00:10 / 05.11.2020
8892

Tramp shtabi Viskonsinda ovozlar qayta hisoblanishini talab qildi

AQSh prezidenti Donald Trampning saylov shtabi prezident saylovlarida g‘alaba qozonish uchun muhim shtatlardan biri hisoblangan Viskonsinda ovozlar qayta hisoblanishini talab qilmoqda. Ushbu shtatda ayni vaqtda Trampning raqibi Jo Bayden 49,6 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. 

Trampga esa ushbu shtatda 49 foiz ovoz berilgan. Biroq Baydenning ushbu shtatda g‘alaba qozongani hali e'lon qilinmagan. 

“Prezident Tramp  ovozlar qayta hisoblanishi uchun yetarlicha asosni ko‘rmoqda va biz darhol buni amalga oshiramiz”, deb ma'lum qilgan Tramp shtabi tvitterda.

Avvalroq tahlilchilar Viskonsin (10 saylovchi) va Michigan (16 saylovchi) shtatlarida g‘alabani Trampga berishayotgan edi. Biroq oxirgi soatlarda vaziyat Bayden foydasiga tubdan o‘zgardi: endi bu shtatlarda u yetakchilik qilmoqda. Tramp Viskonsindagi mag‘lubiyat, biroq Michigandagi g‘alaba bilan ham umumiy g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 270 ovozni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Ammo hozirgi vaziyatda u zarur ovozlarni to‘play olmayapti.  

Trampning o‘zi esa yuqoridagi shtatlarda raqibi pozitsiyasining keskin mustahkamlanganini shubhali deb atagan. U demokratlarni birdaniga bir necha shtatda ovozlarni soxtalashtirishga urinishda ayblamoqda. Amaldagi prezidentning fikricha, uni Pensilvaniyadagi g‘alabadan ham mahrum qilishmoqchi.

“Ular Bayden uchun barcha yerda: Pensilvaniya, Viskonsin, Michiganda ovozlar topishga harakat qilishmoqda. Bu davlatimiz uchun yomon holatdir. Ular Pensilvaniyadagi 500 ming ovozga teng ustunlikni ham bor kuchlari bilan yo‘qqa chiqarishga harakat qilishmoqda. Xuddi Michigan va boshqa yerlardagi kabi!”, deb yozgan Tramp tvitterda.

Top