18:12 / 02.04.2021
3593

Moskva sudi Twitter’ni bir kun ichida uch marta jarimaga tortdi

Jarimalarning umumiy miqdori 8,9 mln rublni tashkil etadi.

Foto: imago

Moskvaning Taganskiy sudi Twitter’ni noqonuniy axborotni tizimli ravishda o‘chirmasdan kelgani uchun bir kun ichida uch marta jarimaga tortdi. Bu haqda Moskva sudlari Telegram-kanali xabar berdi.

Jarimalarning umumiy miqdori 8,9 mln rublni tashkil etadi.

Twitter qonunga zid axborotni o‘chirmagani uchun aybdor deb topilib, 2,4 mln rubl jarima to‘lashga hukm qilindi. Sal avvalroq Twitter xuddi o‘sha ayblov bilan 3,2 mln va 3,3 mln rubl jarimaga tortilgandi.

Qayd etilishicha, kompaniyaga jarimalarni to‘lash uchun 60 kun muhlat beriladi.

 10 mart kuni Roskomnadzor Rossiyada Twitter ishlash tezligini pasaytirgandi. Regulyatorning ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoq moderatorlari taqiqlangan kontentni to‘liq o‘chirmayapti. 

Keyinroq Roskomnadzor talablari to‘liq bajarilmagan taqdirda Rossiya hududida 16 apreldan Twitter bloklanishini e'lon qildi.

Mavzuga oid
Top