli gaplar va hatto Superliga musobaqasining formatidan tortib taxminiy sanalarigacha e’loni qilinishi ko‘pchilikni esankiratib qo‘ygani tabiiy. Nima bo‘lyapti?

Biroz o‘tib hammasi ancha murakkab ekani oydinlashdi, birin-ketin klublar avvalgi pozitsiyasini eslatib, bu loyihadan tashqarida ekani haqida rasmiy bayonot bera boshladi. Axborot oqimi shu qadar ko‘pki, voqeaning asl jiddiyati va qamrovi haqida noto‘g‘ri taassurotlar juda ko‘p. Keling, oydinlashtiramiz, aslida nima bo‘ldi va kelajakda nima kutilmoqda?

Ibtido

Bu loyiha aynan qanday g‘oyalar asosida paydo bo‘lgani va uning asosiy mazmuni ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Anchadan beri UYeFA va yirik klublar, nafaqat klublar, balki milliy jamoalar o‘rtasida ziddiyatlar mavjud. Bu turli fikrlilik zamirida prioritetlar va tabiiyki, moliyaviy taqsimotlar yotadi.

Sodda qilib aytganda, UYeFA egidasi ostida o‘tadigan musobaqalar, ayniqsa, Chempionlar Ligasi kabi yirik turnirlar asosan yirik klublarning sharofati bilan bu qadar jozibador ekan, asosiy so‘z haqqi ham, kattaroq moliyaviy ulushlar ham aynan top-klublar foydasiga hal etilishi kerakligi talab qilinadi. UYeFA esa aksincha, aynan Chempionlar Ligasi kabi qiziqarli va tomoshabop turnir sababli klublar o‘z brendlarini ilgari surish, ko‘proq foyda olishga muvaffaq bo‘lyaptimi, demak, yakuniy so‘z aynan tashkilotda bo‘lishi kerakligi borasida qat’iy turadi.

Shuningdek, Yevropa va JCh saralashlari, YeChL guruh bosqichi top-klublar uchun ham sport nuqtayi nazaridan, ham match-dey daromadlari nuqtayi nazaridan samarali emas, deb ham hisoblab kelinadi. «Bavariya»ning shartli «Astana» bilan yoki Parij yulduzlarining andorralik yarimprofessionallar bilan o‘ynashga majbur bo‘lishidan hech qanday naf yo‘q, aksincha, bu millionlab pul sarflangan aktivlar bo‘lmish futbolchilarning jarohatlanish riskini ham oshiradi. Kichik jamoalar katta o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish sharoitida daromadini oshirsa, katta klublar nokerak o‘yinlar tufayli yo‘qotishlarga uchrab boradi.

Yana bir paradoks shundaki, aytaylik, «Feyyenord» yoki «Bazel» kabi klublar aynan «Real» yoki «Manchester Siti» bilan turnirlarda ishtirok etib, yaxshigina daromad olishlari natijasida moliyaviy mustaqilligi ortib boradi va aynan o‘sha «Real» xaridor bo‘lgan o‘z futbolchisiga bemalol baland narx qo‘ya oladi. Ya’ni qisman «Real»ning o‘zi boyitgan klub «Real»dan transfer uchun ko‘proq pul talab qilishni boshlaydi. Top-klublarning davomli e’tirozlari va qandaydir o‘zgarishni amalga oshirish istagi aksariyat hollarda UYeFA tomonidan tinglanmadi. Qisman Millatlar Ligasi turniri tashkil etilishi qaysidir ma’noda federatsiyalarga qo‘shimcha daromad manbayi sifatida ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, aytish mumkinki, loyiha u qadar ishonchni oqlamadi. Ayniqsa, pandemiya sharoiti hatto eng boy klublarni ham ma’lum vaqt sport natijalaridan ham ko‘ra moliya haqida qayg‘urishga majbur qilib qo‘ydi.