08:39 / 24.11.2020
9026

Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi

2020 yil 20 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Soliq ma'muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 736-son qarori qabul qilindi.

Foto: Depositphotos

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qarorda soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorlikning raqamli shaklini joriy etish, soliqlar va yig‘imlarni undirishda (to‘lashda) soliq organi va bank tizimi o‘rtasida elektron ma'lumot almashinuvini takomillashtirish choralari tasdiqlandi.
        
Shuningdek, nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini yanada takomillashtirish, davlat boji va boshqa yig‘imlarni undirishning yagona tartibi amaliyotga tatbiq etilmoqda.
        
Yangi qaror bilan davlat soliq xizmati organlari faoliyatiga oid uchta yangi nizom tasdiqlanmoqda. Ular quyidagilar:

  • “Soliq monitoringini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom;
  • “Soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlari bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha soliq organi va bank tizimi o‘rtasida elektron ma'lumot almashish tartibi to‘g‘risida”gi nizom;
  • “Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan undirilgan davlat boji va boshqa yig‘imlarning budjet tizimiga tushumlarini hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 943-sonli qaroriga bir necha o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
        
Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2021 yil 1 martdan amaliyotga kiritiladi.
        
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 24 oktyabrdagi “Umidsiz soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi” 307-son qarori o‘z kuchini yo‘qotdi.

Top